Qozog‘iston chegarasida to‘planganlarga O‘zbekistonga o‘tish uchun istisno tariqasida bir marta ruxsat beriladi

O‘zbekiston 19:31 / 17.05.2020 53457

Bir necha kun avval, Rossiya-Qozog‘iston chegarasida 800 nafar atrofida o‘zbekistonliklar to‘plangani, ularning vaqtincha istiqomat qilishlari uchun sharoitlar ham yo‘qligi, karantin bois Rossiya va Qozog‘iston tomoni ularni chegaradan o‘tkazmayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan edi. Bu haqda Kun.uz ham ma'lumot bergan edi.

Bugunga kelib, Rossiyaning Orenburg viloyati, Mashtakovo chegara punkti yaqinida o‘zbekistonliklar vaqtincha istiqomat qilishlari uchun maxsus hudud tashkil etilgan. Harbiy palatkalar tiklanib, fuqarolar vaqtincha yashashi uchun shart-sharoit tashkil etilgan. Bu haqda fuqarolar Kun.uz’ga ma'lum qilishdi va videolarini taqdim etdi.

Kun.uz muxbiri ayni mavzu bo‘yicha savollar bilan O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsuli Fariddin Nasriyevga murojaat qildi.

O‘zbekistonliklar uchun vaqtinchalik yashash joyi tashkil etish maqsadida qanday muzokaralar olib borildi?

– Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar chegarada to‘planib qolishgandi. Ular orqali keksa yoshdagi fuqarolar, yosh bolali va homilador ayollar ham borligini inobatga olgan holda O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan ichimlik va issiq ovqat bilan ta'minlash chora-tadbirlari ko‘rildi.

Hozirda oziq-ovqatlar fuqarolarimizga tarqatilyapti. Fuqarolar ochiq joyda qolib ketgani uchun Samara viloyati gubernatorligi tomonidan ushbu hududda maxsus palatkalar tashkil qilindi. Buning uchun Samara viloyati ma'muriyatiga minnatdorchilik bildiramiz.

Fuqarolarimizni olib chiqib ketish uchun avtobuslar tashkillashtiryapmiz. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ham fuqarolarni O‘zbekiston chegarasigacha olib borish uchun avtobuslar tashkillashtiryapti.

Rossiyadagi boshqa haydovchilar ham kelaversa, ular ham chegaradan o‘tkaziladimi?

Fariddin Nasriyev
Foto: Tatar-inform.ru

– Albatta, yo‘q. Fuqarolarga qaytadan murojaat qilmoqchiman. Chegara yopiq va hozir fuqarolarimizni faqat bir marta istisno tariqasida olib o‘tyapmiz.

Bunday natijaga erishish biz uchun oson bo‘lmadi. Fuqarolarimizni O‘zbekistonga olib o‘tish uchun hukumatimiz Qozog‘iston, Rossiya bilan muzokaralar olib bordi. Bu – ertaga yana kimdir kelsa, o‘tkazib yuboramiz, degani emas.

Qaytmoqchi bo‘lgan boshqa fuqarolar chegara yaqiniga kelishsa, ularni o‘tkazolmaymiz. Ular doimiy yoki vaqtinchalik yashash joylariga qaytib turishlarini so‘raymiz. Tashkil qilingan charter reyslar uchun ro‘yxatdan o‘tib, navbati kelganda O‘zbekistonga kirib kelishlari mumkin.

Shaxsiy avtomobilda o‘tish mumkin emas

– Ba'zilar avtomobilimda o‘tib ketaman, deyishyapti. Bu mumkin emas. Hukumatlar bilan muzokara o‘tkazib, avtobuslarda fuqarolarni olib chiqib ketishga kelishdik.

Fuqarolar Qozog‘istonda tashkil qilingan avtobuslarda chegaragacha yetib olishadi. Keyin u yerda boshqa avtobuslar orqali O‘zbekistonga kirib borishadi.

Fuqarolar shaxsiy avtomobillarini qoldirishlari uchun Samara viloyati hukumati tomonidan maxsus avtoturargoh tashkil etildi. Avtomobillar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rib chiqilyapti. Fuqarolar avtomobillarini chegarada qoldirib, o‘zlari o‘tishlari mumkin.

Ikki haftalik karantin

– Haydovchilar fuqarolar o‘rtasida gap tarqatishyapti: «Agar avtomobilda chegaradan o‘tishni talab qilsangiz, uyingizga olib borib qo‘yaman. Avtobusda ketsangiz, O‘zbekistondagi karantin hududlariga joylashtirilasiz», deyishyapti. Ammo avtomobilda o‘tadimi yo avtobusda – farqi yo‘q, hamma 2 haftalik karantinga joylashtiriladi.

«Rossiyada ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshdi»

– Pandemiya paytida boshqa sohalarda ishchi kuchiga talab oshdi. Tatariston mehnat vazirligi bilan gaplashganimizda, bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ro‘yxat berishdi. Bizga murojaat qilayotgan fuqarolarga ish o‘rinlari haqida axborot beryapmiz.

Ba'zi ish joylarida oyliklar ham sezilarli oshdi. Xorijdan kelgan, xususan, O‘zbekistondan kelgan fuqarolarga ham bu yerda mehnat qilishlari uchun yengilliklar berildi. Registratsiyadan o‘tish muddati uzaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ham ish masalasida fuqarolarga yordam berishyapti. Ularga ham murojaat qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: