Mark Tsukerberg ta'lim, kasalliklar va ijtimoiy adolat sohalariga e'tibor qaratadi

Jahon 17:15 / 17.12.2017 4556

Facebook CEO'si Mark Tsukerberg bola parvarishi ta'tilida tanaffus qildi va bu tanaffusda o‘zi hamda  turmush o‘rtog‘i Pristsilla Chan o‘tgan yil davomida Chan Zuckerberg Initiative fondi faoliyati doirasida shug‘ullangan xayriya ishlari haqida fikr yuritdi. 

Ijtimoiy tarmoqda taqdim etilgan qo‘shma xatda  Tsukerberg va Chan Chan Zuckerberg Initiative (CZI)ning "texnologik fikrlash" va uzoq muddatli strategiyada  ta'lim, kasalliklar va ijtimoiy adolat sohalaridagi global masalalarga murojaat qilish rejasi haqida ma'lum qilishdi. Xayriya tashkiloti turli soha yetakchilariga uzoq istiqbolda ilmiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishda strategiyalarni izlab topishda yordam beradi. Sog‘liqni saqlash, immigratsion qonunchilik va jinoiy adliya islohotlari, turar-joy yetishmovchiligi — bu sohalarda qisqa muddatli qarorlar emas, uzoq muddatli natijalarga erishish uchun o‘n yoki yigirma yil kerak bo‘ladi. Shunga qaramay, ularning tezkor ta'sirga ega bo‘lishga yo‘naltirilgan strategiyalarida texnologiyalar yotadi. 

Jarayonlarni avtomatlashtirish va ijtimoiy tarmoqlarda axborotni buzib ko‘rsatish jamoatchilik tomonidan inkor etilayotgan bugungi kunda bu xat juftlikning texnologiyalar ijtimoiy taraqqiyotning zarur vositasi ekaniga bo‘lgan ishonchini e'tirof etadi. 

"Chan Zuckerberg Initiative'ning bu ikki jihati — uzoq muddatli yondashuv va texnologik fikrlash — bizning butun faoliyatimizni belgilab beradi, - deb yozishdi ular. Texnologiyalar sehri shundaki, ular ijtimoiy o‘zgarishlarni tezlashtira oladi. Markning Facebook'da jahon miqyosidagi muhandislik tashkilotini qurish tajribasi tufayli biz hamkorlarimizga tezroq o‘zgarishlarga erishish uchun ajoyib muhandislik jamoasini o‘z ichiga olgan xayriya tashkilotini yo‘lga qo‘ya olamiz". 

Xatda ta'kidlanishicha, ta'lim — texnologiyalar orqali yanada takomillashtirish mumkin bo‘lgan soha. Tsukerberg va Chan individual ta'lim modeliga kiritgan sarmoyalarini yodga olib, aynan texnologiyalar bunday jihozlarni ommaga taqdim etishda katta rol o‘ynashini qayd etishdi. 

Tsukerberg va Chan 2015 yilda, birinchi farzandlari Maks tug‘ilgandan so‘ng CZI fondi tashkil etilgani haqida e'lon qilishgan edi. O‘sha paytlar ularning Facebook'dagi ulushi 45 milliard dollarni tashkil qilardi. Forbes jurnali Tsukerbergning ayni damdagi moliyaviy holatini 72,1 milliard dollarga baholamoqda. 

2016 yilning sentabrida oilaviy juftlik yangi maqsadini  e'lon qildi — farzandlari hayoti davomida barcha mavjud kasalliklar profilaktikasi, ularni davolash va hatto ildizi bilan yo‘q qilish. CZI buning uchun Stenford, San-Frantsisko va Berklidagi Kaliforniya universiteti olim va muhandislarining hamkorlikdagi loyihasi hisoblangan Biohub'ni shakllantirdi. Tsukerberg va Chan loyihaga 3 milliard dollar miqdoridagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatishdi. Chorshanba kuni taqdim etilgan xatda juftlik ushbu loyihadan maqsad ilmiy muammolarni hal qilish strategiyasini ijtimoiy va siyosiy masalalarga nisbatan qo‘llashdan iborat ekanini ta'kidladi. 

Fondning mas'uliyati cheklangan tijorat kompaniyasi shaklida tashkil qilinishi juftlikka ham notijorat, ham tijorat tashkilotlarga sarmoya kiritish imkonini beradi. CZI'ni yo‘lga qo‘yish davomida Tsukerberg va Chan asosiy e'tiborni "individual ta'lim, kasalliklarga qarshi kurash, odamlarni birlashtirish va shu kabi hamjamiyatlarni qurishga qaratishni rejalashtirayotganlarini ma'lum qilishgandi. Bundan tashqari, ular o‘z kirimlaridan tushgan daromadni fondga reinvestitsiya qilishga va'da berishgandi. 

Chan Zuckerberg Initiative fondining 2016 yilning iyunida kiritgan ilk sarmoyasi Nyu-Yorkdagi Andela kompaniyasiga yo‘naltirilgan, kompaniya Afrikada, xususan,  Lagos (Nigeriya) va Nayrobi (Keniya)da dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilarini tayyorlash bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda fond kam ta'minlangan amerikalik maktab o‘quvchilariga ko‘rish qobiliyatini bepul diagnostika qilish imkonini beruvchi Vision To Learn notijorat tashkilotini moliyaviy mablag‘lar bilan ta'minladi. Shu bilan birga, bolalarga maktabga tayyorlanishga yordam beruvchi College Board va inson tanasida sog‘lom hujayralar xaritasini tuzishni maqsad qilgan Human Cell Atlas kabi muassasalarga ham mablag‘ yo‘naltirdi. Yaqinda juftlik ikkinchi qizlari Avgustaning dunyoga kelgani haqida e'lon qilishgandi. 

"Biz yaxshi jamoamiz, chunki ikkimiz ham ko‘p odamlar boshqacha ruhda yashayotgan bir davrda kelajakka ishonch bilan qaraymiz, - deb yozadi Tsukerberg va Chan chorshanba kuni. - Ishonamizki, hatto eng murakkab muammolarning ham yechimi bor va biz, eng avvalo, bunga ishonuvchi jamoamiz borligidan faxrlanamiz".

Ko‘proq yangiliklar: