Parlamentga saylov tizimi o‘zgarmoqda. Bu nimani anglatadi?

O‘zbekiston 17:04 / 19.05.2023 16821

Shaxsan men, siyosatshunos sifatida, juda ko‘p yillardan buyon parlamentga bo‘ladigan saylovlarni aralash yoki proporsional tizimga o‘tkazish foydali ekanini aytib kelaman.

Hozirgi saylov tizimi – majoritar. Qonunchilik palatasida 150 ta deputatlik o‘rni bor. Majoritar saylov tizimiga ko‘ra, saylov kuni saylov uchastkasiga kelgan saylovchi Eshmatovga yoki Toshmatovga ovoz beradi.

Ya’ni, majoritar tizimda, saylovchilar ro‘yxatdan o‘tgan aniq shaxslarga ovoz beradi. Qaysi nomzod saylovning birinchi turidayoq 50 foizdan ko‘proq ovoz olsa, deputat bo‘ladi. Hech kim 50 foizdan ko‘proq ovoz ololmasa, ikki haftadan keyin, eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ishtirokida saylovlar bo‘ladi, 2-turda kim ko‘proq ovoz olsa, deputatlik kreslosi uniki bo‘ladi.

Endi shu tizimga proporsional tizimni ham qo‘shib, aralash saylov tizimiga o‘tish taklif qilinyapti. Ya’ni 150 deputatdan yarmi avvalgidek to‘g‘ridan to‘g‘ri ravishda (saylovchilar unga ovoz beradi), qolgan yarmi esa partiya ro‘yxatlari asosida saylanadi (saylovchilar partiyaga ovoz beradi).

Proporsional tizim, yoki partiya ro‘yxatlari tizimi qanaqa bo‘ladi? Bunda, Qonunchilik palatasidagi o‘rinlar soni 150 ta ekanidan kelib chiqib, har bir partiya Markaziy saylov komissiyasiga 75 kishidan iborat (150 deputatning yarmi – 75 o‘rin) ro‘yxat beradi.

Saylovchilar uchastkaga kelganda, proporsional shaklda ovoz berishda Eshmatov yoki Toshmatov degan aniq shaxslarga ovoz bera olmaydi. Saylov byulletenlarida partiyalarning nomi yozilgan bo‘ladi. Saylov kuni, qaysi partiya saylovchilarning ko‘p ovozini olsa, o‘sha partiya, proporsional ravishda, parlamentdan o‘rin oladi.

Misol uchun, Xalq demokratik partiyasi saylovchilarning 20 foiz ovozini oldi. Markaziy saylov komissiyasiga taqdim qilingan 75 kishilik ro‘yxatdan, yuqorida turgan 20 foizi deputat bo‘ladi, ya’ni 15 kishi. Shu tariqa, partiyalar necha foiz ovoz olsa, ro‘yxatidagi nomzodlarining shuncha ko‘pini parlamentga kirita oladi.

Proporsional tizimning kuchli tomoni – bu partiyalarni kuchayishga majbur qiladi. Chunki partiyalarning g‘oyasi, obrazi, mafkurasi, dasturi, ko‘targan muammolari qanchalik xalqchil va tushunarli bo‘lsa, shuncha ko‘p ovoz oladi.

Majoritar tizimda partiyalarning resurslari, undagi a’zolarning shaxsiy imkoniyatlari ko‘proq hal qiluvchi rol o‘ynasa, proporsional tizimda – partiyalar odamlar ongida imkon qadar samimiy va tushunarli obrazga ega bo‘lishlari kerak.

Prezident taklifiga ko‘ra, 150 deputatdan yarmi majoritar, yarmi proporsional tizimga o‘tadi. Lekin hali bu borada qonunchilik o‘zgargani yo‘q. Ishlar ketyapti. Bu takliflar Saylov kodeksiga kirgandagina, huquqiy kuchga ega bo‘ladi.

Nima uchun partiyalar va parlament kuchayishi kerak. Globallashgan dunyoda jamiyatlarni boshqarish, insonlarni kuch ishlatmasdan, ishontirish orqali yo‘naltirish – juda qiyin siyosiy va huquqiy masala bo‘lib bormoqda. Parlamentlar esa, davlatning va millatning tafakkur markazi hisoblanadi.

Parlamentlar yuqori legitimlikka ega bo‘lmas ekan, jamiyatdagi ishonch tarmoqlari parlamentdan tashqarida oqib o‘tadigan bo‘ladi. Bu esa, davlatni zaiflashtiradi.

Parlamentlar – bu g‘oyalar, loyihalar, manfaatlar, mafkuralar, qarashlar to‘qnashadigan joy. Aynan parlament g‘oyaviy to‘qnashuvlar joyi bo‘lishi kerak. Parlamentlar shu qadar erkin, jonli va hayotiy bo‘lishi kerakki, jamiyatdagi barcha ehtiroslarning markazi ham aynan parlament bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ham ba’zi demokratik davlatlar parlamentlarida, hattoki maosh olib ishlaydigan “ajratuvchilar” bor. Ular urushib qolgan deputatlarni ajratib qo‘yishlari kerak bo‘ladi. Yoki, ba’zi parlamentlarning majlislar zallarida, ataylab to‘rt tomondan eshiklar qilingan. Maqsad – urushib qolgan deputatlar bitta eshikka qadalib, yana urushib ketmasligi uchun.

O‘zbekistonda yaqinda konstitutsiyaviy islohot bo‘ldi. Shu narsa aniqki, mamlakatga kuchli va salohiyatli parlament kerak. Yangi, aralash saylov tizimi – O‘zbekistonda jamiyat ishonchini o‘zida mujassam qilish qobiliyatiga ega kuchli parlament shakllantirishi lozim.

Aks holda, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch tarmoqlari, yana zaif darajada qolib ketishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos 

Ko‘proq yangiliklar: