Toshkent va Kiyev shaharlari o‘rtasida aviaqatnov yuzasidan rasmiy tushuntirish berildi

O‘zbekiston 21:52 / 15.12.2017 10224

Toshkent va Kiyev shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qachon amalga oshirilishi borasida aniq ma'lumot tarqatilmagan. «Davavianazorat» inspeksiyasining ma'lum qilishicha, joriy yilning 12-14 dekabr kunlari OAV hamda ijtimoiy saytlarda Toshkent va Kiyev o‘rtasida muntazam havo qatnovining qayta tiklanishi haqida xabar tarqaldi. Mazkur xabar dastlabki muzokaralar ortidan tarqagan ma'lumot hisoblanadi.

2017 yil 12 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining «Davavianazorat» inspeksiyasida O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida havo qatnovi sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida ikki davlat aviatsiya ma'muriyatlarining delegatsiyalari o‘rtasida tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Inspektsiya tarqatgan rasmiy xabarda aytilishicha, tomonlar o‘rtasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar hamon mavjud. 

Belgilangan masalalar hal etilishi bilan, tomonlar Toshkent va Kiyev o‘rtasida parvozlar amalga oshirilishi bo‘yicha muzokaralar davom etadi. Hozirgi vaqtda aviaqatnovlar amalga oshirilishining aniq muddatlari tasdiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abduvaliyev ikki mamlakat vakolatli organlari mazkur masalani ko‘rib chiqish chog‘ida, eng avvalo, odamlar - talabalar, biznes vakillari va boshqalarning manfaatlarini hisobga olishlari lozimligini ta'kidlagandi. Uning fikricha, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi parvozlarning yaqin vaqt ichida qayta yo‘lga qo‘yilishi uchun elchixona barcha imkoniyatlarini ishga solmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: