Narxlarni shakllantirishda bozor mexanizmlarini joriy qilish 2018 yilda ham davom etadi

Iqtisodiyot 15:22 / 15.12.2017 18211
Foto: Xalqaro press-klub

2018 yilda ham 2017 yilda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda narx-navoni shakllantirishda bozor mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha islohotlar davom ettiriladi. Bu esa, o‘z navbatida 2019-2020 yillarda inflyatsiya darajasini pasaytirishda omil bo‘ladi. Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyada ishtirok etgan spikerlardan biri, Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev shu haqda fikr bildirdi. 

“O‘zbekistonda 2017 yili inflyatsiya  darajasi nima uchun yuqori bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ammo inflyatsiyaga ta'sir qiluvchi omillar haqida so‘z yuritilsa, birinchisi valyuta kursidir. Masalan, 2015 yili Qozog‘istonda milliy valyuta 89 foizga devalvatsiya bo‘ldi. Ularda ham inflyatsiya 14 foizni tashkil etdi. Rossiyada 2 marta ro‘y bergan devalvatsiya natijasida 10-12 foiz inflyatsiya kuzatildi. Joriy yil 5 sentabrda valyuta kursi liberalizatsiya qilindi, Markaziy bankning 1 yanvardagi milliy valyuta kursi deyarli 2,5 baravarga devalvatsiya qilindi. Bu, albatta, inflyatsiya ko‘rsatkichiga bevosita ta'sirini o‘tkazadi. Shuning uchun valyuta devalvatsiyasi asosiy omildir.

Mubin Mirzayev. Foto: Xalqaro press-klub

Ikkinchisi bu narxlarning shakllantirilganligi. Chunki bunda ikkita asosiy omil bor, monetar va nomonetar. Sessiya boshida aytganimdek, biz yillar mobaynida ko‘plab tovarlar narxlarining ushlab turilishi natijasida inflyatsiya darajasi past bo‘lgan, lekin biz buni uzoq davom ettira olmaymiz. Korxonalar zarar ko‘rib ishlamasligi, ishlab chiqarishni kengaytirishi, aholi barcha zaruriy mahsulotlar bilan ta'minlanishi kerak. Shu nuqtai-nazardan biz 2017-2018 yillarda narxlarni liberallashtirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Albatta bu ham narxlarning oshishiga, inflyatsiya darajasi o‘sishiga olib keladi. 

Uchinchidan, bugungi kunda mahsulotlarga bo‘lgan talabni to‘la qondirish yuzasidan xo‘jalik sub'yektlarining xom ashyo zaxiralariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish masalasidir. Bu ham turli xil me'yorlar bilan chegaralab qo‘yilgan edi. Ishlab chiqaruvchi istagan vaqtda xom-ashyo ololmas edi. Kelasi yil 1 yanvardan xom ashyolarning birja orqali savdosini tashkil etish ishlab chiqaruvchilarning o‘z ehtiyojlariga kerak bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish imkonini beradi. Ishlab chiqaruvchilar nuqtai-nazaridan narxlarni shakllantirishda bozor mexnazimlarini qo‘llashiga va ko‘proq foyda ko‘rishiga olib keladi. Buning natijasida yangi texnologiyalari keltiriladi. Ko‘proq mahsulotlar ishlab chiqariladi. 

Shunga binoan, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tagzamirida, mahsulotlar narxini to‘g‘ri shakllantirish va ishlab chiqarish korxonalarining foyda bilan ishlashini ta'minlashdir. Bularning ayrimlari 2017 yilda amalga oshirildi, qolganlari 2018 yilda to‘la joriy etiladi. Shu bilan biz 2019-2020 yillarda narx-navoni hamda inflyatsiya darajasini pasaytirish imkoniga ega bo‘lamiz. Biz buni amalga oshirmasak, inflyatsiya darajasi har yili yuqoriligicha qolaveradi”, - dedi Mubin Mirzayev. 

Ko‘proq yangiliklar: