Toshkent metropoliteni 42 yoshini qarshiladi

O‘zbekiston 21:22 / 06.11.2019 3463

1960-yillarda shaxsan O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov sobiq ittifoq rahbari Leonid Brejnevni Toshkentda metro qurishga ko‘ndirgan va jadal qurilish ishlaridan keyin 1977 yilda Chilonzor yo‘nalishining birinchi stansiyalari ochilgan.

Toshkent metrosining birinchi liniyasi – Chilonzor yo‘nalishi 1977 yil 6 noyabrda o‘z faoliyatini boshlagan. Dastlab yo‘nalish uzunligi 12,2 kmni tashkil qilgan va unda 9 stansiya bo‘lgan. 1980 yil 18 avgustda ushbu yo‘nalishning yana 3 ta yangi stansiyasi ishga tushirilib, yo‘nalishning umumiy uzunligi 16,8 kmgacha uzaytirilgan. 

Poytaxt metrosi kengayishda davom etib, 1984 yilda uning ikkinchi – “O‘zbekiston” yo‘nalishi, 2001 yilda esa uchinchi – Yunusobod yo‘nalishi ochilgan. Hozirda Yunusobod yo‘nalishida qurilish ishlari davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda metroning umumiy uzunligi 36,2 kmni, stansiyalari soni 29 tani tashkil qiladi. Yunusobod yo‘nalishida yana ikkita yangi stansiyani qurish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Sergeli tumanida yer usti metrosi qurilishi ishlari jadal olib borilmoqda, u 6 ta stansiyadan iborat bo‘ladi. Sergeli yo‘nalishini Navro‘z bayramiga foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.   

Toshkent metrosi qurilishi boshlanganda, uni yadro urushi holatida panohgoh sifatida qo‘llash ham rejalashtirilgandi. Metro strategik muhim obekt hisoblangani sababli, unda foto va videotasvir olib borish taqiqlangan edi. Biroq 2018 yil yozida Toshkent metrosi sayyohlarni jalb qilishi hisobga olinib, O‘zbekiston hukumati metrodan harbiy obekt maqomini olib tashlagan hamda unda foto va videotasvirga 41 yil amal qilgan taqiqni bekor qilgan.

Ta'kidlanishicha, sobiq ittifoq vaqtida aholisi soni million kishidan oshgan shaharga metro qurish huquqi berilgan. Sobiq ittifoqda qurilgan metrolardan farqli ravishda, Toshkentda chuqur bo‘lmagan qurish tizimi qo‘llangan. Toshkent metrosi mintaqaning yuqori seysmikligi hisobga olingan holda qurilgan. Ta'kidlanishicha, poytaxt metrosi konstruksiyalari MSK-64 shkalasi bo‘yicha 9 ballik zilzilalarga bardosh bera oladi.

Yaqinda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Toshkent metrosini 2025 yilgacha rivojlantirish loyihasini taqdim qildi. Unga ko‘ra, 2025 yilda metro uzunligi 4 martaga ortib, 157 kmni tashkil qiladi. Unda 74 ta yangi stansiya paydo bo‘ladi.  

Ko‘proq yangiliklar: