Moskva politsiyasi Piter teraktini uyushtirgan aka-uka Azimovlarning otasini hibsga oldi

Jahon 00:57 / 15.12.2017 29372

Moskva politsiyasi 2017 yilning aprelida Sankt-Peterburg metrosida terrorchilik akti uyushtirgan aka-ukalar Abror va Akram Azimovlarning otasi Ahrol Azimovni hibsga olgan. Katta Azimovning nega ushlanganiga oydinlik kiritilmagan, deb yozadi Kloop.kg.

Ahrol Azimovning yana bir o‘g‘li Bilol Azimov Kloop.kg jurnalistiga tushuntirish berishicha, o‘zining ushlangani haqida otasi unga WhatsApp orqali yozib yuborgan.

«Tafsilotlardan xabarim yo‘q, otam Moskvada uni ushlashganini yozib yubordi. Hozir u Kuntsevo IIBda ushlanib turibdi. Sababini aytishgani yo‘q, hozir biz advokatlardan yangilik kutmoqdamiz», — degan Bilol.

Bilol Azimovning fikricha, otasining ushlanishiga sabab uning jurnalistlar bilan o‘g‘illarining aybsizligi va ularga nisbatan qiynoq qo‘llanilayotgani haqida suhbatlashgani bo‘lishi kerak.

Kuntsevo politsiya bo‘linmasida Ahrol Azimovning ushlab turilganini tasdiqlashgan, biroq buning sababini aytishdan bosh tortishgan.

Rossiya hukumati aka-uka Abror va Akram Azimovni 2017 yilning aprelida Sankt-Peterburg metrosida portlash uyushtirishda ayblab keladi. Azimovlar Qirg‘izistonda tug‘ilishgan.

Ayblov e'lon qilingach, aka-ukaning otasi videomurojaat suratga olib, o‘g‘illarini «qiynayotganlar»ni jazoga tortishni so‘ragan.

«Ularning boshiga yelim xalta kiydirib, ular qilmagan ishlarni bo‘yniga olishga majburlashgan. Bunday qiynoqlardan keyin har qanday inson o‘zi qilmagan ishlarni bo‘yniga olishi muqarrar», — degan u.

Abror Azimovning ta'kidlashicha, uni 4 aprel kuni hibsga olishgan, FXX esa uning ushlanganini faqat 17 aprelga kelibgina e'lon qilgan. Akramni esa rasman 19 aprel kuni ushlashgan, biroq qarindoshlari MXDQ xodimlari uni 15 aprel kuni O‘shdagi kasalxonadan Moskvaga olib chiqib ketishganini ta'kidlab kelishadi.

Azimovlarning o‘zi teraktga aloqadorligini mutlaqo rad etib kelishmoqda. Avvaliga aybini bo‘yniga olgan Abror Azimov keyinchalik ko‘rsatmalarining barchasidan voz kechgan.

Ayblanuvchilarning advokatlari iqror bo‘lishlari uchun ular qiynoqqa solinganini ta'kidlab kelishadi. Azimovlar qiynoqlar haqida xabar berishganidan so‘ng ham ulardan biri shikoyatini qaytarib olishga «majbur» bo‘ladi — advokatning fikricha FXX xodimlari unga bosim o‘tkazishgan.

Sud har ikki Azimovni, ularning otasi va oila a'zolarini fuqarolikdan mahrum etgan. Human Rights Watch huquq himoyachilari tashkiloti bu qarorni tanqid ostiga olib, Rossiya hukumatini teraktni sinchiklab tergov qilishga, ayblanuvchilar va ularning yuristlarga bosim o‘tkazmaslikka chaqirgan.

Huquq himoyachilari, shuningdek, Akram Azimov Moskvaga qanday kelib qolgani va O‘shdagi kasalxonadan uni kim olib chiqib ketganini aniqlashga chaqirgan.

Sankt-Peterburgdagi terakt 2017 yilning 3 aprelida ro‘y bergan. Portlash 16 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jabrlangan. Tergov portlash vaqtida halok bo‘lgan qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilovni terakt ijrochisi deb hisoblaydi.

Aka-uka Azimovlar esa o‘zlarining qo‘lga olinishini «sahnalashtirilgan» deya ta'kidlab kelishadi.

Ko‘proq yangiliklar: