O‘zbekiston elektromobillar davriga qanday qadam qo‘ymoqda?

O‘zbekiston 18:23 / 02.08.2022 15682

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar potensial ekologik muammolarning oldini olish maqsadida ichki yonuv dvigatellarida ishlaydigan mashinalardan asta-sekin voz kechib, elektr toki bilan quvvatlanadigan avtomobillardan foydalanishga urg‘u berishmoqda. Bu borada O‘zbekistondagi vaziyat qanday?

O‘zbekistonga elektromobil import qilish qanchaga tushadi?

Davlat bojxona qo‘mitasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda O‘zbekistonga elektromobil import qilishda QQS, utilizatsiya yig‘imi va bojxona yig‘imi undiriladi.

Bunda:

  • QQS avtomobilning bojxona qiymatidan 15 foiz;
  • utilizatsiya yig‘imi – agar elektromobilning ishlab chikarilgan muddati 3 yildan oshmagan bo‘lsa, BHMning 30 barobari (9 mln so‘m); 3 yildan oshgan bo‘lsa, BHMning 90 barobari (27 mln so‘m) miqdorida;
  • bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yig‘im elektomobilning qiymatiga qarab BHMning 1 barobaridan 3,5 barobarigacha (300 ming – 1 mln 50 ming so‘m oralig‘ida) miqdorda bo‘ladi.

Yuqoridagilarga asosan, ishlab chiqarilganiga u yil to‘lmagan elektromobilni O‘zbekistonga olib kirish xarajatlari quyidagicha bo‘ladi:

  • bojxona qiymati 10 ming dollar bo‘lsa, 25,3 mln so‘m;
  • bojxona qiymati 15 ming dollar bo‘lsa, 33,5 mln so‘m;
  • bojxona qiymati 25 ming dollar bo‘lsa, qariyb 50 mln so‘m.

Ma’lumot uchun, 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangan.

Gibrid avtomobillarni import qilish uchun boj to‘lovi saqlanib qolmoqda, uning miqdori ishlab chiqarilgan muddatiga qarab avtomobil narxining 15 foizidan 30 foizigachani tashkil etadi. Shu jihatdan, hozirgi kunda O‘zbekistonga elektromobil import qilishdagi eng optimal variant faqat elektrda harakatlanadigan va ishlab chiqarilganiga 3 yil to‘lmagan mashina olib kirish hisoblanadi.

Amalga oshmayotgan loyihalar

Hukumat tomonidan mamlakat ichkarisida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida bir qancha loyihalar ishlab chiqilgandi. Xususan, 2018 yildagi qarorda 2020 yilgacha Buxoroda elektromobil ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilgandi. 2019 yildagi qarorda esa 2022 yildan boshlab Qo‘qonda elektromobil chiqarish boshlanishi belgilangan, ularning narxi 3 ming dollardan boshlanishi aytilgandi.

UzAuto Motors esa 2021 yildan Labo elektromobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi edi, uning narxi 10 ming dollar atrofida bo‘lishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, 2020 yil dekabrda qabul qilingan hukumat qarorida, “O‘zavtosanoat” AJ korxonalarini faqat elektromobil ishlab chiqarishga o‘tkazish konsepsiyasini ishlab chiqish belgilangan edi. Jumladan, 2021 yil 1 fevralga qadar loyihalarni amalga oshirish aniq muddatlari, ishlab chiqarish quvvati, moliyalashtirish miqdori, davlat tomonidan beriladigan ko‘maklar va boshqa ma’lumotlarni nazarda tutgan konsepsiya loyihasini ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish ko‘zda tutilgandi.

Joriy yilning 14 fevralida prezident Shavkat Mirziyoyev mashinasozlik sanoati bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda soha mutasaddilariga 3 oy muddatda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Kun.uz yuqorida nomi keltirilgan loyihalarning nima sababdan amalga oshirilmagani yuzasidan “O‘zavtosanoat” AJ matbuot xizmatiga bir qancha savollar bilan yuzlandi. Bildirilishicha, Qo‘qon va Buxorodagi loyihalarning ushbu tashkilotga aloqasi yo‘q, ularning amalga oshmagani “investitsiyaviy” omillar bilan bog‘liq bo‘lgan. 2021 yilning fevral oyida Vazirlar Mahkamasiga topshirilishi kerak bo‘lgan konsepsiya loyihasi haqida esa aniq javob berilmadi. Prezident topshirig‘iga binoan ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan strategiya tayyorlangan, biroq hali tasdiqlanmagan.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonga qancha elektromobil import qilindi?

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaga 2018 yilda 13 ta, 2019 yilda 39 ta, 2020 yilda esa 131 ta, 2021 yilda 809 ta, 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 1125 ta elektromobil import qilingan.

Elektromobil importi joriy yilning birinchi yarmida 2021 yilning mos davriga nisbatan 875 taga yoki 4,5 barobarga oshgan.

2022 yilning 6 oyida asosan quyidagi davlatlardan O‘zbekistonga elektromobillar import qilingan:

  • Xitoy – 983 ta;
  •  BAA – 73 ta;
  • Germaniya – 27 ta;
  • Hongkong – 25 ta;
  • Koreya – 6 ta;
  • Litva – 6 ta;
  • Estoniya – 2 ta.

Nima ishlar qilinishi rejalashtirilmoqda?

“O‘zavtosanoat” AJ matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, elektromobillar ishlab chiqarish loyihasi doirasida joriy yilning 17 fevral kuni “O‘zavtosanoat” AJ va Xitoyning “BYD Auto Industry” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolangan.

Bundan tashqari, joriy yilning iyun oyida yangi energiya manbalari yordamida harakatlanuvchi avtomobil namunalari keltirilgan va 20-27 iyun kunlari hamkor kompaniya vakillari bilan birgalikda mahalliy xaridorlar fikri o‘rganilib, ijobiy xulosa olingan. Hozirgi kunda loyihaning joylashuvi va ishlab chiqarish konsepsiyasi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, elektr dvigatellarni va akkumulyator batareyalarini mahalliylashtirish ham rejalashtirilgan.

Nega elektromobillar O‘zbekistonda ommalashmayapti?

O‘zbekistonda elektromobillarning ommaviylashmayotganiga texnik jihatlar, quvvatlashga uzoqroq vaqt ketishi va quvvatlash stansiyalarining yetarli emasligi asosiy sabablar bo‘lishi mumkin.

Iste’molchilar avtomashinada nosozlik kuzatilsa, uning ehtiyot qismlarini topishda muammolar bo‘lishidan xavotirda ekanini aytishadi.

Shuningdek, respublikaning barcha hududlari barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanmagani elektromobillarni quvvatlash bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

Foto: Megawatt Motors

Butun respublika bo‘ylab quvvatlash shoxobchalari yo‘qligi ham muhim omillardan. Bu borada joriy yil 28 mart kuni Ekologiya qo‘mitasi va Megawatt Motors kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Davlat-xususiy sheriklik asosida bo‘lishi ko‘zda tutilgan loyiha butun O‘zbekiston bo‘ylab “har 100 km masofada” elektromobil quvvatlash stansiyasi tashkil etishni nazarda tutadi.

Shaxsiy tajriba

Bloger Umid Gafuruv o‘zining Facebook'dagi sahifasida elektromobilning bir qancha ustunliklari va kamchiliklarini sanab o‘tgan:

Ustunliklari:

  • Benzinga nisbatan 3 martadan 20 martagacha tejamli.
  • Tezlanishi narxi bir xil benzinli mashinadan ko‘ra tezroq. O‘rtacha 0 dan 100 km gacha 7-8 soniya. Gazni bosganingizda mashina “o‘ylab o‘tirmay” tezlanadi.
  • Elementlar soni kam bo‘lgani sababli buziladigan narsasi ham kam. Moy almashtirish, yangi “svecha” olish, porshen, “korobka” va hokazo bosh og‘riqlari yo‘q.
  • Tormozlanish tizimi (kolodkalar) ham uzoqroqqa yetadi, chunki gazni qo‘yib yuborsangiz, motorning o‘zi tormozlanadi. Ko‘plab zamonaviy elektromobillarni bitta pedal bilan boshqarish mumkin. Qo‘shimcha tormoz pedali faqat shoshilinch vaziyatda ishlatilishi mumkin.

Kamchiliklar:

  • Infrastruktura hozircha shakllanmagan. Zaryad olish stansiyalari kam. Uyda zaryadlash uchun hammada ham sharoit yo‘q (shu jumladan, ko‘p qavatli uyda yashovchilarda).
  • Hozircha elektromobillarni tushunadigan ustalar kam.
  • Ehtiyot qismlarini 1-2 oy kutish kerak. Lekin istagan 20-30 mingga olingan inomarka uchun ham aynan shunday vaziyat bo‘lishi mumkin.
  • Akkumulyator degradatsiyasi. 1-2 yil minib yurgan elektromobilingizni olgan narxga sotolmaysiz. Narxi 10-20 foizgacha tushishi mumkin. O‘zi hamma mashinalarda ham shunday bo‘lishi kerak, ammo bizdagi monopoliya sababli bozor qoidalari ishlamaydi.
  • Yangi akkumulyator mashinaning 1/3 narxi bo‘lishi mumkin (elektromobillarning O‘zbekistondagi narxi emas, Xitoydagi narxi nazarda tutilyapti). Hozircha bu – qimmat texnologiya. Keyinchalik arzonlashishi aniq.
  • Qimmatlarini hisobga olmasak, elektromobillarning aksariyati maksimal 130-150 km/soat tezlikka chiqadi. Kim uchundir bu kam. Lekin shaharda 70 km/soat chegara borligini hisobga olsak, bu muammo emas.
  • Uzoq masofalarga qiyin. 500-600 km yuradigan elektromobillar qimmat. Lekin hozir viloyatlarda tez zaryad beruvchi stansiyalar o‘rnatilyapti.

Umid Gafurov elektromobillar ancha tejamkor ekaniga alohida urg‘u bergan.

“Agar elektromobilni uyda zaryadlasangiz, 1 kilometr masofa sizga o‘rtacha 45 so‘mga aylanadi. 100 kilometr 4500 so‘m (solishtirish uchun, 10 litr Ai-92 benziniga taxminan 95-108 ming so‘m pul ketadi). Hali moy va boshqa xarajatlar hisobga olinmagan”, deya xulosa qiladi u.

Qayd etish lozim, elektr energiyasining aholi uchun 295 so‘mlik joriy narxi subsidiya asosida shakllangan bo‘lib, kelajakda narxlar oshishi mumkin.

Dunyo miqyosida elektromobillarga o‘tish tendensiyasi qanday kechmoqda?

Avtomobilsozlik sohasining ko‘plab mutaxassislari fikricha, elektromobillar savdosi juda qisqa vaqt ichida benzin va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi mashinalar savdosidan o‘tib ketishi mumkin.

Masalan, Jaguar 2025 yildan boshlab faqat elektromobillar sotishni rejalashtirmoqda. Ushbu sana Volvo uchun 2030, Lotus uchun esa 2028 yil.

Bunday qarorga kelganlar faqat hashamatli brendlar emas. Chunonchi, General Motors 2035 yilda barcha avtoulovlarini elektrlashtiradi, Ford 2030 yildan e’tiboran Yevropada faqat elektromobil sotadi.

Volkswagen'ning Tsvikkau shahridagi avtozavodi esa ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatdi va dunyoda birinchi bo‘lib faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tdi.

Canalys tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda dunyo bozorida elektromobillar ishlab chiqarish 2020 yildagiga nisbatan 9 foizga oshib, yil davomida 6,5 ​​million dona elektromobil yetkazib berilgan va elektromobillar sotuvi jahon avtomobil savdosining 9 foiziga yetgan. Ta’kidlanishicha, elektr transport vositalarining sotuvi yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin edi, biroq bunga pandemiya sabab yuzaga kelgan global mikrosxemalarning tanqisligi to‘sqinlik qilgan.

Elektromobillarning ommaviylashish tendensiyasi bo‘yicha Norvegiya yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yilda mamlakatda sotilgan avtomobillarning 86,2 foizini elektromobillar tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich Shvetsiyada 45 foiz, Niderlandiyada esa 29,8 foizga yetgan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: