Rossiyada demografiya bilan bog‘liq vaziyat og‘ir ekani tan olindi 

Jahon 21:49 / 19.05.2023 13994

Rossiyada og‘ir demografik vaziyat yuzaga keldi va uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natija bermadi, dedi prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mutlaqo ma’lum va tushunarli sabablarga ko‘ra» sodir bo‘lgan. 

«Ha, haqiqatan ham, demografiya – hozircha muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan joyimiz va bu haqiqat. Mutlaqo ma’lum va tushunarli sabablarga ko‘ra, biz hozir demografik nuqtai nazardan juda qiyin ahvoldamiz», dedi Kreml matbuot kotibi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rasmiylari «aholini tug‘ilish darajasini oshirishga undash uchun qator choralar ko‘rgan, biroq hozircha bu chora-tadbirlar kutilgan natijani bermagan». 

«Afsuski, muammoni hal qilish uchun panatseya, maxsus dori yo‘q. Bu uzoq vaqtga mo‘ljallangan ish. Afsuski, biz bu borada tezkor, bir lahzalik natijaga erisha olmaymiz», dedi Peskov. 

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aholisi 2018 yildan beri kamayib bormoqda. 2022 yilda u 533 ming kishiga kamaygan va 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 146,45 million kishini tashkil etdi. 

Oliy Iqtisodiyot maktabi qoshidagi Demografiya instituti mutaxassislari Valeriy Yumaguzin va Mariya Vinnik o‘tgan yozda qilgan prognozlariga ko‘ra, eng ehtimoliy ssenariy bo‘yicha Rossiya aholisining qisqarishi davom etadi va 2070-yillarning o‘rtalariga borib, 131 million kishiga tushadi. Asr oxiriga borib esa atigi 137,5 million kishiga yetadi.

Ko‘proq yangiliklar: