“Jonim o‘zim uchun kerakligini juda kech angladim” - qo‘rquv va andisha sabab falaj bo‘lib qolgan kelin hikoyasi

Jamiyat 13:42 / 20.05.2023 27892

Qaynona-kelin munosabatidagi kelishmovchiliklar ko‘p hollarda kelin ro‘zg‘or yumushlarini bilmasligidan emas, balki har ikkala tomon muomala sir-asrorlarini o‘rganmaganligidan kelib chiqadi. Qaynonasiga vaqtida yuragini yorolmagan, dardini aytolmagani natijasida kichik darddan katta asoratlar kelib chiqqan, alaloqibat yarimjon bo‘lib qolgan ayollar kam emas. Bugungi qahramonimiz ham ana shunday ayollardan.

“Oilada 3 qiz va 2 o‘g‘il farzand bo‘lganmiz. Onam bilan biz farzandlar o‘rtasida parda bor edi. Ular bizga ayrim narsalarni — er-xotin, oila, qaynona, ovsin munosabati nimaligini o‘rgatmagandi. Ammo uy-ro‘zg‘or ishlari osh-ovqat, non, pishir-kuydir, tozalikni juda yaxshi o‘rgangandik.

Bunda onamni aybdor qilolmayman, chunki onamning onalari, ya’ni buvimiz ozarboyjon qizi bo‘lgan. Onamni turmushga berganlarida otamiz ichkuyov bo‘lib kelgandi. Shuning uchun ham qaynona, ovsin, kelin munosabatlari qanday bo‘lishini onamning o‘zlari ham bilmagan. Men katta qizlari edim. Qudali bo‘lishni ham, o‘zbek urf-odatlarini ham yaxshi bilmaganlar va hech narsa o‘rgatolmaganlar bu borada.

Amakimning qizi bilan bir hovliga, aka-ukalarga kelin bo‘lganmiz. Amakimning qizi oldinroq, 1995 yilda, men 2001 yilda kelin bo‘lganman. Bu vaqtda amakimning qizlari — katta ovsinim o‘zi bosh bo‘lib, qaynonamga aytolmagan, so‘ray olmaganlarimni aytib, so‘rab berardi.

3 o‘g‘il va 3 qiz farzandi bor oilada kelinman. Qaynonam bilan katta qaynakam ro‘zg‘orboshi. Ular nima desa shu. Shunday qilib, oila muhitim, kiyinishim, yeb-ichishim, hammasi o‘zgardi. Kamqonlik, bosh aylanishi, allergiya, sistit... Sinovli kunlar boshlandi.

Ikki yarim yildan keyin birinchi farzandim tug‘ildi. O‘shangacha ona uyimda 1 kun mehmon bo‘lib yotmadim. Ko‘p o‘tmay ikkinchi farzandimga homilador bo‘ldim.

Homilam yetti oylik bo‘lib qolgandi. O‘sha kuni ham kun bo‘yi banka konservaladik va vaqt peshindan o‘tganda menda nimadir oqib, sizib chiqa boshladi. Peshob tutolmay qoldimmi, deb o‘yladim. U suv ketishi ekan, bilmaganman. Aytishga qo‘rqqanman.

Xonamga kirib yotdim, sal qimirlasam yana suv ketardi. Qaynonam xonamizga kirib, “tur, ovqatga qara, kech bo‘lyapti”, dedi. Nima deyishni bilmayman. Uch-to‘rt qayta kirganlaridan keyin uch soatdan beri suv ketayotganini aytdim. Darrov onamnikiga jo‘natishdi. Onam “roddom”ga olib bordi. Borguncha suv tugab bo‘libdi. Ukol qilib tug‘dirib olishdi.

Shunday qilib ikkinchi farzandim tug‘ildi. Yetti oylik bo‘lib tug‘ilgani uchunmi juda kichkina edi. Vazni ham 1 kg 100gr. Uni 11 kun apparatga ulab qo‘yishdi. Bu orada sog‘lig‘imni yo‘qota boshladim. Tug‘uruqdan keyin belimni ko‘tarolmasdim. Muvozanatni saqlab qololmayman, salga turtilsam yiqilaman. Endi yaxshigina davolanish kerak, lekin ruxsat yo‘q. Uydagilarimga davolanish haqida aytishga qo‘rqqanman.

Ayol kishi homilador bo‘lib, to tug‘ib farzandlarini sutdan chiqarguncha yaxshi yeb-ichishi, bolasini ham emizib, kerakli vitaminlarni olishi kerak bo‘larkan.

Erimning oilada hech qanday huquqi yo‘q edi. Oilada qaynonam va qaynakamning aytgani bo‘lardi. Biz kelinlar buyruqqa bo‘ysunganmiz. Gap qaytarmay, jim ishimizni qilganmiz. Ota hovliga qachon yuborsa borganmiz, yo‘q desa jim yurganmiz.

Mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ gap qilmasin deb nima bo‘lsa chidadim. Sog‘lig‘imni saqlay olmadim. Alamlisi, kasal orttirib oldim — orttirilgan miopatiya — oyoq va qo‘llar falajligi.

Hozir 42 yoshdaman. 1 guruh nogironiman. Miopatiya sabab hatto sochlarimni tarayolmayman. Kiyimlarimni kiyolmayman. Hojatga chiqish uchun ham yordamga muhtojman. Menga hozir o‘sha 7 oylik tug‘ilgan qizim qarayapti.

Qalbim o‘ksik, bahor, yoz tashqariga chiqish yo‘q. Buning uchun bir odam ovora bo‘lishi kerak. Og‘irligim tushadi shundog‘am, deb xijolat bo‘laman. Bozorga tushgim, do‘konlarga, to‘ylarga, dugonalar bilan yig‘inlarga borgim keladi… Bozorlik qilib kelishsa dasturxonga bemalol qo‘l uzatishga botinolmayman. Oyoq-qo‘llarim ishlab tursa, shu narsalarni o‘zim topardim, afsus...

Bir ko‘ylakni kechasi yuvib, ertalab kiyib ham kunim o‘tadi. Bir narsa yeb, bir narsa yemasam ham. Faqat o‘z vaqtida sog‘lig‘imni saqlab qololmaganimga achinaman. Qo‘rqdim, o‘shanda bunday bo‘lishimni bilmagandim. Hozir bilaman — o‘z jonim o‘zim uchun kerakligini.

Onalar qizlarini o‘z vaqtida hayotga o‘rgatishlari kerak. Men yana shuni tushundimki, qiz bola yangi uy, yangi sharoitga ko‘nikishida avvalo qaynonaning o‘rni o‘ta muhim ekan.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: