G7 Xitoyni urushni tugatish uchun Rossiyaga bosim o‘tkazishga chaqirdi

Jahon 14:16 / 20.05.2023 9275

«Katta yettilik» mamlakatlari yetakchilari Rossiya urushni to‘xtatib, Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi uchun Xitoyni Moskvaga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda 20 may, shanba kuni e’lon qilingan «Katta yettilik»ning Xiroshimadagi sammiti kommyunikesida aytiladi

«Biz Xitoyni hududiy yaxlitlikka, BMT Nizomi tamoyillari va maqsadlariga, jumladan, Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga asoslangan keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz», — deyiladi hujjatda. «Katta yettilik» davlatlari Ukrainaga diplomatik, moliyaviy, humanitar va harbiy yordamni yanada faollashtirishlarini, shuningdek, Rossiyaga yordam berganlar uchun «xarajatlarni» oshirishlarini qayd etishdi. 

G7 yetakchilari Xitoyning «xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va iqtisodiyoti hajmini» hisobga olgan holda, Pekin bilan «global muammolar va o‘zaro manfaatli sohalarda» hamkorlik qilish zarurligini ta’kidladilar. Kommyunike Pekinni hamkorlikka, jumladan, iqlimni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, qashshoq mamlakatlar muammolarini hal qilish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash sohalarida hamkorlikka chaqiradi. 

G7 yetakchilari alohida tarzda «xalqaro hamjamiyat xavfsizligi va farovonligi uchun Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlik muhimligini» ta’kidladilar. «Katta yettilik» mamlakatlari Tayvanga nisbatan prinsipial munosabatida «hech qanday o‘zgarish yo‘qligini» ta’kidlab, Pekin va Taypey o‘rtasidagi mojaroni «tinch yo‘l bilan hal qilishga» chaqirdi. «Biz zo‘ravonlik yo‘li bilan status-kvoni o‘zgartirishga qaratilgan har qanday bir tomonlama urinishlarni qat’iyan rad etamiz», — deyiladi kommyunikeda. 

Ko‘proq yangiliklar: