U yerda sukunatning ovozi eshitiladi. O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisiga fotosayohat

O‘zbekiston 21:10 / 26.07.2019 119950

O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisi Hazrat Sulton yana sayohatchilar uchun ochildi. Ma'lum vaqt bu cho‘qqiga chiqish mumkin bo‘lmagan va o‘tgan yildan boshlab Tojikiston chegarasida joylashgan bu tog‘ga odamlar yana chiqa boshladi. 24 iyul kuni 2019 yil hisobidan ilk marta Hazrat Sultonga tur uyushtirildi. O‘ta murakkab bo‘lsa ham, mamlakatning eng baland cho‘qqisini zabt etish uchun 150 chog‘lik odam to‘plandi. Ular orasida yoshi katta odamlarning ko‘pligi e'tiborni tortdi.

Hisorak suv ombori

Hazrat Sulton cho‘qqisi Hisor tog‘ tizmasida joylashgan bo‘lib uning balandligi 4 643 metr. Bu cho‘qqi O‘zbekistonning eng baland nuqtasi hisoblanadi. Uning nomi Xo‘ja Ahmad Yassaviy sharafiga Hazrat Sulton deb atalgan. Yassaviyning nomlaridan biri aynan Hazrat Sulton bo‘lgan. Tojikiston bilan shundoqqina chegarada joylashgan bu cho‘qqini zabt etish har kimga ham nasib qilmasligi, bu odamdan juda ko‘p kuch va sabr talab qilishini uning eng yuqorisiga chiqib bildik. Oldindan aytib qo‘yaman, bu cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lganlar yetti o‘lchab bir kesishi kerak. 

Safarimiz Samarqanddan boshlandi. 24 iyul kuni tongda Samarqanddan Kitob tomon yo‘lga chiqdik. Belgilangan joyga yetib borgach, to‘planib turgan odamlar va juda ko‘p «NIVA» mashinalarini ko‘rdik. Chunki tog‘li yo‘llarda faqat to‘rtta g‘ildiragi ham tortadigan mashinalargina yura olardi. «NIVA»lar bizni Hisor tog‘lari yonbag‘ri tomon olib ketdi. Tog‘ bag‘riga kirishimiz bilan go‘zalliklar boshlandi...

Dovonga chiqishimiz bilan Hisorak suv omborining go‘zalligiga guvoh bo‘ldik. Ko‘m-ko‘k bo‘lib turuvchi bu tabiiy suv omborida turgan gapki GES ham qurilgan. Uning go‘zalligini so‘zda ta'riflash qiyin, yaxshisi uning rasmlarini tomosha qilaqoling.

Bu yil lalmi kartoshka ham rosa barakali bo‘lgan
Havo boshqa yerlarga qaraganda sovuq bo‘lgani bois bug‘doy hali pishmagan

Hisorakka suv Oqdaryo deb ataladigan daryodan keladi. Uning tabiatga isyon qilayotgandek shiddat bilan to‘lib oqayotgani muzliklar tez eriyotganini, demak tepada ham havo issiqligini ko‘rsatardi. Ammo tog‘ning tepasiga chiqqach, chuchvarani xom sanaganimizni bildik.

Hisorakdan so‘ng dovondan o‘tib bir qator qishloqlarga kirib bordik. Miraki qishlog‘idan o‘tgach, telefonlarda aloqa uzildi. Faqat Uz Mobile ishlayotgandi, ammo keyinroq u ham o‘chib qoldi. Cho‘qqiga yaqinlashgan sayin yo‘l ham og‘irlasha bordi. Nima uchun bizga aynan «NIVA» ajratilgani shunda ma'lum bo‘ldi.

Ko‘l qishlog‘iga borgach, atrof faqat tog‘lardan iborat bo‘lib qoldi. Tog‘ning eng o‘rtasiga kirib borgandan keyin esa askarlarga ko‘zimiz tushdi. Bizni kutib olgan DXX chegara qo‘shinlari askarlari qaysi yo‘ldan borishni, cho‘qqiga chiqishda nima qilish kerakligi haqida tavsiya berishdi. Ular o‘z vazifasiga kirmasa ham o‘nlab odamlarni cho‘qqigacha yo‘l ko‘rsatib olib borishdi ham. Havo sovuganidan so‘ng odam qadami yetmaydigan yerlarda chegarada turuvchi, o‘zlarining aytishicha uch kundan buyon uxlamagan bu yigitlarga qoyil qoldik.

Soat 21:00 dan oshganda tog‘lar orasidagi vodiyga yetib bordik, chunki Ko‘l qishlog‘ida chegarachilarga sayohatchilarning ro‘yxati olib kelinishini ancha kutib qoldik. Kitobdan vodiygacha bo‘lgan yo‘lga ham 3 soatdan ko‘proq vaqt ketdi. Yaxshiyam tashkilotchilar barchaga fonar olishni tayinlagandi. Shu tariqa tunda mamlakatning eng baland cho‘qqisi tomon yo‘lga chiqdik.

Tog‘lar qiroli bo‘lgan «NIVA»

Kakliklar mashinalardan qochishmoqda

Sayohatchilar cho‘qqi tomon yo‘lga chiqish oldidan shom namozini ado qilishmoqda...

Boshlanishiga hamma bir xil ketayotgandi, ammo keyinchalik har kim kuchiga qarab bo‘linib ketdi. Tan olish kerak, tikka toqqa chiqish juda-juda qiyin bo‘ldi. Tog‘lik odamlar uchun bu oddiy ishdir, ammo oddiy yo‘lda yurishga odatlanganlar uchun cho‘qqiga chiqish murakkab. Tog‘dan tepaga ko‘tarilib ketgan sayin odamlar siyraklasha bordi va turgan gapki yo‘lni yo‘qotib qo‘yganlar ham bo‘ldi. Jumladan biz ham. Hamrohim jurnalist G‘ayrat Yo‘ldosh bilan dengiz sathidan naq 3 000 metr tepada adashib qoldik!

Atrof qop-qorong‘u, hech qanday ilinj ko‘rinmaydi. Bunday pallada inson tabiat oldida qanchalik ojiz ekanini his qiladi. Soat 03:30 lar atrofida Hisor tizmasining eng yuqori qismiga yetib bordik. Ammo adashib ketganimiz uchun Hazrat Sulton cho‘qqisidan emas, uning qarshisidan chiqdik. Orada esa katta «qor dengizi» bor edi. Aytgancha, oldinroq kattagina qorli hududni ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldik. 4 000 metr balanddagi qiyalikda qorning ustida yurish qanchalik qo‘rqinchli bo‘lganini esa tasavvur qila olmasangiz kerak.

Pastdagi nuqtachalar odamlarning qo‘lidagi chiroqlar

Oy chiqishi bilan suratga oldik. Tog‘lar esa ko‘rinmayapti...

Biz yuqorisiga ko‘tarilgan cho‘qqidan 3-4 qadamgina narida tubsiz jarlik ko‘rinadi. U yerga bir marta qaradim va ishoning qo‘rqmadim, faqat zavqlandim. Qarshimizda faqat tog‘lar ko‘rindi va uzoqdan bir shahar ham ko‘zga tashlandi. Bu Urgut ekanini taxmin qildik. O‘ng tomonda Panjakent, chap tomonda Urut tog‘lari. Yerdan qaraganda juda ulkan ko‘rinadigan bu tog‘lar biz turgan yerdan kichik ko‘rindi. Ular bizdan pastda edi-da.

Tog‘ning tepasida qorning juda ko‘pligi bois havo ancha salqin edi. Ayniqsa Quyosh chiqishi arafasida havo keskin sovidi. Quyoshning chiqishi esa alohida go‘zallik. U vaqtda tog‘lar yanada go‘zallashdi. Quyosh chiqishi bilan ortga qaytdik. Tushish ham oson bo‘lmadi. 4 soatcha yurgach yana mashinalar to‘plangan vodiyga yetib bordik. Aynan yetib borgandan so‘ng tog‘ning tepasidagi go‘zalliklarni chinakamiga angladik. Chunki tepada vaqtimiz qo‘rquv kuchli edi.

O‘zbekistonning eng yuqori cho‘qqisiga yaqinlashgach, inson faqat bitta ovozni eshitarkan — sukunatning ovozini. To‘g‘ri, bizga olisdan daryoning shovqini ham eshitilib turdi, ammo men aytayotgan ovoz boshqa edi. Tong qorong‘usida atrof shunchalik jimjit bo‘ldiki, bir gap aytsangiz, qaytib kelaverdi. Fajrga azon aytganda qaytib kelgan ovoz esa hech narsaga o‘xshamaydi... Yuqorida aytganimizdek bu qanday baxt bo‘lganini ham pastga tushgach angladik.

Xullas ajoyib sayohat bo‘ldi. Quyida bizning rasmlar bilan Hazrat Sultonga xayolan sayohat qilishingiz mumkin bo‘ladi. Sayohatdan olingan videolarni esa alohida e'tiboringizga havola etamiz.

Yuqorida aytganimiz 4 000 metrdan ham teparoqda olingan kadr mana shu. Oyoq ostida tubsiz jarlik, qarshida esa «kichkina» tog‘lar
Olisda ko‘rinayotgan tog‘lar Tojikiston hududida

Mahalliy odamlar tog‘ echkilari kabi qoyalarga chirmashib yuraverishadi
O‘sha mashhur Hazrat Sulton cho‘qqisi mana shu

Bu muzlikka «Bumerang» deb nom qo‘ydik
Haqiqiy musaffo osmon mana shunday bo‘ladi...

Yo‘l davomida shifokorlar sayohatchilarni nazorat qilib turishdi

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: