«​Biz farmatsevtika bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishimiz kerak»​. Bangladesh elchisi bilan suhbat

Jahon 22:30 / 16.12.2017 7934

Bugun, 16 dekabr kuni Bangladesh Respublikasi mustaqilligi e'lon qilingan sana hisoblanadi. Hindiston yarimorolining sharqiy qismida joylashgan ushbu mamlakatda 163 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning aksariyati Islom diniga e'tiqod qiluvchi musulmonlardan tashkil topgan. Mamlakatning iqtisodiy qudrati mos ravishda ishlab chiqarilayotgan YaIM 248 milliard AQSh dollariga teng ekanini ko‘rsatadi.

Kun.uz muxbiri ushbu yurt bilan yaqindan tanishish maqsadida Bangladeshning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan bilan suhbatlashishga qaror qildi. Elchi janoblari o‘zining mamlakatga kelganda his etgan ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlasha boshladi.

«​Avval O‘zbekiston haqida ko‘p narsa bilar edim, deya olmayman. Shunga qaramay, shu yerga kelishimdan avval, yetarlicha tushuncha hosil bo‘lgandi. Nega desangiz, bizni bog‘lab turuvchi umumiy tarix bor. Boburiylar davlati janubiy Hindiston yarimorolida o‘chmas iz qoldirgan. Tabiiyki, maktabning boshlang‘ich sinflaridan, tarix fani orqali boburiylar haqida ko‘p o‘qiganmiz. Bobur, Humoyun, Akbar, Jahongir, Shoxjahon va Avrangzeb... bu hukmronlarning barchasi menga yaxshi tanish»​, deb so‘z boshlaydi elchi.

Mosud Mannanning aytishicha, ikki xalqning oshxonasi va musiqasi haqida gapirganda, uchrab turadigan bir xilliklarni alohida ta'kidlash lozim.

«Masalan, mening diyorimda O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan non turlari yo‘q bo‘lishi mumkin, ammo biz ham uni Nan deb ataymiz, shashlik va turli kaboblarni Dakkada ham topish mumkin. Qolaversa, cholg‘u asboblari haqida so‘z ketganda, ikki mamlakat uchun qadrdon bo‘lgan dutorni eslab o‘tish kerak», deb fikr bildiradi u.

Bugungi kunda Bangladesh davlati yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida dunyo yetakchisi - Xitoy ketidan ikkinchi o‘rinda  jadal rivojlanmoqda. Ayni shu sohada O‘zbekiston bilan yaxshi iqtisodiy aloqalarni o‘rnatgan Bangladesh hukumati oliy navli paxta xom-ashyosini sotib oluvchi importyorlardan biri sanaladi. Ammo, elchining ta'kidlashicha, «​mamlakatlarimiz boshqa tarmoqlarga ham e'tibor qaratib, o‘zaro manfaatdor aloqalarni rivojlantirishi mumkin»​.

«Bu - farmatsevtika, ya'ni dori-darmonlar va tibbiy anjomlarni ishlab chiqarish tarmog‘idir. O‘zbekistonda bu soha yanada rivojlanishga muhtoj, haligacha ichki bozorni to‘yintirish uchun Yevropa, MDH va Hindiston, jumladan, Bangladeshdan dori-darmonlar import qilinadi. Agar Bangladeshning katta hajmdagi farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarishi va ularning eksporti bilan shug‘ullanishini hisobga olsak, Markaziy Osiyo bozorida qo‘shma korxonalarni tashkil etish o‘zaro manfaatli bo‘lishini anglash mumkin», deb fikr bildirgan Mosud Mannan.

Shuningdek, elchi Bangladeshga chegaradosh Myanma zaminida harbiylarning bosimi ostida o‘z uyini tark etishga majbur bo‘layotgan rohingyalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Albatta, ular Myanma fuqarolari va xalqi, garchi bizga o‘xshab kiyinsa ham, odatlansa ham... Ular Myanmada tug‘ilib, o‘sgan shu yurtning xalqi hisoblanadi. 1947 yildan boshlab Myanma mustaqil davlat sanaladi, qanday qilib asrlar davomida shu hududda yashab kelgan xalq, bugunga kelib Myanma fuqarolari emas? Shunga qaramay, Myanma rasmiylari ularni o‘z uyini majburlikdan tashlab chiqib ketishini jim kuzatib turibdi. Vodiyda yashab qolganlar esa normal hayot kechirmaydi. Masalani faqat o‘zaro anglashuv orqali hal qilish mumkin», deydi u. 
Suhbatning to‘liq shaklini quyidagi havola orqali video shaklida tomosha qilishingiz mumkin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Ko‘proq yangiliklar: