Xitoy suv tozalovchi superbakteriya ishlab chiqarmoqda

Fan-texnika 17:34 / 15.12.2017 6810

2015 yilda oqava suvlarga nisbatan qat'iy qoidalar kuchga kirdi. Ular chiqindilarni tartibga solish, tozalash texnologiyalarini joriy qilishni rag‘batlantirish va ekologiya qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni oshirish kabilarni o‘z ichiga oladi. Bu choralar shundoq ham yer narxi va ishchi kuchining qimmatlashganidan zarar ko‘rayotgan Xitoy korxonalari uchun ortiqcha tashvish bo‘ldi. Kompaniyalar inqirozni chetlab o‘tish maqsadida ishlab chiqarishni avtomatlashtirishi yoki yangi tozalash texnologiyalariga murojaat qilishi kerak. 

Ifloslantiruvchi vositalarning eng asosiy manbalaridan biri Xitoy to‘qimachilik sanoati hisoblanadi. U arzon kiyimlarni ishlab chiqaradi, biroq buning evaziga keng ko‘lamli ifloslanish yuzaga keladi. Jamoatchilik bosimi ostida H&M, Zara, Nike va Adidas kabi jahonning yetakchi brendlari suv sifati standartlarini qabul qilishgan va 2020 yilga borib, xavfli kimyoviy moddalar chiqindilari ko‘rsatkichini nolga tenglashtirishga erishishni rejalashtirishgan. Biroq iste'molchilar uchun narxlarni oshirmay, bunga erishishning iloji yo‘q. 

Bakteriyalardan foydalanish hal qiluvchi qaror bo‘lishi mumkin. TAL kompaniyasi matolarni yuvishda kimyoviy moddalar o‘rniga mikroorganizmlarni qo‘lladi va bu chiqindilarni 80 foizga qisqartirdi. Kompaniya avval bakteriyalarni boshqa laboratoriyalarda sotib olgan, biroq o‘tgan yili DNKni  tartibga solishga asoslangan va "superbakteriyalar"ni topishga yo‘naltirilgan, narx va samara bo‘yicha muqobillarni ortda qoldiruvchi shaxsiy tadqiqot dasturini yo‘lga qo‘ydi. 

Tadqiqotchilar ikki yil ichida muvaffaqiyatga erishishmoqchi. Shundan so‘ng ular ishlanmalarini boshqa kompaniyalar bilan bo‘lishishadi. Bunday qaror ayni muddao bo‘ladi, zero aksariyat ishlab chiqaruvchilarda suv tozalash tizimlarini o‘rnatish va modernizatsiya qilishga yetarli mablag‘ yo‘q. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ularning ko‘pchiligi yangi talablardan ancha zarar ko‘rmoqda va yopilish xavfini his qilmoqda. 

Xitoy chiqindilarni muammo deb hisoblaydi, lekin to‘g‘ri yondashuv ularni qimmatbaho xomashyoga aylantirishi mumkin. Masalan, Toyota qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan elektr energiyasi va vodorod ishlab chiqarmoqchi. 

Ko‘proq yangiliklar: