Shukrullo Yusupov olamdan o‘tdi

Jamiyat 12:39 / 19.07.2020 108317

O‘zbekiston xalq shoiri va taniqli yozuvchi Shukrullo bugun, 19 iyul kuni olamdan o‘tdi. Bu haqda jurnalist Karim Bahriyev o‘zining feysbukdagi sahifasida ma'lum qildi.

O‘lim haqligini bilaman men ham
Dunyoda ikki bor o‘lmaydi hech kim!
O‘lim haq ekanmi, o‘n bor o‘lsam kam,
Sening erking uchun sevikli xalqim.

Shukrullo Yusupov 1921 yilda Toshkentning Olmazor mahallasida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Pedagogika bilim yurti va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutida tahsil olgan. 

1951 yilda O‘zbekiston davlat nashriyotida ishlab yurgan payt millatchilik va sovetlarga qarshi targ‘ibotda ayblanib, hibsga olinadi va 25 yillik qamoq jazosiga mahkum etiladi. Jazoni Sibirdagi lagerlarda o‘tagan Shukrullo sho‘rolar dohiysining o‘limidan so‘ng ozod etilgan va oqlangan. 

Uning dastlabki she'riy to‘plami «Birinchi daftar» va «Qalb qo‘shiqlari» 1949 yilda nashr etilgan.

Shundan keyin uning «Qalb qo‘shiqlari» (1949), «Hayot ilhomlari» (1959), «Umrim boricha» (1960), «Inson va yaxshilik» (1961), «Inson – inson uchun» (1964), «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988), «To‘kilgan dardlarim» (2001) kabi she'riy to‘plamlari e'lon qilingan. 

O‘nlab she'riy va nasriy kitoblar, jumladan, Sibirdagi mehnat lagerida boshidan kechirganlari haqida hikoya qiluvchi «Kafansiz ko‘milganlar» hamda «Tirik ruhlar» roman-xronikasi muallifi. 

U Karlo Gotssining «Baxtiyor gadolar» pesasi, Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliyev va boshqa shoirlarning she'rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shoirning asarlari esa rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iiz tillarida nashr etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti, «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan. 

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo 2017 yilda «Turk dunyosi adabiyotida yil kishisi» unvoni bilan taqdirlangan.

Uning shuningdek, «Rossiya», «Ikki qoya» kabi xalqlar do‘stligiga bag‘ishlangan dostonlari, «Xatarli yo‘l» asarlari adabiyot ixlosmandlari orasida sevib o‘qiladi.

2018 yilda Shukrullo domla shoir va yozuvchilari orasida ilk bor «Nuroniy» jamg‘armasining I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.

Kun.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: