Turin politexnika universiteti akademik litseyda vazir o‘rinbosarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 14:30 / 17.12.2017 9612

Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik litseyda Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev hamda Fan va texnologiyalarni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev ishtirokida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Litsey direktori Abdujamin Karimov va litseyning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sadoqat Safarova tashabbusi bilan uyushtirilgan davra suhbati “Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shamiz” mavzusida bo‘lib o‘tdi. 

Jonli muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda qatnashgan spikerlar yoshlarga o‘z tavsiya va maslahatlarini berishdi.

“Yoshlarimiz qaysi soha mutaxassisi bo‘lishni avvaldan belgilab olgan holda, shu sohaga hissani qo‘shsa, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘ladi. So‘nggi yillarda ko‘plab davlatlar kelajak energiyasi deya quyosh, shamol va boshqa energiyalarini rivojlantirish zarurligiga urg‘u berdi. Ammo O‘zbekiston kelajak energiyasi deb yoshlarni aytmoqda. Chunki aynan yoshlar yangicha dunyoqarash bilan Vatan taraqqiyotiga katta hissa qo‘sha oladi. Ularning ichida jo‘shib turgan energiya bor. Shu boisdan, shu yerda o‘tirgan yoshlar orasidan ham yetuk olimlar chiqishiga hech shubham yo‘q”, - degan fikrni bildirdi Olimjon To‘ychiyev.

Alisher Sa'dullayev ham o‘z vazifalarini ado etish bilan bog‘liq tajribalari haqida so‘zlab berdi. U yoshlarning boshqalardan farqli va ustunlik jihatiga to‘xtalib, u ham bo‘lsa, tavakkalchilikka qo‘rqmasdan qo‘l ura olishida ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, Sa'dullayev yoshlarga maslahatlar ham berib, darsga kelib maqsadsiz o‘qib ketaverish ish bermasligini qayd etdi. 

“Agar sizlar darsga kelib, kitobni faqat o‘qib ketaversanglar, ammo nimaga qarab ketayotganlaringni bilmasanglar, bir yildan so‘ng qanday natijaga erishganlaringni bilmaysizlar. Shuning uchun ham deadline (tugash chegarasi) yaxshi narsa. Bundan tashqari, kelasi yildan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida dasturlashni kasb sifatida o‘rgatuvchi amaliyotni joriy qilishni rejalashtirayapmiz”, - deya ma'lum qildi. 

Muloqot davomida akademik litsey o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan spikerlarga murojaat qilib, taklif-tashabbuslarini ham bildirishdi.

 

 

Ko‘proq yangiliklar: