Vadim Abramov: «Meni chetlatishdimi? Buni sizdan eshityapman»

Sport 23:25 / 16.12.2017 27977

O‘zbekiston futbol federatsiyasi «Neftchi» bosh murabbiyi Vadim Abramovni noma'lum muddatga futboldan chetlatgani haqida xabar berdi.

Mutaxassis O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha, keng jamoatchilik o‘rtasida nosog‘lom fikrlar vujudga kelishiga sabab bo‘layotganida ayblandi.

Championat.asia sayti xodimi Hayrulla Xoliqov Abramov bilan bog‘lanib uning fikrlari bilan qiziqdi.

- Meni chetlatishdi? Bu hazilmi yo chinmi? Mening xabarim yo‘q. Buni endi birinchi marta sizdan eshitib turibman, - dedi Vadim Karlenovich hayron bo‘lib. - To‘g‘risi, nima uchun futboldan chetlatilganimni bilmayman. 

- Sizni O‘FF va PFL sha'niga noto‘g‘ri fikrlar bildirgan deb yozilgan.

- Ha, shundaymi? Biz - futbol kishilarimiz. Futbolda har kimning o‘z fikrini aytishga haqqi yo‘qmi? Kecha PFLda yig‘ilish bo‘ldi. Unda men ham qatnashdim. Bir-ikkita gapga o‘z munosabatimni bildirdim. Eshitgan bo‘lsangiz kerak, keyingi yil Oliy va Birinchi ligada o‘ynash uchun futbolchilar normativ topshiradi. Normativ juda murakkab tuzilgan, uni hatto Bobbi Charlton ham topshirolmasdi. Men PFLning ba'zi qarorlari bo‘yicha o‘z fikrimni aytdim, balki bironta gapim yoqmagan bo‘lishi mumkin.

- Endi federatsiyaga borib masalaga oydinlik kiritsangiz kerak?

- Albatta, boraman. Kimgadir gaplarim yoqmagan bo‘lsa, kechaning o‘zida yuzimga aytsa bo‘lardi. Endi federatsiyaga o‘tib tushuntirish berishlarini so‘rayman. Agar hamma meni o‘zbek futboli uchun keraksiz odam deb hisoblasa, buning uchun meni chetlatishlari shart emas, o‘zimga aytsa indamay futboldan ketaman.

Ko‘proq yangiliklar: