O‘zbek va koreys mutaxassislari internet tarmog‘idagi jinoyatlarga qarshi kurashish​ bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 18:16 / 15.12.2017 4893

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Janubiy Koreya Bosh prokuraturasi kompyuter texnologiyalari sohasidagi va internet tarmog‘idagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni muhokama qilmoqda. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati tarqatgan xabarda shunday deyiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi (EKBM) boshlig‘i, podpolkovnik Nail Galipshin va IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Baxtiyor Berdialiyev Koreya Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Raqamli ekspertizalar milliy markazi Raqamli ekspertizalar divizioni (NDFC​) mutaxassislari bilan muzokaralar olib borishdi.

Uchrashuvda mehmonlarga IIV EKBM tuzilishi, Bosh markaz hamda uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan o‘tkaziladigan ekspertizalar va tadqiqotlar turlari, Ekspert-kriminalistika xizmatining Tergov departamenti bilan o‘zaro hamkorligi tamoyillari haqida batafsil gapirib berildi.

IIV EKBM rahbari ta'kidlaganidek, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida daktiloskopiya, hujjatlarning texnik ekspertizasi, avtotexnika ekspertizasi, ballistika, trasologiya, fizikaviy-kimyoviy tadqiqotlar va boshqa an'anaviy hamda maxsus tadqiqotlar bilan bir qatorda kompyuter ekspertizalarini o‘tkazish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi.

Hozir IIVda EKBM tarkibida kompyuter ekspertizalarini o‘tkazish bo‘linmasini tuzish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda globallashuv jarayonlari jamiyat va davlat hayotiy faoliyatining barcha sohalarini qamrab olgan. Shuning uchun zamon axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmishlarni va bunday jinoyatlarga aloqador shaxslarni aniqlashga qodir bo‘lgan mutaxassislarga ehtiyojni keltirib chiqarmoqda.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xavotiri o‘rinli. Chunki internetdan foydalanuvchilar soni kundan-kunga ortmoqda. Mobil kommunikatsiya qurilmalarining imkoniyatlari kengaymoqda. Buning natijasida ham ijtimoiy tarmoqlarning obunachilari soni ko‘paymoqda. Terrorchilik tashkilotlari a'zolari ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z saflariga odam yollayapti. Bundan tashqari, jinoyatchi kimsalar global «o‘rgimchak to‘ri»da fuqarolar haqida joylashtirilgan ma'lumotlardan foydalanib ularning, shuningdek, yuridik shaxslarning banklardagi hisob raqamlariga kirib, pul mablag‘larini o‘maryapti.

Bu zamonaviy jinoyatchilar qo‘yayotgan tuzoqlardan bir qismi, xolos. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga daxldor shaxslar qo‘llaydigan usullar ham ko‘pincha axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash bilan bog‘liq. Internetga in qo‘ygan firibgarlar haqida OAV aholini muntazam ravishda xabardor qilib boryapti. Ammo shunga qaramay sodda, ishonuvchan fuqarolar ularning to‘riga ilinib qolyapti. Buning oqibatida, IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga qaraganda, mazkur toifadagi firibgarlardan jabr ko‘rganlardan tushayotgan arizalar soni ortmoqda.

Shu munosabati bilan Koreya Respub­likasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Raqamli ekspertizalar milliy markazi Raqamli ekspertizalar divizioni mutaxassislarining tajribasi mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Uchrashuvda ushbu Divizion direktori Choy Jong Mu va uning boshqa mas'ul xodimlari Divizionning tashkil etilish tarixi va rivojlanish yo‘li hamda istiqbollari, tashkilot xodimlarining faoliyat tamo­yillari, ular oldida turgan vazifalar xususida gapirib berdilar. Bundan tashqari, ular tomonidan tergov harakatlarini va raqamli ekspertizalarni o‘tkazish usullari hamda uslublarini o‘rgatish bo‘yicha trening tashkil etildi.

Tomonlar kompyuter ekspertizalari sohasida o‘zaro tajriba almashish, Koreya Respublikasi delegatsiya a'zolari faoliyat ko‘rsatadigan bo‘linmada mamlakatimiz mutaxassislarini o‘qitish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Muloqot bir-birini tushunish va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: