Rossiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari kutilmaganda yaxshi darajada saqlanib qolmoqda - OTB

Jahon 19:40 / 05.05.2023 10894

Xalqaro moliya institutlarining Rossiya-Ukraina harbiy mojarosi tufayli Rossiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalarining qisqarishi bo‘yicha kutilmalari hozircha o‘zini oqlagani yo‘q, dedi Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, OTB, Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari mutaxassislari «Rossiya iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘rishini va bu transferlar sezilarli darajada qisqarishini» kutishgan.

«Aslida biz bu xatarlar amalga oshmaganini ko‘ryapmiz. Hech bo‘lmaganda, Rossiya hozircha o‘z iqtisodiyotini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi va bu Markaziy Osiyodan mehnat migrantlari oqimi bugungi kungacha davom etishiga olib keldi. Rossiyadan Markaziy Osiyo davlatlariga pul o‘tkazmalari ham yaxshi darajada saqlanmoqda», dedi u.

Uning qayd qilishicha, mojaro davom etmoqda va bu qancha davom etishini va o‘rta muddatli istiqbolda, ayniqsa uzoq muddatda Rossiya iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishini hech kim bilmaydi.

Jukov so‘zlariga ko‘ra, OTB mutaxassislari Rossiya-Ukraina inqirozi sharoitida Rossiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari va mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Biroq, uning ta’kidlashicha, muammo shundaki, bu transferlar endi ikki komponentdan iborat - mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari va Markaziy Osiyo mamlakatlariga vaqtincha ko‘chib kelgan Rossiya fuqarolarining o‘tkazmalari.

«Iqtisodchilarimiz uchun bu ikki oqimni ajratish qiyin, ammo biz bu transferlarni kuzatib boramiz», deb qo‘shimcha qildi u.

Ko‘proq yangiliklar: