Notarial harakatlar ustidan kelayotgan shikoyatlarga Adliya vazirligi javob berdi

Jamiyat 19:36 / 15.12.2017 14552

So‘nggi paytda tahririyatimizga Toshkent viloyatining ayrim aholi punktlarida joylashgan ko‘chmas mulklarni tasarruf etish bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirish, bino-inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va boshqa shu kabi masalalar yuzasidan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Adliya vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari A.Madaminov bilan bog‘landi.

“Joriy yilning 12 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Toshkent viloyatining ayrim aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishni tartibga solishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi", deb so‘z boshladi boshqarma boshlig‘i.

Madaminovning aytishicha, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Toshkent, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq va Yangiyo‘l tumanlaridagi ayrim aholi punktlari bo‘yicha bosh reja ishlab chiqilayotganligi qayd etib o‘tilgan. Shu sababli, mazkur aholi punktlarida ayrim taqiqlar o‘rnatilgan, xususan:

jismoniy va yuridik shaxslarga qurilish uchun yer ajratishga;

binolar, inshootlar va boshqa obektlar, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va qayta ixtisoslashtirish, shuningdek, ularga ruxsatnomalar berishga;

o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar, inshootlar va boshqa obektlarga nisbatan egalik huquqini belgilashga.

Shu bilan birga, mazkur aholi punktlarida ko‘chmas mulkni tasarruf etish bilan bog‘liq hech qanday taqiqlar o‘rnatilmagan.

Bunday turdagi bitimlarni notarial tasdiqlash jarayonida taraflar yuqoridagi cheklovlar to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantiriladi, xolos.​

Ko‘proq yangiliklar: