«O‘zingiz zerikmadingizmi?». Putinni «boboy» deb atashdi va «2-raqamli siyosatchi» haqida so‘rashdi 

Jahon 15:30 / 14.12.2017 57529

Rossiya prezidenti Vladimir Putin katta matbuot anjumani davomida «bay-bay» so‘zini «boboy» so‘zi bilan adashtirib yubordi.

Putin savollardan biriga javob qaytarar ekan, kimningdir plakatida «Putin bay-bay» so‘zlarini ko‘rganini yodga oldi.

Aslida esa u yerda «Putin boboy» deb yozilgan bo‘lgan. Plakatni ushlab o‘tirgan jurnalist ayolning aniqlik kiritishicha, «boboy» tatar tilidan «buva» deb tarjima qilinadi, hamda Tataristondagi bolalar Putinni aynan shunday deb chaqirishar ekan. Putin jurnalist ayolning til siyosati haqidagi savoliga javob qaytargan.

Shuningdek Vladimir Putin nima uchun uning prezidentligi davomida Rossiyada «ikkinchi raqamli siyosatchi», muxolifatdan nomzod paydo bo‘lmagani haqidagi savolga javob qaytardi.

Life jurnalisti Putinga shunday savol bilan murojaat qilgan: «Sizning o‘zingiz zerikmadingizmi?».

«Eng oddiy izoh shunday bo‘lgan bo‘lardi – mening o‘zim o‘zimga raqobatchilarni tarbiyalay olmaymanku», - degan Putin.

Shu bilan birga, uning tan olishicha, siyosiy muhit raqobatga to‘la bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p o‘ylaydi. Prezident bunga harakat qilishga va'da bergan.

Bundan tashqari, Putin nega aksariyat odamlar muammoni hal qilishda faqat prezidentga murojaat etishni ma'qul ko‘rishlari haqida ham aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lda boshqarish haqidagi uydirma bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Biroq uning ta'kidlashicha, mintaqalarda «ko‘p holatlarda uddasidan chiqilayotgani yo‘q», lekin aynan shuning uchun ham matbuot anjumanlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Uning ta'kidlashicha, «to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruv» mintaqalardagi ishlarni yanada tartibga solishda qo‘l keladi. U mintaqalar rahbarlari bilan fuqarolardan kelib tushgan muammolarni muhokama qilishiga e'tibor qaratdi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin biznesni haddan tashqari kuchli nazorat qilish va korrupsiya haqidagi savolga ham javob qaytardi.

Putinning ta'kidlashicha, birinchidan, biznesni tekshirishlardan 2-3 yillik «ta'tillar» joriy etilgan. Rejali tekshiruvlar soni qisqarmoqda. Rejadan tashqari bo‘lganlari miqdori esa – rejadagilarning 30 foizidan oshmasligi kerak.

«Umuman olganda, mening fikrimcha, shunday o‘zgarishlardan so‘ng vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda», - deya ma'lum qildi Putin.

Boshqa masala, Putinning so‘zlariga ko‘ra, - bu huquqni muhofaza qilish organlari ishi bo‘lib, u yerda «hozircha yaxshi tomonga katta o‘zgarishlar ko‘rinayotgani yo‘q».

«Murakkab savol. Yashirib o‘tirmayman. Bu yerda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganidan ko‘nglim to‘lmoqda, deb ayta olmayman», - deya qayd etib o‘tdi Putin.

Ko‘proq yangiliklar: