Angliyada chempionlik o‘yini, Bundesligada hal qiluvchi to‘qnashuv. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 14:39 / 20.05.2023 21313

Yaxshiyamki, Chempionlar ligasi bor ekanki, bu nafaqat o‘sha turnirning o‘zi bilan, balki milliy chempionatlardagi qizg‘in kurashlarga sabab bo‘lishi bilan ham muxlislarga quvonch ulashadi. Kuchli beshlikdagi ikkita ligada rasman, yana ikkitasida amaliy jihatdan chempion nomi aniq bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, aynan YeChL o‘rinlari uchun kurash so‘nggi turlarni kuzatishimizga sabab bo‘lib qolmoqda. Italiyada YeChL yarimfinalchilari, Angliyada «Yunayted» va «Liverpul» kabi eng shonli tarixga ega bo‘lgan klublar YeChLda qatnashish huquqini beradigan birgina yo‘llanma uchun ayyovsiz raqobatga kirishishgan. Quyida haftaning e’tiborli uchrashuvlari anonsini havola qilamiz.

LIVeRPUL – ASTON VILLA (20 may, 19:00)

«Liverpul» qatorasiga yettinchi g‘alabasiga erishdi va kech uyg‘ongan bo‘lsa-da, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda «Nyukasl» va «MYu»ni ta’qib qilishda davom etmoqda. Ularning xatosidan foydalanish uchun esa Klopp shogirdlari o‘z o‘yinlarini yutishlari shart. Hozirda top-4dan 4 ochkolik farq ajratib turibdi va mabodo «Yunayted» qolgan uch o‘yindan ikkitasini yuta olmasa, «Liverpul» azaliy raqibini quvib o‘tishi mumkin. «Aston Villa» esa aytish kerakki, murakkab raqib.

Foto: Getty Images

Esingizda bo‘lsa, uch yil oldin birminghemliklar «Liverpul» ustidan kutilmaganda 7:2 hisobida g‘alaba qozongan edi. O‘sha o‘yindan beri jamoalar o‘zaro 5 marotaba uchrashishda va hammasida «Liverpul»ning qo‘li baland keldi. Birinchi davradagi o‘yinda ham mehmonlar 3:1 hisobida ustun kelgandilar. Ammo bu seriya hammasi oson bo‘lishini anglatmaydi, zero Unai Emeri «Aston Villa»ga kelgach, jamoa o‘yini va natijalari tubdan o‘zgardi. «Villa» 17-pog‘onadan hozir yevrokuboklar uchun kurashayotgan klubga aylandi. Hozir «Aston Villa» «Tottenhem» bilan teng ochko to‘plab, 7-8 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi, 6-o‘rindagi «Brayton»dan 1 ochko orqada xolos. Buning ustiga so‘nggi turda aynan «Brayton»ni o‘z maydonida qabul qiladi. Ya’ni Yevropa ligasi yo‘llanmalaridan birini qo‘lga kiritish uchun Emeri shogirdlarida real imkoniyat mavjud. Tabiiyki, buning uchun Liverpuldan ochkosiz qaytmaslik talab etiladi.

Tarkiblarga kelsak, har ikki jamoada so‘nggi o‘yinlarda maydonga tushayotgan futbolchilar tayyor. Mezbonlar safida Nabi Keytaning yo‘qligi yangilik emas, Darvin Nunez ham maydonga tusha olmaydi. Hozirda Jota, Dias kabi hujumchilar jarohatdan tiklangach, urugvaylik hujumchining yo‘qligi sezilmasa kerak. Shuningdek, Roberto Firmino Jyeyms Milner bilan birga «Enfild»dagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazadi. Klopp braziliyalik futbolchiga ham imkoniyat bersa kerak. Mehmonlar safida esa o‘z vaqtida «Liverpul»ning yetakchisi bo‘lgan Koutino sheriklariga yordam bera olmaydi. Kalum Chembersning uchrashuvda qatnashishi so‘roq ostida qolmoqda.

BAVARIYa – LeYPsIG (20 may, 21:30)

«Borussiya»ning qoqilishidan so‘ng, «Bavariya» chempionlik uchun ildam odimlamoqda. Boshqa yo‘l ham yo‘q, zero bu myunxenliklar uchun mavsumdagi yagona sovrin bo‘ladi. Jamoa Bundesligadagi so‘nggi uch o‘yinda g‘alaba qozondi, oxirgisi «Shalke» ustidan 6:0 hisobida qo‘lga kiritildi. Qolgan ikki o‘yindagi g‘alaba jamoani qatorasiga 11-bor mamlakat chempioniga aylantiradi. Ammo birgina yo‘qotish «Borussiya»ga imkoniyat taqdim etishi mumkin.

Foto: Getty Images

So‘nggi tur o‘rtamiyona «Kyoln»ga qarshi kechishini inobatga olsak, aynan bugungi to‘qnashuv «Bavariya» uchun hal qiluvchi bo‘ladi. Zero «Leypsig» oxirgi yillarda Germaniya futbolida o‘z o‘rni va so‘ziga ega, buning ustiga jamoa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Mag‘lubiyat «Leypsig»ni so‘nggi tur oldidan 5-o‘ringa tushib yuborishi mumkin. «Sharqliklar» nima qilib bo‘lsa ham Myunxenda g‘alaba qozonish va YeChL yo‘llanmasini naqdlashtirish uchun harakat qilishi tabiiy.

Umuman, ayniqsa, Myunxendagi uchrashuvlarda «Leypsig» munosib qarshilik ko‘rsatib kelishini alohida ta’kidlash kerak. O‘tgan mavsumda mezbonlar zo‘rg‘a 3:2 hisobida ustun kelgan. Undan oldingi 2 o‘yin esa, durang bilan yakunlangan. Shu mavsumdagi birinchi davra o‘yini ham 1:1 hisobida tugagan. Durang hech bir shaklda «Bavariya»ni qoniqtirmaydi.

«Bavariya» tarkibida Alfonso Deyvis va Erik Shupo-Moting mavsum oxirigacha safdan chiqqani ma’lum. Jamoa qariyb bir oydan beri ularsiz o‘ynab kelmoqda. Mehmonlar tarkibidagi yo‘qotish jiddiyroq – Dani Olmo bir necha kunga safdan chiqqan va katta ehtimol bilan ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuborsa kerak.

MANCheSTeR SITI – CheLSI (21 may, 20:00)

«Arsenal»ning «Brayton»dagi mag‘lubiyati «Siti»ga yordam berib yubordi. So‘nggi turgacha intrigani ushlab turishi taxmin qilingan chempionlik poygasi «Manchester Siti»ning o‘z o‘ljasini qachon qo‘lga kiritishi haqidagi savolga aylanib qoldi xolos. Jamoa qolgan uch o‘yindan bittasini g‘alaba bilan yakunlasa, rasman chempion bo‘ladi. Tabiiyki, «Chelsi» bilan o‘yinda g‘alaba qozonish har tomonlama manchesterliklar uchun eng yaxshi ssenariy.

Birinchidan, «shaharliklar» keyingi turlarni safarda, «Brayton» va «Brentford»ga qarshi o‘tkazadi. Tabiiyki, chempionlikni «Etihad»da, tag‘inam «Chelsi»ga qarshi o‘yinda nishonlash boshqacha hissiyotlar taqdim etishi shubhasiz. Bundan tashqari, «Manchester Siti»ni APLdan tashqari yana ikki final kutib turibdi. Iyun oyi boshida Angliya kubogida «Manchester Yunayted» bilan, hamda bir hafta o‘tib Istanbulda YeChL finali «Inter» bilan. Bu o‘yinlardagi g‘alaba «Manchester Siti»ni treblga olib boradi. Ingliz jamoalari ichida shunday natijaga erishgan ikkinchi jamoaga aylanish «Siti» uchun katta voqelik. O‘sha o‘yinlarga ancha xotirjam tayyorlanish, futbolchilarni yaxshi sport formasida yetib borishlari uchun albatta, APL chempionligi imkon qadar tezroq qo‘lga kiritilishi kerak.

Foto: Getty Images

«Chelsi» o‘z qobig‘ida yashashda davom etmoqda. Jamoa muxlislari intizorlik bilan mavsum tugashini va keyingisi boshlanishini kutayotgan bo‘lishlari tabiiy. «Chelsi» 11-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi, u qadar pastga tushib ketmasa ham kerak. Ammo bir jihat – «Chelsi»ning so‘nggi uch o‘yini – «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Nyukasl»ga qarshi. Ancha iste’dodli ijrochilardan yig‘ilgan tarkib, mavsumda har qanday vaziyatda bo‘lmasin, so‘nggi turlarni boshqacha ruhda o‘tkazish, albatta, kelasi mavsum uchun qandaydir ishonch berishi mumkin. Chempionlik masalasi ham, YeChL o‘rinlari uchun kurash ham qarangki, «Chelsi» bilan hal bo‘ladigandek.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, o‘sha Chempionlar ligasi finalidagi g‘alabadan buyon «Chelsi» «Manchester Siti»ni yutish tugul, darvozasiga birorta gol ham ura olmayapti. Gvardiolaga o‘sha mag‘lubiyat juda og‘ir botgan bo‘lsa kerakki, keyingi o‘tkazilgan besh o‘yinda besh g‘alaba, to‘plar nisbati – 10:0. Mana, «Chelsi» o‘zi uchun yangi davrga kirib kelayotgan bo‘lsa, dastlabki qadam, balkim «Manchester Siti» darvozasini ishg‘ol qilishdan boshlanar?

BOShQA O‘YINLAR

20 may. TOTTeNHEM – Brentford (16:30), Bornmut – MANCheSTeR YuNAYTeD (19:00), ATALANTA – Verona (21:00), Nottingem Forest – ARSeNAL (21:30), MILAN – Sampdoriya (23:45), BARSeLONA – R.Sosedad (23:55)

21 may. BRAYTON – Sauthempton (18:00), Ausburg – BORUSSIYa D (20:30), NAPOLI – INTeR (21:00), Valensiya – ReAL MADRID (21:30), Udineze – LATsIO (23:45), Oser – PSJ (23:45)

22 may. ROMA – Salernitana (21:30), Empoli – YuVeNTUS (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: