Jizzaxda xorijda yashirinib yurgan vatandoshlarni qaytarish choralari ko‘rilmoqda

O‘zbekiston 17:40 / 17.12.2017 19135

2017 yil 16 dekabr kuni Jizzax viloyati IIB, Tergov departamenti, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi va Jizzax viloyat prokuraturasi hamkorligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda jinoyat sodir etgach, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan jizzaxliklarning oila a'zolari va yaqinlari ham ishtirok etdi. Bu haqda viloyat IIB vakili KUN.UZ’ga ma'lum qildi. 

Foto: Jizzax viloyati IIB

Majlisda qidiruvdagi shaxslarning yaqin oila a'zolariga respublikada olib borilayotgan siyosat, huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi islohotlar, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan Afv to‘g‘risidagi farmon, Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan «Amnistiya to‘g‘risida»gi qaror, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, «qamoq» ehtiyot chorasini o‘zgartirish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Foto: Jizzax viloyati IIB

Ma'lum qilinishicha, qidiruvdagi shaxs agarda O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashiringan bo‘lsa, hech qanday to‘sqinliklarsiz vataniga qaytishi, fuqarolik pasporti yo‘qolgan yoki amal qilish muddati o‘tgan bo‘lsa, konsullik elchixonalaridan vatanga qaytish guvohnomalarini rasmiylashtirib berishda amaliy yordam ko‘rsatilishi, oilaviy, moddiy ahvoli inobatga olinishi, o‘z aybiga chin ko‘ngildan pushaymonligi, yetkazilgan moddiy zararning 70 foizi qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Foto: Jizzax viloyati IIB
Foto: Jizzax viloyati IIB

Qayd etilishicha, 2017 yil 25 iyun kuni xuddi shu mazmundagi yig‘ilishdagi tushuntirish ishlari natijasida Jizzax viloyati IIB rahbariyatining amaliy yordami bilan qidiruvda bo‘lgan 15 nafar qidiruvdagi shaxs o‘z ixtiyorlari bilan tergov va sud organlariga kelishgan. 

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi JKning 2442-moddasi, 1-qismi bilan qidiruvda bo‘lgan A.S. Moskva shahrida yashirinib yurgan. Uning fuqarolik pasportining amal qilish muddati o‘tib ketgani sababli Moskva shahridagi O‘zbekiston konsulligidan vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan. Uning oilaviy ahvoli inobatga olinib, aviachipta xarid qilishda ko‘mak berilgan. O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelganidan so‘ng, «qamoq» ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, hozirda erkinlikda tergov harakatlarida ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 159-moddasi, 1-qismi, 2441-moddasi, 1-qismi va 2442-moddasi, 1-qismi bilan ayblanib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilingan, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan Afv to‘g‘risidagi farmon bilan ozodlikka chiqqan Mamarasulov G‘olib so‘zga chiqib, 2012 yilda Moskva shahri hududida diniy oqim da'vati asosida noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolganligini, asl islom dini mohiyatini to‘g‘ri tushunmaganligi oqibatida adashganligini, qidiruvdagi shaxslarning yaqin oila a'zolariga davlatimiz kechirimli ekani to‘g‘risida so‘zlab berdi. 

Yig‘ilishda ishtirok etgan qidiruvdagi shaxslarning oila a'zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishib, qonuniy tushuncha olishdi.

Foto: Jizzax viloyati IIB
Foto: Jizzax viloyati IIB

 

Ko‘proq yangiliklar: