O‘FF Vadim Abramovni nosog‘lom fikrlarni vujudga keltirishda aybladi va futboldan chetlatdi

Sport 22:27 / 16.12.2017 40081

«Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirildi, deb yozmoqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi sayti.

«O‘FF Intizom kodeksi 2-bo‘limining klublar boshliqlari va murabbiylariga nisbatan belgilangan talablarni so‘zsiz ijro etish va Ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamda O‘zbekiston professional futbol ligasi  tomonidan qabul qilingan  qarorlarni noto‘g‘ri talqin qilinishi holatlarini oldini olish maqsadida, Ijro qo‘mitasi Byurosining 2017 yil 16 dekabrdagi 9-sonli qarori qabul qilindi. 

Mazkur qarorda bayon etilishicha, O‘zbekiston futbol federatsiyasi Intizom kodeksining 5.41-bandiga binoan, O‘FF va O‘zPFL hamda ularning rasmiylari sha'niga nisbatan noto‘g‘ri fikrlar bildirganligi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha keng jamoatchilik o‘rtasida nosog‘lom fikrlar vujudga kelishiga sabab bo‘layotganligi uchun,  O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Intizom kodeksi 2-bo‘limining «d» kichik bandiga muvofiq, «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov nomuayyan muddatga futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirildi» - deyiladi bayonotda.

Vadim Abramov aynan nimalarni gapirgani va kimlarni yo‘ldan urgani, shuningdek, jazo muddati qachon tugashi bayonotda ma'lum qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: