Biznes ombudsman Toshkent viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda

O‘zbekiston 12:28 / 16.12.2017 4922

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — biznes ombudsman 13–15 dekabr kunlari Toshkent viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda viloyatdagi tuman va shaharlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, unda ishtirok etuvchi tadbirkorlar o‘z muammolari va faoliyatlarini yanada rivojlantirish uchun zarur yordamlar yuzasidan Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat etish imkoniyati yaratib berildi.

Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va tadbir ishtirokchilari viloyatdagi bir qancha tadbirkorlik sub'yektlarining ishlab chiqarish obektlarida ham bo‘ldi.

Uchrashuvlarda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan aksariyat muammolar joyida hal etilmoqda.

Jumladan, O‘rtachirchiq tumanida faoliyat yurituvchi “Klassik Nur” MChJ rahbari O.Ergashev tomonidan barcha tegishli harakatlar amalga oshirilgan bo‘lsada, tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan elektr tarmog‘iga ulab berilmayotganligi yuzasidan qilgan murojaati joyida hal etilib, tadbirkorlik sub'yekti elektr tarmog‘iga ulab berildi va o‘z faoliyatini boshladi.

Shuningdek, Olmaliq shahrida joylashgan “Eko stayl” MChJ rahbari Z.Ergashevning mutasaddi tashkilotlar tomonidan gaz tarmog‘iga ulanishga ruxsat berilmayotganligi natijasida o‘z faoliyatini boshlay olmayotganligi bo‘yicha qilgan murojaati qanoatlantirilib, korxona gaz tarmog‘iga ulab berildi. Natijada 250 dan ortiq ish o‘ringa ega bo‘lgan korxona o‘zining ishlab chiqarish faoliyatini boshladi.

Bundan tashqari, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli davlat organlari rahbarlariga ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ular alohida nazoratga olinmoqda.

Vakilning Toshkent viloyatidagi tadbirkorlar bilan muloqoti 16 dekabr kuni ham davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: