2021 yilga borib samolyotlar 75 foizga bosmadan chiqqan detallardan iborat bo‘ladi

Fan-texnika 14:12 / 15.12.2017 6650

Aviasozlik 3D-bosma texnologiyalari uchun noyob soha hisoblanadi. Bu yerda, masalan, tibbiyot sohasidagidek kompaniyalar ko‘p emas, lekin shunga qaramay, eng katta pullar aynan shu yerda va ular yirik siljishlarni kutmoqda. Hozircha 3D-bosmani aviasozlikda u qadar keng ko‘lamda qo‘llanmaydi, biroq prototiplarni bosmadan chiqarishda, asbob-uskunalar va cheklangan miqdordagi detallarni tayyorlashda mazkur texnologiyadan  foydalanilmoqda. 3ders shu haqida xabar berdi. 

Samolyot ishlab chiqaruvchilar 3D-texnologiyani yanada keng tatbiq qilishdan keladigan foydani hisoblab chiqishmoqda. Masalan, Boeing hisob-kitoblariga ko‘ra, titandan tayyorlanuvchi komponentlarning o‘zini bosmadan chiqarish har bir 787 Dreamliner samolyotida 2 milliondan 3 million dollargacha tejash imkonini berar ekan. Gap shundaki, printer kamroq chiqindi qoldiradi, unga kamroq metall talab qilinadi. Bugungi kunda kompaniya samolyotlarida 50 mingga yaqin 3D-printerlarda bosmadan chiqqan detallar qo‘llaniladi. 

Gartner taxminlariga ko‘ra, 2021 yilga borib yangi tijorat va harbiy samolyotlarning dvigatel va fyuzelyajlari o‘rtacha 75 foizga bosmadan chiqqan detallardan iborat bo‘ladi.  

Foto: 3ders.org

Rejalarga ko‘ra, yangi texnologiyalar faqatgina samolyotlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Ular, shuningdek, raketasozlikka ham ta'sir ko‘rsatadi. Ilon Mask va Jyeff Bezosdan ketgan muhandislar tomonidan asos solingan Relativity Space startapi kosmik raketalarni ishlab chiqarish uchun ulkan 3D-printerlarni qo‘llaydi. Avstraliyalik muhandislar esa reaktiv dvigatellarni muvaffaqiyatli loyihalashtirib, 3D-printerdan chiqarishdi va sinovdan o‘tkazishdi. 

Foto: 3ders.org

Boston Consulting Group xalqaro konsalting kompaniyasining prognoziga ko‘ra, 3D-bosma jahon bozori 2020 yilga borib 15 milliard dollarni tashkil qiladi (bugungi kunda - 5 milliard dollar), 2035 yilga borib esa 350 milliard dollargacha, ya'ni 70 karra o‘sadi.

Ko‘proq yangiliklar: