MIB isloh qilinishi va Bosh prokuratura tasarrufidan chiqarilishi haqidagi xabarlar rad etildi

O‘zbekiston 18:46 / 19.05.2023 8600

Internetda Majburiy ijro byurosining Bosh prokuratura bo‘ysunuvidan chiqishi hamda tashkilot isloh qilinib, Ijro hujjatlarini amalga oshirish agentligi deya qayta nomlanishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

MIB axborot xizmati ushbu xabarlarni rad etib chiqdi.

“Avvalo aytish kerakki, ushbu xabarlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash Byuroning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Shu bois tahlillardan kelib chiqib, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan kengroq foydalanish orqali majburiy ijro tizimi tezkorligi va samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan takliflar tayyorlanmoqda”, deyiladi idoraning rasmiy bayonotida.

Qayd etilishicha, byuro faoliyatini takomillashtirishda uni Ijro hujjatlarini amalga oshirish agentligi sifatida qayta tashkil etish ko‘zda tutilmagan.

MIB faoliyati tugatilishi yoki tashkilot vakolatlari boshqa idoraga o‘tkazilishi haqidagi xabarlar birinchi marta tarqalmayapti.

2019 yili MIB Adliya vazirligi huzurida faoliyat olib boruvchi xizmatga aylantirilishi, uning nomidagi «majburiy» so‘zi olib tashlanishi haqidagi xabarlar tarqalgandi.

2020 yil 1 yanvardan MIBning suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkazilgandi.

2020 yil iyundagi prezident farmoni bilan MIB qator vakolatlaridan ayrilgandi.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga ko‘ra, Majburiy ijro organlari faoliyatiga xalqaro standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish va ayrim funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish, davlat ijrochilari ish yuklamasini kamaytirish rejalashtirilgani, shuningdek, ijro ishini yuritish tizimini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish belgilangandi.

Ko‘proq yangiliklar: