“Ekologik oqibatlari jiddiy bo‘ladi” - ekologlar “Tolibon” qurayotgan kanal haqida

O‘zbekiston 22:00 / 05.05.2023 24319

Intervyu mehmonlari iqlimshunos Erkin Abdulahatov va ekologiya masalalari bo‘yicha ekspert Farrux Sattorov bo‘ldi.

Suhbat davomida, shuningdek, Afg‘onistonda toliblar qurayotgan Qo‘shtepa kanali va u to‘la qurib bitkazilganda kelib chiqadigan ekologik muammolar ham tahlil qilindi.

— Intervyuga kirishda bugun uch ekologik muammoni tahlil qilishimiz haqida aytdim. Ulardan birinchisi – Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga toliblar kelar ekan, Amudaryo orqali o‘zining uch viloyatiga suv olib borish uchun Qo‘shtepa kanali loyihasiga start berdi. U to‘liq qurib bitkazilsa, O‘zbekistonning qaysi hududlari suvsiz qolishi-yu, qishloq xo‘jaligi uchun qanday muammolar paydo bo‘lishi haqida irrigator olimlar bilan bir necha bor intervyular qildik. Xo‘sh, ekolog sifatida bu kanal qurilishida sizlar qanday oqibatlarni ko‘ryapsiz?

Farrux Sattorov:

— Amudaryoning quyi oqimida joylashgan hududlar qo‘riqxona hisoblanib, Buxoro bug‘usining asosiy yashash joyi hisoblanadi. Ushbu qo‘riqxona YuNeSKO ro‘yxatiga ham kiritilgan. Ekologik tomondan eng katta talafot ko‘radigan joylardan biri shu qo‘riqxona bo‘ladi. Bundan tashqari, suv kamayishi o‘simliklarga ham ta’sir qilib, cho‘llanish yanada tezlashib ketishi mumkin. Nafaqat daryoning atroflari, balki boshqa katta hududlarga ham ta’siri bor, chunki Amudaryodan ko‘plab kanallar, sug‘orish tarmoqlari chiqqan. Quyi oqimdagi viloyatlarning qishloq xo‘jaligiga ta’sir o‘tkazadi. Daraxtlar, o‘simliklar — umuman, floraga salbiy oqibatlar olib keladi.

Farrux Sattorov

Erkin Abdulahatov:

— “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatga kelganda markazlashgan boshqaruvni ko‘zlagan edi. Shimoldagi viloyatlarni birlashtirish uchun suv omili kerak, albatta. O‘tgan yilgi Amudaryo suvidan foydalanish limitiga qaraydigan bo‘lsak, 40 foiz Turkmaniston, 35 foiz O‘zbekiston, 12 foiz Tojikiston ishlatgan. Hozirgi kelishuvlarda har yili Qo‘shtepa kanali 10 kub kilometr suv olishi rejalashtirilgan. Qurg‘oqchilik davrlarida daryoning 1/3 suvini tashkil qiladi bu.

Erkin Abdulahatov

O‘tgan yilgi ko‘rsatkichga qo‘ra hisoblasak, 1/4, ya’ni 25 foiz suvni oladi degani. Shundoq ham bizda oxirgi paytlar qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi kuzatilyapti. Ayni sug‘orish — vegetatsiya paytida havo harorati ko‘tarilib ketyapti yildan yilga. Bizning mintaqada bu holat bug‘lanishni kuchaytirib yuboradi. Sug‘orishga ehtiyoj ortaveradi endilikda. 2030 yilda yuzaga kelishi mumkin deyilayotgan suv yetishmovchiligida bu omil hisobga olinmagan edi.

Amudaryodan suv olish masalasida Turkmaniston 22 kub kilometrdan ko‘p suv olishi ko‘rsatiladi har yili. Nega foizlar bo‘yicha aniq kelishuvga erishilmaydi, degan savol bor menda. Qurg‘oqchilik paytlarda Afg‘oniston 10 kub kilometr, Turkmaniston 22 kub kilometr suv olsa, o‘z-o‘zidan O‘zbekistonga suv qolmaydi. Hozirdan, bahor oyidan suv yetishmovchiligi boshlangan o‘zi. Amudaryo quyi oqimidagi Turkmanistonning bir viloyatida 0,5 kub kilometr suv yetishmasligi kuzatilmoqda ayni kunlarda. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: