IShID ustidan g‘alaba e'lon qilindi. Terrorchilar chindan mag‘lub etilganmi?

Jahon 10:50 / 15.12.2017 66564

6 dekabr kuni Rossiya Bosh shtabi Suriyadagi IShID jangarilari yakson etilganini e'lon qildi. Uch kun o‘tib Iroqda IShID ustidan g‘alaba keng nishonlandi. 12 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi harbiy byudjyetni imzolash marosimi chog‘ida Suriya va Iroqda IShID terrorchilik guruhi ustidan g‘alaba qozonilganini ma'lum qildi.

Lekin na AQSh va na Rossiya Suriyadan ketishga shoshilmayapti va jangarilarga qarshi janglar davom etmoqda. Suriya va Iroqda qachon tinchlik bo‘ladi? Quyida mintaqadagi vaziyatni ko‘rib chiqamiz.

IShID mag‘lub etildimi?

Amalda ha. IShIDni o‘z armiyasi, soliq tizimi, shtab-kvartirasi va poytaxti bor «davlat» sifatida qarasak, bu davlat yakson etildi. IShIDning tayanch qarorgohi bo‘lgan Raqqa 17 oktabr kuni Suriyadagi Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ittifoqchi kuchlar tomonidan egallangandi, undan avvalroq esa AQSh bosh xalqaro koalitsiya ko‘magida harakatlangan Iroq armiyasi Mo‘sulni ishg‘ol qilgandi. 2014 yil yozida Abu Bakr al-Bag‘dodiy aynan Mo‘sulda yangi davlat tuzilganini e'lon qilgandi.

Hozirga kelib IShID tashkiliy tuzilma sifatida mavjudligini yo‘qotdi, jangarilar tasarrufida avvalgi hududlarning atigi 3 foizi qolmoqda. IShID rahbari katta ehtimol bilan o‘tgan vaqt davomida jangarilar pozitsiyalariga berilgan ko‘p sonli aviazarbalar vaqtida halok bo‘lgan. Uning qayerdaligi haqida hech qachon aniq ma'lumot bo‘lmagan, oxirgi bir yil ichida uning o‘limi haqida juda ko‘p martalab xabar berildi, ammo hech qachon bu xabarlar tasdiqlanmadi.

IShIDni kim mag‘lub etdi?

Suriya, Iroq, Rossiya, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya, shuningdek muxolif kuchlar hamda kurdlarning harbiy bo‘linmalari. Suriyada Bashar Asad armiyasini Rossiya keng miqyosda qo‘llab-quvvatladi, ammo Suriya hukumati nafaqat IShIDga, balki muxolif guruhlarga qarshi ham ayovsiz kurash olib bordi va bu kurashda Rossiya ham qatnashdi. Iroq armiyasi o‘z yerlarini jangarilardan AQSh boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari yordamida ozod qildi. Iroqdagi 5 mingdan ortiq amerikalik harbiy kontingent ham bu ishda ishtirok etdi. IShID ustidan g‘alabaga barcha tomon o‘z hissasini qo‘shdi, Rossiya va AQSh bu jarayonda muvofiqlikda harakatlandi.

Suriyani bombalash to‘xtaydimi?

Hozir emas. Suriya va Iroqdan hech kim ketmoqchi emas. Suriyada AQShning 2 ming nafardan ortiq harbiysi bor, bu harbiylar Suriya shimolida Pentagon qancha istasa, shuncha vaqt qoladi. Rossiya ham o‘z bazalarini — Xmeymim aerodromi va Tartusdagi harbiy-dengiz portini kengaytirishni mo‘ljallamoqda.

Bundan tashqari, IShID Suriya hududidagi yagona jangari guruh emasdi. Mamlakatda «Tahrir al-Shom» tashkiloti faoliyatini davom ettirmoqda. Bu guruhni Suriyaning «Al-Qoidasi» ham deyishadi. Bu guruh Suriya hukumatiga ham, IShIDga ham va boshqa muxolif guruhlarga ham qarshi kurashib kelgan. Tashkilot harbiylarining aniq soni ma'lum emas, ammo Idlib viloyatida shu guruh a'zosi bo‘lgan bir necha ming jangari harakatlanadi.

Hozir Suriyada nimalar ro‘y bermoqda?

Mamlakatning asosiy qismi Bashar Asad nazoratida. Shimoldagi hududlar esa «Suriya Kurdistoni» yoki Rojava deb nomlanadi va bu hududni arab-kurd alyansi - «Suriya Demokratik kuchlari» nazorat qiladi. AQSh bu muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlaydi, qo‘shni Turkiya esa bu hududda kurdlar davlati tuzilishiga qattiq qarshilik qilib keladi. Bashar Asad qachondir bu hududni yana o‘z ixtiyoriga qaytarishga umid qiladi. IShID ustidan g‘alaba qozonilgan ekan, tez orada Suriya birlashtirilishi va mamlakatda tinchlik o‘rnatilishiga ham umid qilish mumkin.

Jangarilarning taqdiri nima bo‘ladi?

Pentagon ma'lumotiga ko‘ra, Suriya va Iroqda IShIDning 3 ming nafarga yaqin jangarisi qolgan — bu esa 2015 yildagiga qaraganda 10 barobar kam, bir yil oldin IShID o‘z hududlarini kengaytirish uchun chor tarafga qarab hujum qilib borayotgandi. Jangarilarning ko‘pchiligi o‘ldirildi (AQSh ma'lumotlariga ko‘ra, 60-70 ming nafar atrofida terrorchi o‘ldirilgan), yana ko‘pchilik vataniga qaytib ketgan. Jangarilar Turkiya orqali Yevropaga qaytishdi va terrorchilik faoliyatini davom ettirishdi. Shu tariqa, IShID «Al-Qoida» kabi muayyan markazsiz terrorchilik tarmog‘iga aylandi. IShID yangi hududlarni egallash uchun qo‘shinga va boshqa resurslarga ega emas, ammo terrorchilarga hech narsa Yevropa va Amerika shaharlarida teraktlar sodir etishga, yangi tarafdorlar yollashga to‘siq bo‘la olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: