“Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi 20 yilligini nishonladi

Jamiyat 19:32 / 16.12.2017 7006

14 dekabr kuni “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi Toshkentda 20 yillik faoliyati bo‘yicha hisobot kechasini o‘tkazdi. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekistondagi ijtimoiy sohaga yo‘nalgan nodavlat-notijrat tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, “Sabr” markazi hamkorlari va xodimlari ishtirok etdi.

“Sabr” ishonch markazi 1996 yilda ochilgan bo‘lib, 2016 yilda Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish markazi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida umumiy qiymati 14 milliard so‘mlik mikroqarzlar ajratgan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning xalqaro tashkilotlari, ijtimoiy va iqtisodiy soha vakillari bilan hamkorlikda o‘nlab xalqaro anjumanlar o‘tkazgan. O‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan 30 ga yaqin yirik loyihalar milliy va xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Samarqand viloyati va Respublika bo‘ylab minglab oilalar, yoshlar va ayollarning turmush tarzlarini yaxshilash, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga xizmat qilgan.

Mavludaxon Shirinova, “Sabr” RIIR markazi direktori:

“Bizning markaz O‘zbekistonning noiloj ahvolda qolgan ayollariga psixologik, ijtimoy, tibbiy yordam berib keluvchi eng birinchi ishonch markazlaridan biri hisoblanadi. Biz, asosan, qishloq hududlaridagi aholi bilan ishlaymiz. O‘tgan yili biz Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi sifatida ro‘yxatdan o‘tdik. Maqsadimiz respublika bo‘ylab yordamga muhtoj aholini ijtimoiy innovatsiyalarni joriy qilgan holda qo‘llab-quvvatlashdir. Bugun O‘zbekistonda muhim o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda, insonlar uchun shaxsiy rivojlanishga yangi imkoniyatlar mavjud, keng ko‘lamli islohotlar doirasida yangi loyihalar amalga oshmoqda. Ishonamizki, bizning kelgusidagi ijtimoiy innovatsion loyihalarimiz davlatimiz strategik taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi”.

“Sabr” markazi o‘z faoliyatini quyidagi dasturlar orqali amalga oshiradi:

Ijtimoiy dastur (Turmush qurish istagidagi yoshlar uchun oilaviy munosabatlar bo‘yicha suhbatlar, psixologik konsultatsiyalar, biznes va boshqa mavzulardagi treninglar o‘tkazish).

Mahalliy rivojlanish markazlari (Samarqand viloyati, Oqdaryo va Urgut tumanlari hamda Samarqand shahrida tikish-bichish, kompyuter savodxonligi, sartaroshlik, qandolatchilik, milliy hunarmandchilik kabi ko‘nikmalarni egallash imkoniyati).

Mikromoliyalashtirish dasturi (Kichik va oilaviy bizneslar uchun mikroqarzlar berish va aholi uchun moliyaviy savodxonlik, o‘z mablag‘larini boshqarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar ulashish).

Ko‘proq yangiliklar: