Shoygu «Vagner» murojaatidan keyin o‘q-dori ta’minotini «alohida nazorat ostida» saqlashni buyurdi

Jahon 23:42 / 05.05.2023 21228

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi urush hududiga qurol-yarog‘ yetkazib berishni «alohida nazoratda saqlash» vazifasini topshirdi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi xabar berdi. 

Shoygu tegishli ko‘rsatmani Janubiy harbiy okrugda o‘tkazgan tekshiruv vaqtida bergan. 

5 may kuni «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni o‘q-dorilar tanqisligi sababli o‘z jangchilari o‘limida ayblayotgani va behayo so‘zlar bilan so‘kayotgani tasvirlangan videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan edi. Video halok bo‘lgan yollanma askarlarning jasadlari fonida yozib olingan. 

Bir necha soat o‘tgach, Prigojin yangi videoni e’lon qilib, 10 may kuni o‘z jangchilarini Baxmutdan olib chiqib ketishini aytdi, chunki «o‘q-dorilar tanqis bo‘lgan vaziyatda ular bema’ni o‘limga mahkum». 

Prigojin singari Rossiya Mudofaa vazirligining ayrim harakatlarini tanqid qiluvchi Checheniston rahbari Ramzon Qodirov vazirlik rahbariyati «Vagner» bilan uchrashmaganini «yoqimsiz» dedi. Shu bilan birga, Qodirovning ta’kidlashicha, chechen harbiy qismlari o‘q-dori tanqisligiga duch kelsa, «dushmanga yoqimli bahona keltirmasdan» bu kabi masalalarni pinhona hal qilgan. 

Yevgeniy Prigojin va «Vagner» o‘q-dorilar tanqisligi haqida avval ham shikoyat qilishgan. Jumladan, 2023 yil fevral oyida. Shundan so‘ng, Rossiya Mudofaa vazirligi «harbiylar uchun o‘q-dorilarni yetkazib berish bo‘yicha barcha muammolar imkon qadar tezroq hal qilinishiga» ishontirgan edi. Ammo «Vagner» tomonidan bu masalaning omma oldiga olib chiqilishi «faqat dushman foydasiga ishlashi» haqida ogohlantirgan. 

Ko‘proq yangiliklar: