“Yuridik klinika” huquqiy masalalar yuzasidan fuqarolar qabulini amalga oshirmoqda

Jamiyat 20:30 / 16.12.2017 13839

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Toshkent davlat yuridik universitetining “Yuridik klinika”si O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 apreldagi “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan.

Yuridik klinika jismoniy va yuridik shaxslarga beg‘araz yuridik maslahatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiradi. Yuridik klinika faoliyati jamoatchilik qabulxonasi shaklida tashkil etilgan bo‘lib, bunda talabalar pedagog xodim (advokat) rahbarligida huquqiy masalalar yuzasidan fuqarolar qabulini amalga oshiradi va ularga kerakli huquqiy maslahatlarni ko‘rsatadi. Aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yuridik klinika huquqning alohida tarmog‘iga ixtisoslashgan holda yoki umumiy huquq masalalari bo‘yicha maslahatlar berishi mumkin.

Adliya vazirligining Axborot xizmati ma'lum qilishicha, o‘z faoliyatini boshlagan kundan (2017 yil 20 sentabr) hozirgi kungacha yuridik klinikaga 52 ta murojaat kelib tushdi: shundan 50 tasi ko‘rib chiqib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi, 2 ta murojaat hozirda ko‘rib chiqish jarayonida.


Qo‘shimcha ma'lumotlar:

Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35. Toshkent davlat yuridik universiteti 
1-binosi.
Telefon: (0371) 233 6636 (ichki. 1114); Faks: (0371) 233 3748
Elektron pochta manzili: legalclinic@tsul.uz
Ish vaqti: Har kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha (dam olish kuni yakshanba)

Ko‘proq yangiliklar: