Haj jarayonlari nega bunchalik yopiq, qachon adolatli tender bo‘ladi? Diniy qo‘mitaga savollar

O‘zbekiston 22:49 / 20.05.2023 46048

Bugun, 20 mayga qadar Din ishlari bo‘yicha kamida 2 marotaba Haj safarini tashkil etish tartibi haqida xabarnoma e’lon qildi. Rasmiy tashkilotning ikkala bayonoti ham Haj ibodatini tashkil etish bo‘yicha internetda tarqalayotgan reklama va e’lonlar asossiz ekani haqida.

Bayonotlarda, O‘zbekistonda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli qarori asosida bevosita Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi eslatilgan.

Shuningdek, rasmiylar Saudiya Arabistoni qonunchiligida ham Haj safari dunyo davlatlarining vakolatli tashkilotlari tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishini bildirmoqda. Mazkur kelishuvlar asosida tashkil etilmagan ziyoratga borish Hajning muhim ruknlari bo‘lmish – Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatidan mahrum qilish mumkin.

Bundan tashqari, idora ziyoratga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish qirollikdan deport qilish va jarima jarima solishga sabab bo‘lishini ta’kidlagan.

Xo‘sh, aslida vaziyat qanday? Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning bayonotlari nimadan darak?

Aslini olganda, qo‘mita qayta-qayta eslatayotgan hukumat qarorida Umra ziyorati ham bu ikki tashkilot zimmasida. 2022 yil mart oyida Musulmonlar idorasi Umraga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, bu xizmat qisman sayyohlik firmalariga berilishini bildirgan edi. Natijasini o‘zingiz ko‘rib turibsiz, xususiy sektorga o‘tgan xizmat ko‘rsatish ancha jonlandi va pulingizga qarab takliflar ham juda ko‘paydi. Asosiysi, raqobat faqat rivojlanishga sabab bo‘lyapti.

O‘tgan yili, shuningdek, Musulmonlar idorasi hukumatning mazkur qaroriga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlanayotganini aytgan edi. Lekin, bu gap ham gapligicha qolib ketdi. Ya’ni qisqa qilib aytilsa, hukumat qarorida – Umraga ham, Hajga ham sayyohlik firmalari olib borishi mumkin emas. Lekin, mas’ullar bu qarorni xohlasa bir qismiga amal qilib, Hajni sayyohlik firmalariga bermayapti. Va yana bir qismiga amal qilmasdan, Umrani sayyohlik firmalariga berib yuborgan. Bu yerda qonun talabi emas, mas’ullarning xohishlari ishlayapti deb, o‘ylab qolasan.

Mayli, hukumat qaroriga amal qilib, Hajni o‘zlari tashkil qilishsin. Lekin, nima uchun tinimsiz “firibgarlar”dan ogohlantirayotgan mas’ullar o‘zlarining Haj ziyorati paketi narxlari va imkoniyatlarini shu kunga qadar ochiqlamay kelyapti? Axir ziyoratlar boshlanishiga 1 oydan sal ko‘proq vaqt qoldi xolos. Savollar esa ko‘p.

Birinchidan, O‘zbekistondan 24 ming kishiga Haj kvotasi ajratilgani prezident Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri ishtirokidagi yig‘ilishda rasman ma’lum qilingan edi. Lekin hozirga qadar diniy qo‘mita ham, muftiyat ham kvotalarning hammasi to‘lganmi, 24 ming kishining navbati qanday shakllantirilgani haqida ma’lumot bermayapti. Esingizda bo‘lsa, Antikorrupsiya agentligi Haj uchun navbatlarni onlayn shakllantirish va ko‘rib turish imkonini beruvchi platforma qilinishi haqida aytgan edi. Bu masalaning oxiri nima bo‘ldi, bilmaymiz. Haj uchun onlayn navbatlarni shakllantirish talabi yuqorida qayd etilgan qarorning 7 bandida ham bor. Lekin qo‘mita bu talabni ham bajarmayapti.

Ikkinchidan, masalaning moliyaviy tarafi. Bugunga qadar Haj ziyorati uchun qancha to‘lash kerakligi rasman e’lon qilinmadi. Bu – 20 mingdan ortiq insonning borish-kelish chiptalari, mehmonxonalar va boshqa xarajatlari hali ham hisoblanmaganini bildiradimi yoki mas’ullarni narxlarni aytgisi kelmayotganinimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilari Haj uchun bu yil 60-67 million so‘m atrofida pul to‘layotganini yozmoqda. Agar shunday bo‘lsa, mas’ullar 6 ming dollar atrofidagi bu pullar smetasini qachon ochiqlaydi? Axir umumiy summa 130 million dollardan oshadiku? (Taqriban 65 000 000 x 24 000 : 11 500 = 135 652 173 dollar). Masalan, siz 60 milliondan ortiq pulingizni qanchasi – aviabilet uchun, qanchasi mehmonxonaga va yana qanchasi boshqa xarajatlar uchun ketganini bilishga haqqingiz bor.

Qo‘shnilarimizni misol keltirsak. Saudiya Haj va Umra vazirligi bilan kelishuvga erishib qaytgan Qozog‘iston muftiyati 4 ming o‘rinlik kvotalarini tender asosida, eng yaxshi taklif bergan 18 ta mahalliy sayyohlik kompaniyalariga bo‘lib bergan.

Qozog‘istonliklar bu firmalar taklif qilayotgan narxlardan o‘ziga mosini tanlashi mumkin. Va bularning hammasi ochiq, jamoatchilikdan yashirmasdan qilinmoqda.

6 ming kishilik kvotaga ega Qirg‘iziston ham narxlarni e’lon qilgan – 3,9 ming dollar. Shuningdek, bu ikki qo‘shnilarimiz ziyoratchilarni arzonroq tashish uchun mahalliy va xalqaro aviakompaniyalar o‘rtasida ham tender e’lon qilgan. (1, 2.) Haqli savol tug‘iladi: nega O‘zbekistonda aviakompaniyalar narx borasida raqobatlashmasligi kerak?

Bu yerda yana 2 ta muhim nuqta bor. Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 75-moddasidadiniy tashkilotlar davlatdan ajratilgani hamda davlat ularning faoliyatiga aralashmasligi” yozib qo‘yilgan. Lekin davlat tashkiloti hisoblangan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu konstitutsiyaviy normani unutib qo‘ygan ko‘rinadi.

Ikkinchidan, Haj-Umra borasidagi tanqidlarga shablon javob sifatida “bu muqaddas amal, uni to‘g‘ri bajarishni biz o‘rgatib turishimiz kerak”, deydigan mas’ullar ataydan savollarning mohiyatini boshqacha talqin qiladigandek ko‘rinadi. Jamoatchilik ziyoratlarning ibodat qismi haqida biror savol bermayapti, gap – ziyoratchilarni yetkazish, joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish kabi vazifalarni “ish egalari” – tadbirkorlarga topshirish kerakligi, narxlar smetasini ochiq-oydin e’lon qilish haqida ketyapti. Butun dunyoda, hatto Saudiya Arabistonining o‘zida ham ziyoratchilarga xususiy shirkatlar xizmat ko‘rsatishini mas’ullar bizdan yaxshi bilsa kerak.

Biz bu savollar bilan bir necha yillardan beri soha mutasaddilariga murojaat qilib kelamiz. Shaffoflikda boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan soha vakillari esa savollarimizga yaratilgan erkinliklarga “shukr qilish kerak” ma’nosidagi javoblar bilan cheklanadi. Yoki umuman javob ham bermaydi.

Masalan, 2023 yil boshidan buyon Musulmonlar idorasi matbuot xizmatidan Haj borasida biror tayinli izoh ololmadik. Ular Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga bog‘lanish kerakligini aytishdi.

Asosiy vazifasi – OAV bilan ishlash qolib, turli tadbirlarda yurgan qo‘mita matbuot kotibi Ilhom Ma’rupov esa yil boshidan buyon unga yuborgan og‘zaki, yozma savollarimizga javob bermaydi. Hattoki savollar yuborgan chatlarni o‘chirib ham yuboradi. Qo‘mitaning rasmiy saytida keltirilgan raqamlarni esa hech kim olmaydi yoki oluvchilar savollariga javob berolmasligini bildirishadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, allaqachon diniy sohadagi mas’ullarimiz jamoatchilik uchun ochilish va hisobdorlik vaqti kelganini tushunib yetishlari kerak.

Haj va Umra masalasida jamoatchilikka tushuntirish berishga harakat qilib ko‘rilgan oxirgi matbuot anjumaniga ham bir necha yil bo‘lib ketdi. O‘shanda keskin va haqli savollarni javobsiz qoldirgan mas’ullar bugunga qadar na matbuot anjumani qildi, na savollarga javob bermoqda.

Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: