«Real Madrid» akademiyasi murabbiyi O‘zbekistonda faoliyatini davom ettirishi mumkin

Sport 15:03 / 16.12.2017 19100

Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida bolalar futboli bo‘yicha ishlash uchun ispaniyalik mutaxassis Kiko Zuniga (Xose Migel Martiarena) Toshkentga taklif etildi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, Zuniga 20 dekabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Ispaniyalik mutaxassis ham bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rahbariyatiga taqdim etadi. Bu dastur o‘rganib chiqilgach, mutaxassisga shartnoma taklif etiladi.

Zuniga O‘zbekistonda bolalar futbolini rivojlantirish, futbol maktablarida Yevropaning futboli rivojlangan mamlakatlari o‘quv-metodikasi asosida ish olib borish, bolalar bilan mashg‘ulotlarni yangi uslubda, Yevropa andozalariga mos ravishda o‘tkazish va shu yo‘l orqali yuqori saviyali futbolchilarni tayyorlash dasturi asosida mamlakatimizga tashrif buyurmoqda. 

Ma'lumot uchun, Kiko Zuniga 1962 yil Ispaniyada tavallud topgan. Futbolchi sifatida «Real Sosedad» klubi safida to‘p surib, Copa del Rey sovrinini qo‘lga kiritgan. Murabbiylik faoliyati davomida «Atletiko» Madrid jamoasining U-13 va U-14 jamoalarini boshqargan va katta natijalarga erishgan. Shuningdek, Kiko Zuniga «Real» Madrid jamoasining Xitoyda joylashgan akademiyasida ham faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 17 dekabr kuni serbiyalik 56 yoshli mutaxassis Zavisha Miloslavlevich Toshkentga tashrif buyurishi xabar qilingandi. Uning O‘zbekistonda bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha dasturi  O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rahbariyatiga ma'qul kelsa, Zavisha Miloslavlevich Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida ish olib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: