Prezident «Imom eshon Muhammad» jome masjidida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

O‘zbekiston 15:47 / 16.12.2017 17096

Davlat rahbari joriy yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga qilgan safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida bo‘lib, bu yerda imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi, yotoqxonasi va kutubxona, masjid hududini obodonlashtirish va atrofiga devor qurish, novvoyxona tashkil qilish, hovuz, favvora va boshqa qulayliklarni barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi, deb yozadi O‘zA.

Bu yerda o‘tgan 11 oy davomida keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Masjid ma'muriy binosining birinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘istondagi vakilligi idorasi joylashgan bo‘lib, uning barcha xonalari qayta ta'mirdan chiqarildi. Ikkinchi qavatida axborot-resurs markazi, 2 kutubxona tashkil etildi. Issiq pol qurildi, eshiklari yangisiga almashtirildi. Namoz o‘qiydigan maskan rekonstruksiya qilinib, gumbaz qayta ishlandi. Masjid yonidan minora, hovuz, novvoyxona, avtomobillar uchun to‘xtash joyi va boshqa qulayliklar bunyod etildi. Manzarali daraxt va gullar ekildi. 

Shuningdek, masjid yonida 128 o‘ringa mo‘ljallangan imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi. 

Prezident nuroniylar va imom xatiblar bilan suhbatlashdi. 

O‘tmishda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz hayoti va ma'naviy merosini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Aholi ziyorat qilib, chinakam ma'naviy ozuqa oladigan bunday ma'naviy-ma'rifiy maskanlarni yanada obod qilib, kelajak avlodlar uchun saqlashimiz kerak, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: