Suriya urushi. Rossiya bu yerda nimalarga erishdi va IShIDdan keyin vaziyat qanday tus oladi?

Jahon 18:00 / 15.12.2017 62211

6 dekabr kuni Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Suriyada IShID guruhi butunlay yakson etilgani va jangarilar qo‘lidagi hududlar ozod etilganini e'lon qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kuni Suriyaning Xmeymim shahrida joylashgan bazaga bordi. U Suriyadagi Rossiya harbiy kontingentining asosiy qismini ortga qaytarishga buyruq berdi. 

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya 2015 yildan buyon Suriyada nimalar qildi?

Noyabr oyidayoq Rossiyada yil oxiriga qadar Suriyadagi harbiy amaliyotlar yakunlanishi haqida gapira boshlashgandi. 20 noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida Putin va Bashar Asad o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi va unda harbiy kampaniya yakunlangani e'lon qilinganidan keyin tashlanadigan qadamlar muhokama etildi.

«Juda yaqin vaqt ichida asosiy vazifalar yakunlanadi. Ammo terrorizm ustidan to‘liq g‘alaba haqida aytish uchun hali uzoq», degandi o‘shanda Putin.

Foto: The Times

Keyingi kuni, 21 noyabr kuni esa Putin Sochida Eron va Turkiya rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Buni o‘ziga xos tarzda «G‘oliblar uchrashuvi», deb ham atash mumkin edi. Bu uchrashuvda ham siyosatchilar Suriya istiqbolini muhokama qilishgan. O‘shanda Suriya hukumati kuchlari mamlakatning «98 foizlik hududida nazorat o‘rnatgani» haqida aytilgandi.

Ular bir ovozdan Suriyadagi masalalarga boshqa davlatlar qonuniy prezident Bashar Asadning ruxsatisiz aralashmasligi kerakligi haqida ma'lum qilishdi.

«Qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan terrorchilik o‘choqlari mavjud. Ammo bizning harbiy-kosmik kuchlarimiz ularni ham yo‘q qiladi», degandi Putin.

Putinning Suriyaga tashrifi va kontingentni qisqartirishga buyruq berganidan keyin aviaguruhlar va harbiylarning katta qismi Rossiyaga qayta boshladi.

Rossiya harbiylari ketishmoqda, ammo ular qolishadi ham. 

Xalqaro ekspertlarning baholashicha, bu qaror Vladimir Putin Rossiya prezidentligi uchun navbatdagi saylovoldi kampaniyasi boshlashi bilan bog‘lashmoqda. U 6 dekabr kuni navbatdagi saylovda ham qatnashmoqchiligi haqida ma'lum qilgandi.

Avgust oyida «Levada-sentr» tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada, respondentlarning 49 foizi Rossiya Suriyadagi harbiy kampaniyani yakunlashini istashi ma'lum bo‘lgandi.

2015 yilning 30 sentabrida Rossiya Suriya yerida qonuniy prezident Bashar Asad iltimosiga binoan harbiy amaliyotlarga kirishgandi. O‘shanda butunlay boshqacha kartina edi, mamlakat fuqarolik urushi botqog‘iga botgan, Suriya armiyasi IShIDning hujumlariga dosh bera olmas va jangarilar mamlakatning katta qismini bosib olgandi. Turli tomonlarda xorijiylar, Fors ko‘rfazi davlatlari va AQSh manfaati uchun kurashadigan kuchlar urush olib borardi.

Rossiya mojaroga aralashgach, kuchlar muvozanati keskin o‘zgardi. Birinchi navbatda, Suriyani O‘rta Yer bilan bog‘lovchi Halab ustidan nazoratni qaytarishga erishildi. Shu bilan bir vaqtda AQSh qo‘llovidagi kurdlar Raqqadan Suriya shimoli-sharqiga chekintirildi. IShID jangarilari faqat Idlibda qoldi.

Suriyadagi kampaniya davomida Rossiya aviatsiyasi 30 mingdan ortiq harbiy parvozlarni amalga oshirdi va 92 mingdan ortiq aviazarbalar berdi. Dengizdan turib to‘qqiz marta raketa zarbalari amalga oshirildi - 70 dan ortiq qanotli raketalar uchirildi.

Foto: TASS

Suriya qirg‘oqlariga «Admiral Kuznetsov» ham keltirildi (Rossiyaning eng yirik harbiy kemasi). Kreyser Shimoliy flotning kemalar guruhini himoyalab turdi. Uning Qora dengizni oshib o‘tishi uchun xarajatlar 170 million dollarga baholandi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ikki yil ichida Suriyada 38 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Ammo Reyter agentligi ma'lumotiga ko‘ra, bu raqam ikki barobar ko‘proq - 78 kishi.

2016 yil martida Vladimir Putin Rossiya Suriyadagi harbiy kampaniya uchun 33 milliard rubl sarflanganini ma'lum qilgandi. Bu Suriyadagi har bir kun uchun 180 million rubl ketishini anglatadi.

«Yabloko» ma'lumotiga ko‘ra esa, Suriya kampaniyasi Rossiya uchun 140 milliard rublga tushgan (2,4 milliard dollar atrofida). Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi bu raqamni inkor qiladi. Rossiya ikki yillik kampaniya uchun qancha xarajat qilgani haqida rasman ma'lumot yo‘q.

Rossiya Suriyada ikki yildan oshiq vaqt davomida jang qildi. Tahlilchilar Rossiyaning Suriyaga kirishdan maqsadini jahon sahnida o‘z obro‘yini ko‘tarishga qaratilgan qadam sifatida baholashmoqda. Ularning fikricha, Rossiya Suriyada o‘zini tinchlikparvar kuch sifatida ko‘rsatish orqali AQShning jahondagi mavqeini tortib oldi.

Foto: Getty Images

Kampaniyada Rossiya o‘z maqsadlariga erishdi - IShIDga ayovsiz zarbalar berildi va Asadning muxolifati mag‘lub etildi hamda Rossiyaning O‘rta Yer dengizidagi mavqei bemisl darajada kengaydi. Bu kampaniya Rossiyani Yaqin Sharqqa qaytardi, barcha siyosatchilar, shu vaqtgacha Putin bilan kelishmaydiganlari ham endi Suriya masalasida uning so‘zlariga quloq tutishga majbur bo‘la boshlashdi.

Putinning asosiy maqsadi ham shu edi - G‘arb davlatlari uning aralashuvisiz mintaqadagi muammolarni hal etish imkonsiz ekanini tushunib yetishdi.

Rossiya qanday urush olib bordi?

Foto: Fast News

Xalqaro hamjamiyat bot-bot Rossiyaning Suriyaga kirishini qoralab chiqqan bo‘lsada, ular Rossiyaning diplomatik va harbiy salohiyati evaziga natijalarga erishilganini ham tan olishadi.

Rossiya Asadga yashab qolishda yordam berdi va shu bilan birga mintaqada o‘z ta'sirini yoydi. 

Rossiya AQShni mintaqadagi eng asosiy o‘yinchi maqomidan siqib chiqardi. Rossiya Eron va Turkiyani ham o‘z ichiga oladigan ramziy alyansda dirijyorlik qildi hamda Suriya kelajagini belgilab berdi. Livandagi «Hizbulloh» harakati va Suriyadagi shialar ham Asad boshchiligidagi alaviylarni qo‘lladi. Hatto Saudiya Arabistoni Kreml sari yo‘l ochishga majbur bo‘ldi - qirol Moskvaga borib keldi.

Rossiya AQSh va uning ittifoqchilarining keyingi davrdagi harbiy kampaniyalarda yo‘l qo‘ygan xatolaridan saboq chiqargan holda harakatlandi. Rossiya AQSh va uning ittifoqchilari Yaqin Sharqqa demokratiya o‘rnatish uchun qo‘llagan «arab bahori» to‘lqinini diqqat bilan kuzatdi.

Rossiya bu voqealarni pessimistik va pragmatik nuqtai nazar bilan kuzatdi hamda olgan saboqlarini Suriyada qo‘lladi.

Rossiya suriyalik isyonchilarni yangi demokratik tartib ustunlari sifatida ko‘rmadi. Moskva Suriyadagi voqealar oqibatlari Rossiya chegaralaridan o‘tib, mamlakat ichkarisiga qadar yetib kelishi mumkin, degan vaj bilan Yaqin Sharqqa kirdi.

Manba: BBC

Rossiya bu o‘rinda vaziyatni pragmatik nuqtai nazar bilan baholagani ahamiyatli. Moskva o‘zining sobiq ittifoqchisi Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Rossiya o‘zining strategik maqsadini aniq anglar va Suriyaga qancha askar jo‘natilsa, muvaffaqiyatga erishilishini aniq bilardi.

Manba: BBC

«Faqat bir qism isyonchilar qoldi va ular taslim bo‘lmasdan chegaradan tashqaridan olinayotgan yordam evaziga qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda. Ammo ular asosan Turkiyaga qarshi kurashmoqda. Ular Asadga faqat yo‘q qilingunicha yoki Turkiya bilan ularning taqdiri hal qilib olingunicha xavf solib turadi», deydi Oklahoma universiteti professori, Suriya masalasi bo‘yicha ekspert Joshua Lendis.

Rossiya ko‘pchilikning fikricha o‘z xalqini qirgan va qator harbiy jinoyatlar sodir etgan diktatorni qo‘lladi. Rossiya Suriyani zarin va boshqa kimyoviy qurollar ishlatishda ayblagan jahon hamjamiyatidan himoya qilib chiqdi.

Rossiyalik harbiylar Suriyada istagan ishini qildi va istalgan tomonga bomba tashlab, raketalar uchirdi.

AQSh va uning ittifoqchilari ham Suriya va Iroqdagi amaliyotlarda tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlarni amalga oshirgan, ammo ular asosan yuqori aniqlikka ega qurollarni ishlatishgan. Qolaversa, G‘arb mamlakatlari, xususan, AQSh o‘z fuqarolarining noroziliklaridan cho‘chib ham Yaqin Sharqda tinch aholi orasida o‘lim bo‘lishiga keltiruvchi harakatlardan imkon qadar qochishgan. 

Rossiya rahbariyati cho‘chiydigan birgina narsa - rossiyalik harbiylarning Suriyadagi amaliyotlar vaqtida halok bo‘lishidan saqlanish edi.

Suriya muxolifatida nima gap? Ular uchun barchasi tugadimi?

Foto: Sputnik

Suriya muxolifati bir-biriga dushman va tez-tez qurolli to‘qnashuvlarga kirishadigan guruhlardan iborat. Saudiya Arabistoni bu kuchlarning eng ashaddiysiga homiylik qildi. Nisbatan kamroq darajada radikal bo‘lgan guruhlar «Moskva guruhlari» va «Qohira guruhlari» deb atalgan.

Muxolifatning muzokaralar bo‘yicha Oliy qo‘mitasi qat'iy pozitsiyani tanladi - Bashar Asad ketishi kerak!

O‘tgan oyda Oliy qo‘mitaning bir necha ta'sirli rahbarlari, jumladan, tashkilot boshlig‘i Riyoz Hijob lavozimini tark etganini e'lon qildi. Ular bu qarorga xalqaro hamjamiyat tomonidan uyushtirilayotgan bosimni sabab sifatida keltirishdi. Xalqaro hamjamiyat muxolifat Asadga qarshi bormasligi va u o‘z o‘rnida qolishiga rozi bo‘lishini istagandi.

Qochqinlikda yurganlar endi harbiy faollik ko‘rsatishi imkonsiz ish. Suriyaning qo‘shnilari endi avval bo‘lgani kabi ularga homiylik qilib, o‘z yeridan baza ajratishni istashmaydi.

Suriya muxolifatining millionlab tarafdorlari qochqinlarga aylanishgan. Ular Putin va Rossiyaga umid qilishadi, shuningdek, G‘arb Asad rejimini ag‘darib, ularning uylariga qaytishi uchun yo‘l ochishini kutishadi. Ammo buning ehtimoli endi juda kam.

Suriya xalqini esa har qanday qaror qoniqtiradi - muhimi qon to‘kilishi to‘xtasin va mamlakat iqtisodi hamda infratuzilmalar tiklansin. Fuqarolik urushi ularni holdan toydirgan, ular shunchaki tinchlik bo‘lishi va uylariga qaytishni istashadi.

Asosiy o‘yinchilar nima istashadi?

Foto: Financial Times

Vashington Suriyani o‘z holiga qo‘ygan. Aniqrog‘i, Rossiyaga qoldirgan. Ammo Amerikaning bir sharti bor: «Eron bu hududdan ketishi, barcha harbiylarini olib ketishi kerak».

Tramp prezident bo‘lishidan oldinroq Rossiyaning Suriyadagi ishlariga aralashmasligi va Asad o‘z lavozimida qolishiga rozi bo‘lishini aytgandi. Obama ma'muriyati vaqtida ham Rossiyaga hech kim to‘siq bo‘lmayotgandi.

Rossiyada diplomatik jihatdan kuzirlar ko‘p edi. Moskva avvaliga ko‘plab yo‘nalishlarda Barak Obama ma'muriyatini yengib chiqdi. Obama davrida Vashingtonning barcha harakatlari muxolifatni qurollantirishga qaratilgandi va bu harakatlar barbod bo‘ldi. 

Tramp ma'muriyati esa shu vaqtga qadar Suriya bo‘yicha munosabatlar uchun yaxlit dastur ishlab chiqmadi, AQSh istaydigan aniq narsa - Eronning mintaqadagi nufuzi ortishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. AQSh strategiyasining eng samarali elementi kurd harbiy bo‘linmalarini qurol bilan ta'minlab turish bo‘lmoqda.

Vashington kurdlarni qo‘llashda davom etsa, Suriya hukumatiga jiddiy muammolar tug‘iladi. O‘z navbatida, AQSh Yaqin Sharqda o‘z richagiga ega bo‘ladi. Bu mamlakatda urushdan keyingi tiklanish jarayonida qiyinchiliklar tug‘diradi.

Agar AQSh Damashqni pulsiz qoldirsa, Rossiya va Eronning mintaqadagi g‘alabasiga soya tashlaydi. Shu bilan birga, kurdlarni qo‘llashda davom etar ekan, AQSh Turkiya, Suriya va Iroqning noroziligiga sabab bo‘ladi.

Donald Tramp kurdlar haqida nimani o‘ylayotgani hozircha tushunarsiz. Ayrim xabarlarga ko‘ra, u Anqarani IShID tor-mor etilgani tufayli kurdlarga qurol yetkazib berishini to‘xtatishiga ishontirgan. 

Bunday va'da Turkiyani xotirjam qilishi mumkin, ammo kurdlar bu yangilikni xiyonat sifatida qabul qilishadi. Vashington qurol yetkazib berishni to‘xtatsa, ular Suriya uchun oson o‘ljaga aylanishadi va Damashq kurdlarning pozitsiyalariga hujum boshlashi mumkin bo‘ladi.

Yuqorida aytilganidek, Turkiya va Eron Rossiyaning ittifoqchilari. Avvaliga Turkiya Asadning ketishini talab qilayotgandi, yakunda kuchlar muvozanati o‘zgarishi ortidan o‘z strategik manfaatlari haqida qayg‘urishga qaror qildi. Anqara uchun, birinchi navbatda, hududda kurdlar muxtoriyati tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslik turadi. Bu zarurat tufayli Anqara Rossiya bilan ham, Tehron bilan ham hamkorlik qilishga rozi.

Mintaqaning boshqa o‘yinchilari ham shunday bo‘lishiga rozi. Saudiya Arabistoni AQShning yo‘lidan qolmaydi, shu vaqtgacha Bashar Asadning ketishini qat'iy talab qilgan saudlar endi jim. 

Yana bir qiziqarli tomon bor - Isroil. Bu davlat ham Rossiyadan bir narsani talab qiladi - Eronning Suriyadagi ta'sir doirasi cheklanishi kerak.

Suriya demokratik kuchlari Raqqadan chekintirilgach, kurdlar Suriyaning shimoli-sharqidagina nazoratni o‘z qo‘lida saqlab qolmoqda. Shu bilan birga ularning qo‘lida neft zaxiralari mavjud va bu muzokaralarda muhim o‘rin tutishi mumkin. Ular hamon muxtoriyat umidini uzishgani yo‘q. Ammo Turkiya bunga qattiq qarshilik qilmoqda va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham kurdlar Sochi muzokaralarida qatnashmasligini talab qildi.

«O‘yinchilar Rossiyaning qarorlariga rozi bo‘ladilarmi yoki yo‘q, lekin Rossiya vaziyatni istagancha o‘zgartirishi mumkinligini tan olishadi va u bilan hisoblashishadi», deya vaziyatni baholaydi Bi-Bi-Si siyosiy sharhlovchisi Edgar Jallod.

Rossiyani hali oldinda ba'zi diplomatik muammolar kutib turgan bo‘lishi mumkin. Qisqa muddat uchun Moskva, Tehron va Anqara bir maqsad yo‘lida ittifoqchilik qilishi mumkin. Ammo o‘rta muddatli manfaatlar ularni ayirishi ham mumkin.

Hozirda Isroil Rossiyaga Eronning Suriyadagi mavqei cheklanishini talab qilib, diplomatik yo‘llar bilan bosim o‘tkazmoqda. Ammo Isroilda harbiy qudrat ham bor va ular o‘zlariga tahdid sezishsa, Suriyadagi voqealar rivojiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Rossiya hamisha Suriyada bo‘ladimi?

Rossiyaning Suriya kelajagi borasidagi rejalari aniq emas. Moskva ba'zi muxolif guruhlar bilan ham aloqada bo‘lib turadi, ruslar ularni o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirish uchun harakat qiladi. Ammo bu qisqa muddatli kelishuvlar va amal qilish muddati noma'lum.

Qaytarib olingan hududlarni saqlab qolishga Asadning qurbi yetadimi? "Hizbulloh" va boshqa shia guruhlari Suriyada qoladimi? Agar ular Suriyada qolishsa, kimning manfaati uchun harakat qiladi - Suriyaningmi yoki Eronning?

Foto: Getty Images

Rossiyaning Suriyadagi natijasini g‘alaba deb atasakda, bu hali yakuniy g‘alaba emasligini qo‘shimcha qilish kerak. Moskvaning Suriya kelajagi bilan bog‘liq boshqa rejalari ham bo‘lishi mumkin.

Agar Bashar Asad hukumat tepasidan ketkazilsa, Rossiyaning pozitsiyasi qanday bo‘ladi? 

Putin Suriyadagi urush orqali qator yutuqlarga erishdi. Rossiya o‘zini ishonchli ittifoqchi sifatida namoyish etdi. Rossiyalik harbiylar mamlakat tashqarisida ham qiyin amaliyotlarni bajarishga qodir ekanliklarini ko‘rsatishdi. Suriya Rossiya qurol-yarog‘larini sinash va namoyish etish uchun poligon vazifasini bajarib berdi.

Rossiya dastlab 1970 yilda Yaqin Sharqdagi muhim o‘yinchilardan biriga aylandi. Keyinroq SSSR qulashi ortidan ruslar bu mintaqadan ketishdi. Ammo keyingi yillarda AQSh siyosatidagi o‘zgarishlar fonida Rossiya yana o‘z mavqeini tikladi.

Rossiya jahon arenasiga qaytdi. Suriya xalqining azoblarida birgina Rossiya emas, barcha xorijiy davlatlar aybdor ekani hisobga olinsa, Putinning natijalarini yutuq deb baholash mumkin.

Suriyaning taqdiri qachon va qanday hal etiladi?

Foto: Reuters

AQSh Suriya masalasi bo‘yicha qarorlar qabul qilishdan butkul chetlatilgan va bu ishni Rossiyaga qoldirgan. 

Rossiya, Eron va Turkiya uchligi muzokaralarida Suriya taqdiri hal etiladi. Shu oyda bo‘lib o‘tadigan Milliy muloqot kongressida barcha manfaatdor tomonlarning kelgusi harakatlari belgilab olinadi. Sochida o‘tkaziladigan bu forumning asosiy mavzusi Suriyaning 2011 yildagi holatga qaytarishdir. Unga ko‘ra, barcha xorij kuchlari mamlakatni tark etishi va Suriyada faqat Rossiya harbiy bazasi qolishi kerak.

G‘arbni ortda qoldirgan Rossiyaning maqsadi aniq: Kreml status-kvoni va Yaqin Sharqdagi eng asosiy ittifoqchisini saqlab qolishni istaydi.

G‘arbning Suriyadagi maqsadi murakkabroq. G‘arb bu mamlakatni yaxlit demokratik davlat sifatida ko‘rishni istaydi.

Hozirda G‘arb oldida qiyin tanlov turibdi: bir tomondan Suriyaning yaxlitligini saqlab qolish kerak, hatto bu Bashar Asad hukumat tepasida ma'lum muddat qolishini talab etsa ham.

Boshqa tomondan, jahon hamjamiyati Sochi konsensusomini so‘zsiz qabul qila olmaydi.

Ularning istagiga ko‘ra, tinch muzokaralardan keyingi demokratik saylovlar orqali hukumat o‘zgarishi kerak. Bu saylov natijalari esa Rossiya tomonidan ham qabul qilinishi kerak bo‘ladi.

Aziz Qarshiyev

Ko‘proq yangiliklar: