Amerikalik ayol soppa-sog‘ bolasini kasalga chiqargani uchun qamoqqa olindi

Jahon 21:51 / 15.12.2017 8200

AQShning Texas shtatida yashovchi Keylen Bouen farzandini davolovchi shifokorlardan shikoyat tushgandan keyin qamoqqa olindi. Bu haqda Fox News telekanali xabar bermoqda.    

Shifokorlarning aytishicha, ayol farzandi Kristoferning sog‘lig‘idan shikoyat qilib, 8 yil ichida 323 marta turli tibbiyot markazlariga murojaat qilgan. Bu vaqt ichida bola 13 ta jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirgan.

Aniqlanishicha, bola soppa-sog‘ bo‘lgan, unda onasi ta'kidlagan birorta kasallik topilmagan.

Keylin 3 farzandga ega. U to‘ng‘ich farzandi Kristoferda go‘dakligidanoq tug‘ma irsiy kasallik borligini, saratonga uchraganini hamda davolash kerak bo‘lgan ko‘plab mayda yara-chaqalarga egaligini aytib kelgan. Hozirda ayolning uch farzandini mahalliy hukumat o‘z vasiyligiga olgan. 

Ayol uning farzandini nogironlar aravachasida olib yurishlarini, trubkacha orqali ovqatlantirishlarini, sun'iy nafas qurilmasini qo‘yishlarini talab qilgan. Bu ham yetmagandek, ona bolasiga o‘pka ko‘chirib o‘tkazishni tashkillashtirishga uringan hamda bu maqsadda internetdagi kraudfanding platformasi orqali mablag‘lar to‘plashni yo‘lga qo‘ygan.

Bolaning otasi Rayan Kroufordning ta'kidlashicha, u rafiqasining bu “jonkuyarligiga” tegishli idoralar e'tiborini qaratishga, sud orqali rafiqasini tinchlantirishga uringan, biroq sud rafiqasining yonini olgan.  

Bu haqda 2015 yilda Xyustondagi shifoxona bong ura boshlagan. O‘shanda shifokorlar bola tug‘ilgan Dallas shahridagi boshqa bir shifoxonaga ushbu holat yuzasidan so‘rov yuborishgan. U yerda bolaning onasini ko‘plab yolg‘on arizalari va mojarolaridan keyin eshitmay qo‘yishgani aytilgan. Ayol farzandining “davolanishi” uchun maxsus yaratilgan jamg‘armadagi mablag‘larni sarflagan. 

Hozirda politsiya ushbu holat yuzasidan tergov olib bormoqda. Ayol esa ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turilibdi. Unga farzandi bilan ko‘rishish taqiqlab qo‘yilgan. Hozirda bola otasi bilan yashamoqda va sun'iy nafas qurilmasisiz, o‘zi mustaqil ravishda ovqatlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: