YeI Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini ekotsid bilan tenglashtirdi

Jahon 08:39 / 06.05.2023 6631

Yevropa ijtimoiy-iqtisodiy qo‘mitasi (EESC) Rossiyaning harakatlarini Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirdi. 5 may, juma kuni e’lon qilingan bayonotida u Rossiyaning Ukrainadagi urushi oqibatida transchegaraviy atrof-muhitga yetkazilayotgan zarardan xavotirlar kuchayayotganini ta’kidladi.

Qo‘mita Yevropa Parlamenti bilan birgalikda ekotsidni Yevropa Ittifoqi darajasida jinoiy huquqbuzarlik sifatida qonunchilik tomonidan tan olinishini talab qildi. Bu Rossiyani Ukrainadagi harakatlari uchun javobgarlikka tortishga yordam beradi va “kelajakda shunga o‘xshash ekologik ofatlar takrorlanishining oldini oladi”, deydi qo‘mita a’zolari.

Urush Ukraina ekotizimiga jiddiy zarar yetkazmoqda, deya ta’kidlaydi EESC o‘rmon maydonlarining vayron bo‘lishi, suv va havoning ifloslanishi haqidagi xabarlarga tayanib. Ukrainada Yevropa biologik turlarining 35 foizi yashaydi, ammo “urush uning boy tabiiy merosiga tahdid solib, atrof-muhitga, ekotizimlarga va inson salomatligiga zarar yetkazdi". Xususan, ekin va yaylov yerlarining ifloslanishi qishloq xo‘jaligi va jahon oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita tahdid solmoqda.

Qo‘mita Yevropa Ittifoqini atrof-muhitni qonuniy himoya qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortish va Ukrainadagi urushdan keyingi ekologik va ijtimoiy tiklanish uchun poydevor qo‘yish maqsadida ushbu zararni hujjatlashtirish va o‘lchashga chaqiradi. "Ukrainada davom etayotgan mojaro ekotizimimizning zaifligini ta’kidlagan holda, tabiiy merosimizni himoya qilish va fuqarolarning salomatligi va farovonligini himoya qilish har qachongidan ham muhimroqdir", deyiladi EESC bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: