Rossiya samolyotlari Suriyada koalitsiya hududiga kirdi, ruslar aksini aytmoqda

Jahon 09:40 / 15.12.2017 18091

13 dekabr kuni Suriya havo kengliklarida AQSh Harbiy havo kuchlari samolyotlari Rossiyaning Su-25 shturmoviklari bilan to‘qnashishiga bir baxya qoldi.

The Independent nashri nomini sir tutgan amerikalik amaldorga asoslanib xabar berishicha, AQSh Harbiy havo kuchlarining F-22 rusumli qiruvchi samolyoti Rossiyaning Su-25 rusumli samolyotlari kelishuvni buzib, koalitsiya tasarrufidagi hududga kirganida ogohlantiruvchi raketalar uchirgan. Shundan keyin rossiyaliklar samolyotlari hududni tark etgan.

Amerikaliklar manbasi so‘zlariga ko‘ra, bu hududda tarang vaziyat bir necha daqiqa saqlanib turgan.

Keyinroq Pentagon vaziyat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa voqealar rivojini boshqacha talqin qilmoqda.

Amerika tomoni bayonotiga ko‘ra, ikkita Su-25 Suriyaning Abu-Kamol shahri yaqinida Frotning sharqiy qirg‘og‘iga o‘tgan (Rossiya bilan tuzilgan  kelishuvga ko‘ra daryoning ikkinchi tomoni koalitsiya nazoratida). Bu samolyotlarni koalitsiyaning quruqlikdagi harakatlari xavfsizligini ta'minlovchi ikkita F-22 samolyotlari kutib olgan.

Pentagon talqiniga ko‘ra, F-22 samolyotlari Su-25 samolyotlari hududni tark etishi uchun ko‘plab manyovrlar amalga oshirgan, jumladan, atrofga to‘lqin tarqatilgan, ogohlantiruvchi raketa uchirilgan. Shuningdek, rossiyalik uchuvchilar bilan bog‘lanib, ulardan hududdan ketish so‘ralgan.

Ma'lum bir lahzalarda rossiyaliklarning samolyotlaridan biri F-22 samolyotiga juda yaqin kelgan. Amerikaliklar bu vaziyatda to‘qnashuvdan qochish uchun agressiv harakatlar amalga oshirishga majbur bo‘lishgan. Xuddi shu vaziyatda osmonda Rossiyaning Su-35 samolyoti paydo bo‘lgan, u boshqa bir F-22As samolyotini ta'qib qilgan.

Bu holat 40 daqiqa davom etgan, keyin rossiyaliklar samolyoti Frotning g‘arbiy qirg‘og‘iga qaytib ketgan. Pentagon bu vaqtda doimiy ravishda Rossiya tomoni bilan aloqada bo‘lib turgan va vaziyatni taranglashtirmaslikka harakat qilgan.

Rossiya Mudofaa vaziri voqeani boshqacha tarzda hikoya qilmoqda.

RF Mudofaa vazirligining bayonotiga ko‘ra, 13 dekabr kuni ikkita Su-25 samolyotlari Mayadin hududida 3300 m balandlikda gumanitar karvonni qo‘riqlab borgan. Shu vaqtda Frotning sharqiy sohili tomonidan amerikaliklarning F-22 qiruvchi samolyotlari uchib kelgan. Bu samolyotlar turli manyovrlar bilan Su-25 samolyotlariga xalaqit qila boshlagan. Shundan so‘ng 10 ming metr balandlikdagi Su-35S pastga tushib, F-22 samolyotining ort tomoniga o‘tgan, natijada amerikaliklar hududni tark etishga majbur bo‘lgan.

Pentagon tomoni qayd etishicha, noyabr oyida tomonlar Rossiya Frotning g‘arbiy qirg‘og‘ida, koalitsiya kuchlari esa sharqiy qirg‘oqda harakatlanishi bo‘yicha kelishib olgandi.

Kelishuvga qaramasdan, amerikaliklar ma'lumotiga ko‘ra, Rossiya samolyotlari tez-tez bu kelishuvni buzmoqda. Rossiya va Suriya aviatsiyasining harbiy uchishlaridan 10 foizi koalitsiya tasarrufidagi havo kengligiga to‘g‘ri keladi. Amerikaliklar bunday harakatlar adashuv tufaylimi, yoki qasddan qilingan, aniqlay olmasliklarini aytishadi.

Pentagon ma'lum qilishicha, koalitsiya kuchlari agar Rossiya samolyotlari koalitsiyaga xavf tug‘diradigan harakatlarni amalga oshirsa, urib tushirishiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, bu koalitsiyaning maqsadi Rossiya va Suriyaga qarshi emas, IShID jangarilariga qarshi urush olib borish ekani qayd etilgan.

Abu-Kamol Iroq bilan chegara yaqinidagi shahar bo‘lib, Rossiyaning Xmeymimdagi bazasidan 600 kilometr masofada joylashgan. Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida keltirilgan Mayadin esa Abu-Kamoldan 80 kilometr masofada.

Ko‘proq yangiliklar: