Fransiyada 16 yoshga to‘lmaganlarning Facebook'dan foydalanishi taqiqlanadi 

Jahon 00:29 / 17.12.2017 3640

Fransiya hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ota-onasi roziligisiz Facebook ijtimoiy tarmog‘ida akkaunt ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ilgari surdi. Quartz nashri shu haqida xabar berdi. 

Facebook siyosatiga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning platformaga qo‘shilishi rasman mumkin emas, biroq ko‘pchilik bu qoidani chetlab o‘tadi. Ular yangi qoidani ham xuddi shunday chetlab o‘tmasligiga kafolat yo‘q, zero ro‘yxatdan o‘tayotganda foydalanuvchi ota-ona rozligini olgan yo olmaganiga doir kerakli satrni belgilasa bo‘ldi. Biroq ta'kidlanishicha, loyiha qabul qilingan taqdirda, bu qonun buzilishiga tenglashtiriladi. 

Qonunning qanday qabul qilinishi va u buzilgan taqdirda, qanday oqibatlarga olib kelishi - hozircha noma'lum. Shunday bo‘lsa-da, qonun loyihasi Fransiya parlamenti tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda, zero ta'lim vaziri shu haftada maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqladi, hatto tanaffuslarda ham. 

Bu vaqtda esa, Facebook, aksincha, o‘z platformasiga yoshlarni jalb qilish bilan ovora. Yaqinda kompaniya olti va undan katta yoshli bolalarga mo‘ljallangan Messenger Kids nomli yangi ilovasini namoyish qildi. Bu esa yana bolalarning smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga doir bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. 

Ko‘proq yangiliklar: