Qoraqalpog‘istonda qariyb 10 ming ish o‘rni yaratiladi

O‘zbekiston 12:30 / 16.12.2017 11653

Qoraqalpog‘istonda prezidentning avvalgi tashrifidan so‘ng 2 ming 112 loyiha amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ushbu loyihalar natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 11 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2018-2019 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi doirasida yana 1 ming 309 loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirishga tashabbuskor korxonalar va tijorat banklari mablag‘lari, xorijiy investitsiyalar yo‘naltiriladi. Buning natijasida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi, mahalliylashtirish va qayta ishlash darajasi oshadi, 10 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi. 

Hudud sanoatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida mamlakatdagi yirik korxonalar ham jalb etilgan. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati Taxiatosh tumanida metall konstruksiyalar va nostandart jihozlar, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Qorao‘zak tumanida temir-beton mahsulotlar va qum-shag‘al ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. 

Davlat rahbari Taxiatosh tumaniga tashrifi davomida Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Tebinbuloq konini o‘zlashtirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Kon temir rudasining ulkan zaxirasiga ega. Ushbu konni o‘zlashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Natijada 2021 yildan boshlab yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni tashkil etish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida direksiya tashkil etildi.

Ko‘proq yangiliklar: