“Inglizchani biladigan kadrlar chiqyapti, lekin dars berishni bilmaydi” – IELTS’dan 12 yildan beri dars berayotgan pedagog bilan suhbat

O‘zbekiston 22:00 / 20.05.2023 20614

“Ingliz tilini o‘rganish men uchun emas ekan”. “Har doim yangidan boshlayman va yana tashlab qo‘yaman”. “Ishdan ortib til o‘rganishga kuchim qolmayapti”. “Bu ketishda IELTS imtihonini qanday topshiraman?” Kun.uz til o‘rganuvchilarda uchraydigan shu kabi savollar va ular duch keladigan muammolar haqida tajribali pedagog, IELTS instruktori Barno Muqimova bilan suhbatlashdi. 

“Ingliz tilidan yomon o‘qiganman”

— 7-sinf paytimda o‘rganishni boshlaganman. Onam radioda o‘quv markazi reklamasini eshitib qolgan va meni o‘sha markazga o‘qishga bergan. Onam biroz o‘z ustida ishlasin degan bo‘lsalar kerak. Chunki maktabda faqatgina ingliz tilidan 4 baho olganman va bir hafta kayfiyatsiz yurganman. Bu hayotimdagi yagona 4 baho edi. Boshlang‘ich sinflarni rus maktabida o‘qiganman. U maktabda ingliz tili o‘tilmasdi, 5-sinfdan o‘zbek maktabiga o‘tganman. U yerda boshlag‘ich sinflarda ham ingliz tili o‘tilgani uchun men boshqalardanortda qolganman. Va men uchun eng qadrli va bu tilni o‘zlashtirishimga turtki bo‘lgan 4 bahoni olganman. O‘sha paytda yomon bo‘lgan men uchun, lekin hozir yaxshiyam shu ish bo‘lgan ekan deyman.O‘qituvchilarim doim talaffuzing bo‘lmaydi, senda o‘xshamaydi derdi. Lekin O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib “speaking”dan kam sonli 9 ball olganlardan bo‘lganman.

“Til o‘rganishda maqsadni to‘g‘ri qo‘yish kerak”

— Nega insoningliz tilini o‘rganishni boshlaydi, ammo keyin tashlab qo‘yadi? Sodda narsalarda ma’no ko‘p baribir. Mening birinchi boshlashimga sabab — inglizcha qo‘shiqlar, kinolarning ma’nosini tushunishni istaganman. IELTS olish, kimgadir isbotlash degan narsalar bo‘lmagan. Chin dildan shu qo‘shiqlarni tushunishni istaganman. O‘rgana boshlagandan keyin ham hali to‘liq tushuna olmayapman degan fikr bilan to‘xtamay harakat qilaverganman.

Inson hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi, yo ortga ketadi, yo oldinga. Ingliz tilini o‘rganishdan maqsad IELTS’dan 6 ball olish va o‘qishga kirish bo‘lsa natijaga erishgach ko‘pchilik o‘rganishniyig‘ishtirib qo‘yadi. Agar boshqa narsalarni maqsad qilib olsa, u inson to‘xtamaydi. Shuning uchun maqsadni katta qo‘yish kerak, iloji bo‘lsa, o‘sha maqsadga erishish imkonsiz bo‘lsin bir umr. Tog‘day tilasang, qirdek beradi, degan gapga to‘g‘ri keladi.

Bolalari ko‘p til bilishini istayotgan ota-onalarga tavsiya...

— Farzandi ingliz tilini tez o‘rganishini istagan odam tashqaridan bosim o‘tkazishi kerak. Lekin buning hayotiy davomiyligi kam. Agar rostdan butun umrlik bilimga ega bo‘lishni istashsa, bolaning o‘zida xohish uyg‘otishga harakat qilish lozim. Buning uchun esa bolaning qiziqishlariga ahamiyat berib, o‘sha qiziqishga bog‘lash kerak tilni. Uch yoshgacha bolangizni nimaga qiziqishini kuzatib bilsangiz bo‘ladi. Masalan, dizaynerlikka qiziqadigan bolaga sen ingliz tilini o‘rgansang, Parijga ko‘rgazmalarga borasan, desangiz unda maqsad paydo bo‘ladi. Bolaning ichida xohish — olov uyg‘ondimi, uni to‘xtatish qiyin bo‘ladi. Faqat o‘sha uyg‘otuvchi nuqtani topa bilish kerak. Va eng yaxshi tarbiya — o‘rnak bo‘lish.

Foto: Kun.uz 

Men uchun onam juda yaxshi o‘rnak bo‘lgan. Doim menga birinchi bo‘lishim kerakligini uqtirgan. Bu narsa psixologik tomondan sal noto‘g‘ri yondashuv, lekin shu gaplari menga ta’sir qilgan. Onam musahhih bo‘lgani uchun juda ko‘p kitob o‘qirdi. Har bir mavzuga birorta kitobdan misol keltira olardi. Men uchun ideal har doim onam bo‘lgan.

Til va hissiyot…

— Tilni endi o‘rganishga kirishganimda, qiyin emas, 3 oy ichida o‘rgansa bo‘ladi deb o‘ylaganman. Ya’ni ma’lum bir muddatda til o‘rganib bo‘linadi deb bilganman. Lekinbu butun umr davom etadigan jarayon ekan. Yana bir narsa bor, ya’ni kishida ona tilisi qay darajada bo‘lsa, keyingi o‘rganadigan tili undan ortiq bo‘lolmaydi. O‘zbek tilida yaxshi gapirolmasa, ingliz tilida ham shunday bo‘ladi.

Til o‘rganayotgan o‘quvchida eng ko‘p eshitadigan shikoyatlarimdan biri bilgan so‘zlarini gapirganda, insho yozganda ishlatolmasligi. Bir narsani tushunishlari kerak: ingliz tilidan tarjima shartli bo‘ladi. Ya’ni shartli tarjima sifatida yodlangan so‘zni qayerda qanday qo‘llanishini bilmaydi. Shuning uchun ham eng to‘g‘ri yo‘li kontekst ichidan o‘rganish. Shu bilan birga emotsiyalar qo‘zg‘algan holatda o‘rganish katta foyda beradi, deylik, qo‘shiqlar, o‘ziga yoqqan sahnalardagi kontekstlar ichidan. Yoki bo‘lmasa jahli chiqqanda, shahd bilan kirishsa.

“IELTS — ingliz tilini bilishda aniq o‘lchov emas”

—8 marta IELTS topshirgan inson sifatida aytishim mumkinki, bu til bilish darajangizni o‘lchashda oxirgi to‘xtam emas. Imtihonga qay holatda borishimiz yoki bizdan imtihon oluvchining o‘sha kungi emotsional holati ham imtihon natijasiga ta’sir qiladi. Ba’zida imtihonning saviyasi odatdagidan ko‘ra yuqori bo‘lishi mumkin. 18 yoshli bolaga hayotiy tajriba talab etiladigan savollar beriladi, lekin unda bunday tajriba yo‘q. Buyam bir ta’sir qiluvchi omil. Shuning uchun “mening ingliz tilim shunchalik yomonki, men 6 oldim” degan xulosa juda noto‘g‘ri bo‘ladi.

IELTS imtihoni natijasiga ta’sir qiluvchi omillar...

— Ingliz tili o‘rganishda asosiy 5 ta bosqich bor (aslida umumiy 6 ta), shu bosqichlarning 4 tasidan o‘tgan bo‘lish kerak birinchi navbatda. Keyin 20 ta keng tarqalgan mavzular bor, o‘sha mavzularda tushuncha va ko‘nikmalar bo‘lishi kerak. Bir-ikki urinishda o‘xshamasa, taslim bo‘lish kerak emas. “Yo‘q, men eplolmas ekanman” deb ongingizni qopqonga tushirishingiz kerakmas. O‘n marta o‘xshamasa, siz o‘n marta qilinishi kerak bo‘lmagan xatolarni qildingiz va ularni takrorlamaslik kerakligini o‘rgandingiz. O‘xshamagan vaziyatlardan xulosa chiqarish kerak.

Ba’zi o‘quvchilarim kutganimdan yuqori natija oladi, ba’zilari esa aksi. Psixologiya, falsafa muhim o‘rin tutadi, bu narsalarning bog‘liq tomoni ko‘p. Bolani urishish, qo‘rqitish natija bermaydi. Tushuntirish kerak bolaga. Bola tushunsin unga nima uchun bu natija kerak.

Imtihonga bir-ikki hafta qolgach, bolalar qo‘rqa boshlaydi, cho‘zsammi deb o‘ylab qoladi. Vaqt hech qachon yetmaydi. Qo‘rqish — inson instinkti. Cho‘zsa ham, yana shunaqa qo‘rquv paydo bo‘laveradi imtihon oldi. O‘qituvchi esa bu qo‘rquvlar tabiiy holat ekanini tushuntirishi lozim. Agar imtihondan past ball olsa, siqilib qoladi ko‘pchilik. Bu noto‘g‘ri— siqilish, depressiya orqali hali hech kim muammosini yechgani yo‘q.

Til o‘rganishga qayta-qayta urinib, o‘rgana olmaslik...

— O‘rganish uchun insonning ichida katta sababi, maqsadi bo‘lishi kerak. IELTS yoki boshqa narsa bilan emas, o‘sha ingliz tilida gaplashuvchi chet elliklar bilan gaplasha oladimi, yo‘qmi, shu bilan o‘lchash kerak. O‘shalar darajasida gapira boshlasa, haqiqiy natija shu bo‘ladi.

Ishdan bo‘sh vaqtda ingliz tilini o‘rganyapman degan bosim bilan emas, o‘yinlar, ko‘ngilochartarzda o‘rganish kerak. Masalan, Duolingo kabi dasturlar orqali. Sekin-sekin o‘rganib boradi. Boshida kuniga bitta so‘zni o‘rganishni maqsad qiling va shuni bajaring. O‘zingiz uchun qaysi usulda o‘rganish qiziq bo‘lsa, shundan foydalaning davomiyligi bo‘ladi. 

“Ma’nosiz bo‘lsa ham ingliz tilida shunchaki gapiring”

— Men ingliz tilini o‘rganishning 5-bosqichida ham gapirolmaganman, darslarda ham o‘zbekcha gapirardim. Keyin ustozim, atrofingdagi narsalarga qarab, xuddi rep o‘qigandek ingliz tilida gapiraver, degan maslahat bergan. Shunchaki gapiraverish kerak ekan, farqi yo‘q, ma’nosiz bo‘lsa ham. Shu narsa ish bergan. Men gapiradigan gapimni ko‘p o‘ylayverishni to‘xtatdim bu orqali. Noto‘g‘ri gapirib qo‘yaman degan hadikni unutish foyda beradi. Yana bir ish bergan narsa — o‘zim bilan ham ingliz tilida gaplashish bo‘lgan. Xayoldan o‘tkazayotgan, o‘ylayotgan narsalarni ham ingliz tilida qilish kerak.

O‘ylashimcha, hammada o‘rganish qobiliyati bor. Lekin o‘rganish, qabul qilish texnikasi har xil bo‘ladi. Bir talabam darslarda bahs qilaverardi. G‘ashimga tegardi, menga ishonmayapti deb o‘ylardim. Qarasam do‘stlari bilan ham xuddi shunday. Keyin bilsam, u hamma narsani mana shu usulda eslab qolib o‘zlashtirar ekan. O‘rganish mexanizmini topa bilish kerak. Avvalo inson o‘zini tahlil qilib ko‘rish kerak, ya’ni nimaga kerak buni o‘rganish, nimaga qiziqaman, qanday o‘rganuvchiman kabi savollarni berishi kerak o‘ziga.

Tilni mustaqil o‘rganish...

— Xorijiy tilni mustaqil o‘rgansa bo‘ladi. Masalan, chaqaloqqa grammatikani hech kim o‘rgatmaydi, o‘zi sekin-sekinlik bilan gapirishni o‘rganadi. Tasavvur yaxshi ishlashi kerak. Atrofdagi narsalar, hodisalarga assotsiatsiya sifatida o‘rganib borish lozim. Yosh bola birinchi so‘zlarni, keyin buyruq gaplarni va boshqalarni o‘rganadi, mustaqil o‘rganuvchilar ham xuddi shunday qilishi kerak. To‘g‘ri, darslarda maxsus tizim bo‘yicha o‘tiladib.Bu muhim, ammo dunyoda bitta inson mustaqil til o‘rgana olgan bo‘lsa, demak, siz ham o‘rgana olasiz. Buning uchun shaxsiy intizom bo‘lishi lozim. Chunki biz tepamizda kimdir turib buyruq bermasa qilmaslikka o‘rganganmiz. Eng qiyin ish inson o‘zini-o‘zi boshqarishi. Shuni eplay olsangiz, mustaqil o‘rgana olasiz.

Bolaning maktabda ingliz tilini o‘zlashtirolmasligi...

— Bunga sabablar ko‘p bo‘lishi mumkin. Ulardan biriga to‘xtalmoqchiman. Bizda pedagogikaOTMlarida bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilariga ingliz tili o‘tiladi. Shu xato. Biz ularga ingliz tilidan qanday dars berishni o‘rgatishimiz kerak. Darsga qiziqmayotgan, so‘z yodlolmayotgan, darsni o‘zlashtirishga qiynalayotgan bolalar bilan ishlash bo‘yicha ularda baza shakllanishi kerak.

Chunki bo‘lajak o‘qituvchi ingliz tilini bilgan holda OTMga kirishi kerak. 4 yil fanni o‘qitishni o‘rganish kerak. Amaliyot bo‘lishi kerak. Hozir ingliz tilini biladigan kadrlar chiqarilyapti, dars beradiganlar emas. Shuning ustida ishlashimiz kerak.

“Ayol o‘qituvchini xohlashmasdi”

— Hozir o‘quv markazlari ko‘paygani sari tajribasiz o‘qituvchilarni ham ishga olish holatlari kuzatiladi. O‘quv markazidagi ish faoliyatimni yordamchi o‘qituvchilikdan boshlaganman. U paytlari avval tajribali o‘qituvchining darsiga kirib o‘rganardik. Sekin-sekin 5-10 daqiqa dars o‘tib malakamizni oshirib, keyin to‘liq darsga kirganmiz. Boshida til o‘rganuvchilar oldida qo‘lim qaltirardi, hozir 500 kishilik auditoriya bilan ham bemalol ishlay olaman. Chunki bu uchun tajriba orttirdim yillar davomida. Bir kuni ertalab uyg‘onib, “men endi IELTS’dan dars beraman”, demaganman, albatta. Sekin-sekin tajriba to‘plaganman.

Bir o‘quv markaziga ishga kirganimda menga markaz rahbari “IELTS’dan sertifikatingni olib kel”, deb qoldi. Mening natijam o‘sha paytda o‘quv markazida IELTS’dan dars berayotgan o‘qituvchining ballidan yarim ball past bo‘lgan. Lekin dars berish ishtiyoqim u o‘qituvchinikidan ko‘p bo‘lsa bor ediki, kam emasdi. Ammo o‘sha yarim ball hisobiga menga ishonchsizlik bildirishgan. Chunki biz salohiyat, imkoniyatlarimizni raqamlar bilan o‘lchashga o‘rganib qolganmiz. Masalan internetda kimningdir videosi bir millionta ko‘rilgan bo‘lsa, uni aqlli bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz. Aytaylik mushukning pianino chalayotgan videosi shuncha ko‘rildi, bu mushuk aqlli deganimas-ku.

Bundan tashqari, faoliyatimni boshlagan paytlarim jamiyatda ayol kishi oila tashvishlari bilan darsni ko‘p qoldiradi degan qarash ham bor edi. Ayniqsa, ota-onalar ham bolasiga ayol o‘qituvchi dars berishini istashmasdi, ko‘pchiligi erkak o‘qituvchi so‘rashardi. Bu ham ishimga ta’sir qilgan. Bu fikrga qo‘shilmayman. Aksincha, ayollarda onalik instinkti bo‘lgani uchunmi, bolaning kayfiyatini, bo‘layotgan o‘zgarishlarini biladi, o‘quvchisini ko‘proq tushunadi deb o‘ylayman. Yaxshiyam hozir jamiyatda bunday qarashlar ancha o‘zgargan.

Ish va raqobat

— O‘zimni yaxshi pedagog, lekin yomon biznesmen deb bilaman. Men uchun hozirda muhim masala — sifatli ta’lim bilan biznesni o‘stirish. Lekin sifatni izidan quvgan inson, doim ham daromadni ketidan quvib yetolmaydi. Men biznesda yangiman. Men uchun maqsad—o‘quvchilarimning yaxshi natija ko‘rsatishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi, ularning dunyoqarashini yaxshi tomonga o‘zgartiririshiga hissa qo‘sha olishim. Hozir mengako‘proq shu narsalar muhim o‘lchov.

Baxt xotirjamlikda…

— Baxtimni xotirjamlikdan topyapman. Shoshilgan inson ertani kutib yashaydi, siqilgan odam esa o‘tmishi bilan. Kecha ham, erta ham yo‘q, bugun — bor. Bir faylasufning siz har daqiqa o‘lasiz degan gapi bor, ya’ni yashalgan umr, vaqt qaytmaydi, yo‘q. 34 yoshga kirgan bo‘lsam, men 34 yil o‘ldim. Hozirgi kunda yashash, qilish kerak bo‘lgan ishni bugun qilish kerak. Ertaga degan narsa o‘z-o‘zni aldash, bahona. Hech qanday shartlarsiz, bugungi kunimda bor narsalarga shukr qilaman, xursand bo‘laman — shular meni baxtli qildi. Til o‘rganmoqchimisiz hoziroq boshlang. O‘rningizdan turing va shunchaki boshlang.

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi
Tasvirchilar: Mirvohid Mirrahimov
Shohruz Abdurayimov

Ko‘proq yangiliklar: