Andijon olimpiya zaxiralari kollejida sportning 21 turini jamlagan festival bo‘lib o‘tdi

Sport 20:09 / 16.12.2017 12221

12-15 dekabr kunlari viloyatda sportning yakkakurash turlari va jang san'ati bo‘yicha “Biz tinchlik tarafdorimiz” shiori ostida II an'anaviy sport festivali bo‘lib o‘tdi.

Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan musobaqalarning birinchi bosqichi tuman va shaharlarda o‘tkazilib, final bahslari olimpiya zaxiralari kollejining manejida tashkil etildi.

Sportning 21 turi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda sportchilar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdilar.

Yosh sportchilarning og‘ir atletika, boks, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san'ati, yunon-rum kurashi, karate, ushu, qilichbozlik va boshqa turlardagi bahslari keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Barcha musobaqalarni sport majmuasiga yig‘ilgan ikki mingga yaqin tomoshabinlar kuzatib bordilar.

Festivalning tantanali taqdirlash marosimida jang san'atini egallab kelayotgan yoshlar ko‘rgazmali chiqishlarda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Tadbirda so‘z olgan olimpiyada chempioni Muhammadqodir Abdullayev, sohaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latovlar yosh sportchilarga o‘z tilaklarini bildirdi.

G‘olib va sovrindorlar, ularning murabbiylari viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tayyorlangan kuboklar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon.
Muallif olgan suratlar

Ko‘proq yangiliklar: