«Ha, zarar keltiradi» - Facebook tan oldi 

Fan-texnika 09:32 / 16.12.2017 13111

Facebook ijtimoiy tarmog‘i tadqiqotchilarining tan olishicha, ijtimoiy tarmoqda yangiliklarni ko‘rish odamga zarar yetkazishi mumkin, deya xabar qilingan kompaniya blogida.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining tadqiqotchilari Devid Ginzberg va Moyra Burke «Murakkab savol: ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan vaqt bizga zarar yetkazishi mumkinmi?» sarlavhali maqolada yangiliklar lentasini sustlik bilan ko‘rib o‘tirish odamlarning ruhiy sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelingan.

«Umuman olganda, odamlar ma'lumotlarni sustlik bilan qabul qilish jarayoniga ko‘p vaqt ajratishsa, ular ana shundan keyin o‘zlarini yomon his etadilar», - deyiladi maqolada.

Michigan universiteti talabalari orasida o‘tkazilgan tajriba esa misol tariqasida keltirildi. Ba'zilaridan o‘n daqiqa davomida yangiliklar lentasini o‘qishni so‘rashgan bo‘lishsa, boshqalardan – postlar joylashtirish hamda do‘stlar bilan muloqot qilish so‘raldi. Birinchi guruhdagi talabalarning kayfiyati kun oxiriga kelib ikkinchi guruh qatnashchilariga qaraganda ancha yomonlashgan.

Bundan tashqari, xabar qilinishicha, «o‘rtacha statistik foydalanuvchiga nisbatan havolalar orqali boshqa sahifalarga o‘tgan yoki o‘rtacha foydalanuvchiga qaraganda postlarga ikki bora ko‘proq layklar bosgan» odamlarning ruhiy holati ancha yomonroq bo‘lgan.

Facebook tadqiqotchilarining taxminiga ko‘ra, «boshqa odamlar haqida onlayn o‘qish salbiy ijtimoiy taqqoslashlarga olib kelishi mumkin».

Biroq kompaniya foydalanuvchilarni Facebook’da ko‘proq vaqtni o‘tkazishga chaqirmoqda, masalan, eski do‘stlar bilan muloqot qilish, kichik guruhlarda munozaralar olib borish yoki do‘stlar bilan kontentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashish – tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bular foydalanuvchini baxtliroq qilishi mumkin ekan.

Ko‘proq yangiliklar: