Tojikiston O‘zbekistondan tabiiy gaz importini to‘rt barobarga oshiradi

O‘zbekiston 10:19 / 29.01.2019 18081

Tojikiston gaz taqsimlash kompaniyasi bu yil O‘zbekistondan tabiiy gaz qabul qilib olishni to‘rt barobar oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Aziya Plyus xabar berdi.

«Biz bu yil O‘zbekistondan 200 million kub metrgacha tabiiy gaz sotib olishni rejalashtirmoqdamiz», - deya xabar berdi Dushanbeda 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Tojiktransgaz» OAJ rahbari birinchi o‘rinbosari Shavkat Shoimzoda.

Uning qayd etishicha, ikki mamlakat gaz taqsimlash kompaniyalari o‘rtasida prinsipial kelishuvga erishilgan, uning tafsilotlari muhokama qilinmoqda, shundan so‘ng hujjat imzolanadi.

«Tojiktransgaz» vakilining eslatishicha, qo‘shni mamlakatdan bu turdagi yoqilg‘ini yetkazib berish o‘tgan yilning aprel oyi boshlarida deyarli olti yillik uzilishdan so‘ng qayta tiklangan.

Shoimzodaning ta'kidlashicha, o‘tgan yili respublikaga deyarli 54 million kub metr o‘zbek gazi yetkazib berildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda yigirmadan ortiq korxona, jumladan, Tojikiston alyuminiy kompaniyasi va Dushanbe IEM import qilinadigan tabiiy gaz bilan ta'minlanmoqda.

«Tojiktransgaz» vakilining qayd etishicha, iste'molchilar soni har oy ortib bormoqda.

Uning ta'kidlashicha, yuqori bosimdagi quvurlar hozirgi kunga qadar to‘liq tiklandi, o‘rta bosimdagi quvurlarni ta'mirlash bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Aholining gaz ta'minoti, uning so‘zlariga ko‘ra, past bosimdagi quvurlar tiklanganidan keyin boshlanadi.

«Tojiktransgaz»ning moliyaviy holati hozircha faqat korxona balansidagi infratuzilmani ta'mirlash imkonini beradi», - dedi Shoimzoda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, gaz taqsimlash korxonasi balansida bo‘lmagan quvurlar iste'molchilar hisobidan tiklanadi.

Ko‘proq yangiliklar: