Mansabdor bo‘lishi taqiqlangan shaxs hokim o‘rinbosari bo‘ldi. Hokimni sud qarori ham, qonun ham to‘xtatib qololmadi

O‘zbekiston 22:12 / 19.05.2023 48228

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi 4 aprel kuni Bahromjon Tursunovning hokim o‘rinbosari sifatida ish boshlaganini e’lon qildi. Rasmiy xabarda u tayinlovga qadar MChJ rahbari bo‘lib ishlagani aytiladi.

Aslida esa, bu yil qirq yoshni qarshilaydigan Tursunov Qo‘rg‘ontepa hokimligi uchun begona emas. Qo‘rg‘ontepaga 14 yil hokimlik qilgan Avazbek Ergashev davrida Bahromjon Tursunov uning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, Ergashev 2020 yil 21 dekabr kuni Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanganda esa Tursunov hatto ma’lum vaqt tuman hokimi lavozimini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.

Bahromjon Tursunov / Foto: Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi axborot xizmati

Hokimlikning Telegram-kanalida ushbu shaxs 2021 yilning fevralida ham tuman hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab turgani haqida ma’lumotlar bor. 2021 yilning 11 fevral kuni tumanga Elyorbek Nabijonov hokim etib tayinlanishi ortidan Tursunov o‘rinbosar sifatida faoliyatini davom ettirganmi yoki yo‘q, bunisi bizga qorong‘i. Tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida B.Tursunov so‘nggi marta 2021 yilning 27 fevralida hokim o‘rinbosari sifatida qayd etilgan, shundan so‘ng uning ism-sharifi xabarlarda ko‘zga tashlanmaydi.

Shirkat xo‘jaligi ishchiligidan dehqon bozori direktori, tuman hokimining o‘rinbosarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan Bahromjon Tursunov 5 apreldagi tayinlovga qadar “Trade Imperia Evolution” MChJ rahbari bo‘lgan.

Bahromjon Tursunov 7 fevralda ham Trade Imperia Evolution MChJ rahbarligidan ketmagan edi. / Foto: Orginfo.uz

Ochiq manbalardagi ma’lumotlar 7 aprelda ham uning MChJ rahbarligida qolganini ko‘rsatmoqda. Statistika agentligining reyestrida 19 may holatiga Bahromjon Tursunov “Trade Imperia Evolution” MChJ rahbarligidan ketgani, ayni paytda jamiyat rahbari sifatida Jamshidbek Rasulov nomi zikr etilganini ko‘rish mumkin.

Ustav fondi 10 mln so‘m bo‘lgan “Trade Imperia Evolution” MChJga ayni paytda
Jamshidbek Rasulov rahbarlik qilmoqda. / Skrinshot: Stat.uz

“Daryo” nashriga ko‘ra, Bahromjon Tursunov Qo‘rg‘ontepa tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi noqonuniy bo‘lishi mumkin. Boisi u jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining 2022 yilning 17 maydagi qarori bilan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda) bandi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismining “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan aybdor deb topilgan.

Sud tomonidan sobiq mansabdorga nisbatan 1 yil muddatga mahalliy hokimiyat organlarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo qanchalik adolatli bo‘lgan – bu boshqa masala. Biz e’tibor qaratmoqchi bo‘lganimiz, bu jazo 2022 yilning 2 iyulidan boshlab kuchga kirgan.

Tabiiyki, sud hukmiga ko‘ra, Tursunov 2023 yilning 2 iyuliga qadar mahalliy hokimiyat organlarida hech qanday mansabdorlik lavozimlarini egallashi mumkin emas va bu qonunga zid hisoblanadi. Lekin tuman hokimi 5 aprel kuni Tursunovni o‘zining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Noqonuniy qarordan 22 kun o‘tib tuzatilgan xato

Odatda hokim va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, ishdan olish masalalari deputatlar bilan kengashilishi, bu masala tuman kengashi yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullanishi kerak. Lekin Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Elyorbek Nabijonov bu qonun talabini nima uchundir aylanib o‘tadi. Ya’ni Tursunovni o‘ziga o‘rinbosar etib tayinlash masalasini xalq deputatlari Qo‘rg‘ontepa tumani kengashining sessiyasida kun tartibiga kiritmaydi.

Tuman hokimligining Telegram-kanalida 4 aprel kuni Bahromjon Tursunovning hokim o‘rinbosari sifatida
ish boshlagani e’lon qilingan. / Foto: Daryo.uz

Kengash kotibiyat mudiri Shukrullo Qo‘ldoshev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda, hokimning 5 apreldagi qarori deputatlar muhokamasiga taqdim etilmaganini aytgan.

“Bizga bu qaror tushgan emas, biz tasdiqlamaganmiz. O‘rni bo‘shligi, tajribasi borligi uchun viloyat hokimi olib kelib qo‘ydi, “Shu ishlab tursin”, dedi. Biz 5 apreldan keyin ikki marta sessiya o‘tkazdik, lekin qaror bizga tushirilgani yo‘q. Qoida bo‘yicha qaror chiqqanidan keyin 10 kun ichida kengashga kiritilishi kerak”, – dedi mutasaddi.

Xo‘sh, hokimbuva nima uchun deputatlar bilan hisoblashishni istamagan? Balki u qarorining qonunga zid ekanini bilgani uchun ham, buning misi chiqmasligi uchun ham hujjatni mahalliy kengash tasdig‘iga kiritmagandir? Balki Nabijonov barchasi avvalgiday xamirdan qil sug‘urgandek bitishi va yopiqlik qozon yopiqligicha qolishiga haddan ziyod ishonib yuborgandir. Har ne bo‘lganda ham, barchasi uning bila turib qonunga zid qaror qabul qilganini ko‘rsatmoqda.

Bahromjon Tursunovni hokim o‘rinbosarligiga tayinlash yuzasidan chiqarilgan tuman hokimining qarori nusxasi / Foto: Daryo.uz

Boisi, “Daryo” muxbiri Bahromjon Tursunovning tuman hokimi o‘rinbosarligiga tayinlanishi qanchalik muvofiqligini surishtira boshlaganidan so‘ng, Elyorbek Nabijonov o‘z xatosini to‘g‘rilashga kirishgan. Tuman hokimining shaxsan o‘zi sudga Bahromjon Tursunovga nisbatan tayinlangan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi (hokimdan qanchalik mustaqil, savolli masala) 27 aprel kuni hokimning iltimosnomasini qanoatlantirgan. Unga ko‘ra, mahkum Bahromjon Tursunov sud tomonidan tayinlangan muayyan huquqdan, ya’ni mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosining qolgan 2 oy 18 kun qismini o‘tashdan Jinoyat kodeksining 73-moddasi 3-qismi “a” bandiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Bundan anglashiladiki, hokim sud tomonidan tayinlangan jazo muddati yakuniga yetishiga hali 3,5 oy bo‘la turib, qonunga zid ravishda Bahromjon Tursunovni o‘rinbosar etib tayinlagan. Tursunov 22 kun davomida ushbu vazifada noqonuniy faoliyat yuritgan.

Xo‘sh, tuman hokimi o‘zini ro‘yirost ko‘rinib turgan qonunbuzarlikka qo‘l urib, bu qadar katta tavakkalchilikka yo‘l qo‘yishining ortida nima turibdi? Manfaatlar to‘qnashuvimi yoki tanish-bilishchilik?!

Korrupsion jinoyatda aybdor deb topilgan shaxsni kechirishni so‘rab sudga murojaat qilish vakolatini hokimga kim berdi?

Umid qilamizki, fuqaroga kelganda zudlik bilan ish boshlaydigan huquq idoralari bu savollarga javob izlab ko‘rishadi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: