O‘zbekiston taraqqiyotida yangi bosqich. Bir yillik faoliyatga nazar

O‘zbekiston 11:10 / 14.12.2017 22196

«Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatning Shavkat Mirziyoyevning bir yillik faoliyatiga bag‘ishlangan «Hayotdan mamnunlik saodati» sarlavhali tahliliy maqolasi «Xalq so‘zi online» saytida e'lon qildi.

Bundan bir yil muqaddam — 4 dekabr kuni xalqimiz xalqaro huquq me'yorlariga mos ravishda, o‘z xohish-irodasini ochiq-oshkora namoyon qildi. Yurtdoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz berar ekan, bu inson rahbarligida tinch va osuda hayot kechirishimiz, farovonlik, yuksak taraqqiyotga erishishimiz muqarrarligini his etishdi.

Xalqimiz shuuridagi aynan shu ishonch, qalbidagi his-tuyg‘u nechog‘li to‘g‘ri hamda haqqoniy ekanligini Amerika Qo‘shma Shtatlarining 4,2 millionlik auditoriyaga ega «Real Clear World» nashrida e'lon qilingan maqola muallifi Jyeyms Durso ham alohida qayd etib o‘tdi: «Shavkat Mirziyoyev mamlakat Prezidenti etib saylangan kundan boshlab O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo‘ydi». E'tibor bering, jahonning eng mashhur siyosiy nashridagi bu e'tirof shunchaki baho emas.

Binobarin, 365 kun hayot charxpalagida bir lahza, xolos. Ammo shu qisqa fursat orasida bajarilgan ishlarning, yechimini topgan muammolarning ko‘lami nihoyatda keng. Yurtboshimiz ilgari surayotgan tashabbuslar xalqimiz tomonidan yakdillik ila qo‘llab-quvvatlandi. Zotan, har bir ezgu tashabbus inson manfaatlariga qaratilgani bilan ahamiyatli va qadrlidir.

O‘zbekiston rahbari o‘z g‘ayrat-shijoati, bunyodkorlikka intilish salohiyati bilan barcha fuqaroni ezgu maqsadlar sari yetaklamoqda. Hayratga solarli darajadagi shijoat barchaga namuna bo‘lib, ularni yangi marralar sari ruhlantirayapti. Zero, belgilab olingan shiddatli sur'atga mos holda, yuz berayotgan voqea-hodisalar ortidan “ulgurish” uchun ishga yangicha yondashuv talab qilinadi. Davlat rahbarining ezgu g‘oyalari ro‘yobga chiqayotgani, iqtisodiy qudratimiz tobora ortib, ijtimoiy sohalar rivojlanib borayotganini ommaviy axborot vositalarida aks ettirish ham ana shuni talab qiladi. Mamlakatimiz oldida turgan galdagi vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish asnosida xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish eng asosiy o‘rinni egallaydi hamda bunda har bir yo‘nalish muhim va dolzarbdir. Islohotlarning jadal amalga oshirilayotganining guvohi bo‘layotgan yurtdoshlarimiz o‘z manzilu makonlarida bu jarayonga faol kirishmoqdalar.

— Jamiyatda ko‘tarinkilik sezilib turibdi, — deydi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti (AQSh) rahbari Frederik Starr jurnalistlarning O‘zbekistonda Prezident saylovidan keyin yuz bergan o‘zgarishlar haqidagi savoliga javob qaytarar ekan. — Kelajakka ishonch hissi kun sayin kuchaymoqda. Odamlar mavhum so‘zlar emas, balki amaliy qadamlarga bajonidil munosabatini bildirmoqda. Bu holatni nafaqat rasmiy doiralarda, ayni paytda fuqarolar orasida kuzatish mumkin. Bunday kayfiyat, albatta, katta-kichik amaldorlarda bo‘lishi tabiiy. Lekin oddiy kishilarda bunday ruhiyat uyg‘onishi boshqa narsa. Aynan ana shu omil natija berishi juda muhim hisoblanadi.

Yutuqlar yo‘lini ko‘rsatuvchi ustunlar

O‘zbekiston rahbari dastlabki kunlardanoq mustaqillik g‘oyalarini izchil ro‘yobga chiqarish hamda uni mustahkamlashni eng asosiy burch va shior sifatida o‘rtaga tashladi. Bu tezislar Shavkat Mirziyoyevning boy hayotiy tajriba, amaliy bilim hamda ko‘nikmalar, respublikamiz fuqarolari uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga nisbatan keng qamrovli yondashuv asosida ishlab chiqilgan Saylovoldi dasturida yaqqol ifodasini topdi.

Mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari chuqur tahlil qilingan, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash hamda tashqi siyosatda yangicha yondashuvlar aks etgan bu dasturda 130 dan ziyod millatlar va elatlarni jamlagan O‘zbekiston xalqi shunday istiqbolni ko‘rdiki, hatto butun dunyoda murakkab siyosiy jarayonlar, to‘qnashuvlar kechayotgan bir davrda ham respublikamiz tinchlik va o‘zaro totuvlikning mustahkam qo‘rg‘oni sifatida rivojlanib boraveradi. O‘zbekistonni o‘zining aziz va jonajon Vatani, deb bilgan yigirmaga yaqin diniy konfessiyalar vakillari mamlakat buguni va ertangi kuniga o‘z taqdiri, farzandlari kelajagini bog‘lagan holda katta ishtiyoq va g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishdilar.

Shu o‘rinda aytish joizki, Saylovoldi dasturi davlat tuzilishining barcha jihatini qamrab olgan bo‘lib, yaxlit holda, bir-biriga o‘zaro ta'sirini hisobga olgan mazmunda aks etgan edi. Ma'lumki, puxta o‘ylangan siyosiy qarorlar qudratli iqtisodiyot asosiga quriladi. O‘z navbatida, ijtimoiy va gumanitar sohalar ham unga tayanadi. Zamonaviy voqelik ham shunday yondashuvni talab etadi. Ammo ayrim ekspertlar bu holatda tanlangan dastur teskari yo‘nalishga aylanib ketishidan ehtiyot bo‘lish kerakligi xususida ham ogohlantirishadi. Ya'ni iqtisodiy jihatdan qudratli, lekin ma'nan zaif jamiyat -tashqi ta'sirlar ostida mafkuraviy immunitetini yo‘qotib qo‘yishi, rivojlanish yo‘lidan chalkashib ketishi ham hech gap emas.

Dasturda qayd etilganidek, davlatimiz taraqqiyoti yo‘lida uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlarning har tomonlama tahlili asosida hayotning barcha sohasini o‘z ichiga olgan beshta ustuvor yo‘nalish ko‘rsatildi. Bu yo‘nalishlar mavjud muammolarni bartaraf etish, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan edi. Bir oz vaqt o‘tib, ushbu masalalar 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topdi. Hujjatning puxta ishlab chiqilgan bandlari kutilgan yutuqlar sari olib boradigan sermashaqqat yo‘lda aniq ko‘rsatkichga aylandi.

— Men O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini diqqat bilan o‘rganib chiqdim, — deydi Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasining a'zosi Muhammad Iltaf Shayx. — Bu jiddiy hujjatda O‘zbekistonning kelgusidagi rivoji hamda puxta o‘ylangan, tinchliksevar tashqi siyosati mujassam. Ana shunday yondashuvlar bugungi kunda o‘zining amaliy samaralarini ko‘rsatmoqda.

Besh raqam va besh yil

Beshta ustuvor yo‘nalish. Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun besh yil ajratilgan. Xo‘sh, bu raqam ortida qanday ramziy ma'no bor?

Xayolimizdan o‘tadigan birinchi fikr: besh — bilimga beriladigan eng yuqori bahodir. O‘quvchi kundaligidagi bu baho topshiriqning a'lo darajada bajarilganidan darak beradi. Islom dinida ham besh asosiy arkon mavjud. Olimpiya o‘yinlarining emblemasini ko‘z oldingizga keltiring-a, u besh qit'ani anglatuvchi beshta halqadan iborat. Biror narsani sanar ekanmiz, beixtiyor barmoqlarimizni bukamiz. Ularning soni har bir qo‘limizda beshtadan. Demak, bu raqam birlashtiruvchi, barcha jihatni qamrovchi, shu bilan birga, yengillik, aniqlik va lo‘ndalik kabi xislatlarga ega, desak bo‘ladi.

Tafakkur qilsak, mazkur dasturiy hujjat nafaqat yutuqlarga erishish rejasi, balki uning maqsadlari Nukusdan Andijongacha, Termizdan Toshkentgacha — hamma-hammaga tushunarli ekanini anglab yetamiz. Strategiya, bu — o‘ziga xos yangi milliy g‘oya. Undagi beshta yo‘nalishning har birini amalga oshirish uchun xalqimiz bir musht bo‘lib harakat qilishi kerak bo‘ladi. Mana, raqamlarning siri nimada. Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib Strategiyamizni butun dunyoga tanitar ekan, uni ishlab chiqishda biz o‘zimizga chetdan nazar tashlab, salohiyat va imkoniyatimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik, deb aytdilar.

Mamlakatimizning bosh «yo‘l xaritasi»da belgilangan muddat ham o‘ta dolzarb. Mutaxassislarning e'tirof etishicha, besh yil — bu yirik loyihalarni yakuniga yetkazish, diqqatni eng asosiy, muhim jihatlarga qaratish, mavjud resurslar va ishlab chiqarish kuchlarini to‘g‘ri taqsimlash, jahon iqtisodiyotining xususiyatlarini hisobga olish uchun juda qulay muddat. Mana shu besh yillik davr ko‘p sohalarda katta rol o‘ynaydi. Masalan, qishloq xo‘jaligida o‘rtacha hosildorlik ko‘pincha besh yillik ko‘rsatkichlar asosida hisoblab chiqiladi. Bundan tashqari, u yirik kontseptual g‘oyalarni bosqichlarga bo‘lish uchun mos keladi. Aynan shu bois Fransiya, Koreya Respublikasi, Xitoy singari rivojlangan davlatlar besh yilga mo‘ljallangan o‘rta muddatli vazifalarni bajarishga e'tibor beradilar.

Bizning yurtimizda ham ushbu dasturiy hujjat bandlarini ro‘yobga chiqarish atrofimizdagi voqelikning tubdan o‘zgarishiga xizmat qilayapti. O‘tgan bir yil ichida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning o‘ziyoq mamlakatimiz o‘z yetakchisi rahbarligida pirovard maqsadlar sari dadil odimlar bilan borayotganini ifodalab turibdi. Aynan Harakatlar strategiyasi islohotlarni amalga oshirishdagi eng asosiy nuqtalarni belgilab berdi va bunda bosh maqsad O‘zbekiston xalqining, har bir fuqaroning manfaatlarini ta'minlashdan iborat ekanligini ko‘rsatdi.

Yuksak e'tirof, munosib tashabbuslar

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, bir yilda ro‘yobga chiqarilgan ishlarni faqat sanab o‘tishning o‘ziga ham yuzlab sahifa kamlik qiladi. Xorijlik ekspertlar Shavkat Mirziyoyevning eng muhim yutuqlari sifatida qo‘shni mamlakatlar bilan chegara masalalarining hal etilishi, milliy valyuta konvertatsiyasining ta'minlanishi, mamlakatda inson huquqlariga rioya etilishi, o‘arb OAV va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatilganini e'tirof etishmoqda. O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar bilan bir qatorda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar, shu jumladan, AQSh, Yevropa ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya bilan hamkorlikni faol kengaytirmoqda. Yuqorida sanalgan mamlakatlarning oxirgi uchtasiga davlat tashriflari yakuniga ko‘ra, turli loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 50 milliard dollarga yaqin bitimlarga erishildi. Mazkur shartnomalar o‘z hajmi va mazmuniga ko‘ra mislsizdir.

Mamlakatimizga chet el investitsiyalari, ayniqsa, iqtisodiy va valyuta siyosati liberallashtirilishi jarayonida yanada faol jalb qilinayotgani nihoyatda muhimdir. Chunki ilgari shu qulayliklar yo‘qligi sababli respublikaga sarmoya kiritmoqchi bo‘lganlar bundan ochiqchasiga hayiqishar edi. Mazkur sohadagi islohotlar, qolaversa, biznesni ro‘yxatga olish, minoritar aksiyadorlarni himoya qilish, soliqqa tortish sohasida, elektr ta'minotiga ulanish bo‘yicha hayotga tatbiq etilgan o‘zgarishlar tufayli O‘zbekiston Jahon bankining «Biznesni yuritish — 2018» reytingida 13 pog‘ona ko‘tarilib, 74-o‘rinni egalladi. Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchikning aytishicha, mamlakatda islohotlarni amalga oshirish maqsadida hukumat tomonidan qat'iy choralar ko‘rilayapti. Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida O‘zbekiston milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga o‘tish jarayonida aholi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha barcha zarur chorani ko‘rganini qayd etdi.

O‘zbekiston rahbari bir yil davomida nafaqat mamlakatda, balki butun Markaziy Osiyo bo‘ylab savdo va biznesni jonlantirishga erishdi. Binobarin, Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishi lozim. Joriy yil boshidan buyon Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatlar rahbarlari bilan davlat, rasmiy va amaliy tashriflar, xalqaro forumlar doirasida 16 marta uchrashgani ham ushbu ezgu maqsadning amaliy tasdig‘idir. Ular bilan telefon orqali muloqotlar soni 20 dan ortdi.

Samarqand shahrida tashkil etilgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiya mintaqa davlatlari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash, siyosiy muloqotlarni kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur tadbirda qatnashgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini mustahkamlash va rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganini ta'kidladi. Uning fikricha, bunga O‘zbekiston Respublikasining ayni davrdagi tashqi siyosati ham xizmat qilayapti. Bu siyosat mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, muammoli masalalar yuzasidan oqilona murosaga erishish, barqaror taraqqiyot uchun keng ko‘lamli sharoitlar yaratish maqsadini ko‘zlaydi.

— Forumda o‘zaro hamkorlik istiqbollarini boshqacha tasavvur qilgan biror kishi topilmasdi, — deb yozgan edi ozarbayjonlik siyosatshunos Ilgar Velizade o‘zining mualliflik sahifasi qismida. — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi forumning markaziy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbari o‘z nutqida mintaqa oldida turgan olti ustuvor vazifani ta'kidladi. Ularni ayni paytda O‘zbekiston tashqi siyosatining yaqin istiqboldagi “yo‘l xaritasi” sifatida ham ta'riflash mumkin.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan pragmatik tashqi siyosat, ayniqsa, qo‘shnilar bilan munosabatni yaxshilashga qaratilgan sa'y-harakatlar “Uz Kor media group” kompaniyasi muharriri Cho Chol Chyonni Janubiy Koreyada 50 ming nusxada chop etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitobni yozishga ilhomlantirdi.

Janubiy koreyalik muallif o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi bilan bog‘liq muammolarning hal etilishi ikki mamlakat xalqlari uchun nechog‘li muhimligini alohida qayd etar ekan, Toshkent va Dushanbe shaharlarini bog‘laydigan havo yo‘li qayta yo‘lga qo‘yilgani, Turkmaniston bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganiga alohida urg‘u beradi.

— Ishonchim komilki, Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining davlat rahbari sifatidagi serqirra faoliyatini qancha tahlil qilsang, kam, — deb yozadi Cho Chol Chyon. — Fikrimcha, aynan shunday inson xalqaro hamjamiyatning yuksak e'tirofi va jahondagi tinchlikka qo‘shgan ulkan hissasi uchun Nobel mukofoti sovrindori bo‘lishga munosib. Shu bois Prezident janoblarining faoliyatiga bag‘ishlangan tahliliy asarlarni har yili nashr etib, erishilayotgan yutuqlarni -xalqaro hamjamiyatga keng yoyishdek ulkan maqsadim bor. Ayniqsa, davlat tashrifidan so‘ng Yevropa davlatlari, AQSh va Xitoydan bu inson haqida ijobiy fikrlarni eshitishga muvaffaq bo‘lib, maqsadim yanada qat'iylashdi.

Yangi davrning yangi odimlari

Albatta, keyingi bir yilda erishilgan marralar haqida so‘zlar ekanmiz, O‘zbekistonda boshlangan yangi davrning o‘ziga xos belgilari, xususiyatlarini aytib o‘tmaslikning iloji yo‘q. Bu belgilar “Xalq bilan muloqot” tushunchasidan kelib -chiqadi.

Yangi qadamning mohiyati “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilda o‘z ifodasini topdi. Hokimiyat va fuqarolar o‘rtasidagi muloqot umuman boshqacha ko‘rinish kasb etdi hamda jamiyatda adolatni qaror toptirib, rahbar va amaldorlarni aholiga yaqinlashtirdi.

Davlat rahbarining Virtual qabulxonasini xorijliklar noyob adolatparvarlik instituti, deb e'tirof etishdi. Bu bejiz emas. Shu paytga qadar unga va Prezidentning barcha viloyat, shahar hamda tumanlardagi Xalq qabulxonalariga 1,4 milliondan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Ariza va takliflarning soni hamda mazmuni o‘zbekistonliklar davlat rahbariga va yangi demokratik tamoyillariga mos xalq institutiga naqadar ishonishidan dalolat berib turibdi.

Yangi mexanizm yordamida nafaqat yuz minglab odamlarning muammolari hal etildi, balki murojaatlar turli sohalardagi ahvolni o‘rganish uchun bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Ariza, shikoyat hamda takliflar, shuningdek, davlat rahbarining viloyatlarga tashrifi davomida mahalliy aholi bilan shaxsan o‘tkazgan uchrashuvlari asosida aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish, tizimli ravishda ahvolni yaxshilash va kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati tug‘ilayapti.

Misol uchun, farzandlarini bolalar bog‘chasiga joylashtirishda muammoga duch kelgan ota-onalarning ko‘plab murojaatlari tufayli Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil qilindi. Vazirlik maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, jihozlash, mutaxassislar bilan ta'minlash uchun mas'uldir.

Yoki bo‘lmasa, yoshlar siyosati masalasini olaylik. Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yigit-qizlar yangi tashkil etilgan, katta vakolatlarga ega O‘zbekiston yoshlar ittifoqi atrofiga birlashdilar. U yoshlarga fan va ijod sohasidagi iqtidorini ro‘yobga chiqarish, yetakchilik qobiliyatini yanada shakllantirishga ko‘maklashadi. Ta'lim tizimida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu esa har tomonlama rivojlangan, mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasblarni egallagan, innovatsion tafakkur sohibi bo‘lgan yangi avlod tarbiyasini yuqori bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, farzandlarimizni yot g‘oyalar ta'siridan asrashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda, buning uchun “Jaholatga qarshi ma'rifat” g‘oyasi ilgari surildi. Ahamiyatlisi, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar buyuk ajdodlarimizning boy ma'naviy merosiga asoslanmoqda.

Quvonchlisi, kattalarga hurmat ma'nosida ham an'analarga sodiq ekanligimiz ko‘zga tashlanayapti. Shu maqsadda faxriylarimizning salomatligi, mazmunli hordiq chiqarishi haqida g‘amxo‘rlik uchun mas'ul bo‘lgan tashkilotlarning faoliyati qayta ko‘rib chiqildi. Prezidentimizning kuni kecha e'lon qilingan Farmoni nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishni ko‘zda tutadi. Aholi tomonidan juda ko‘p shikoyatlar tushgan sog‘liqni saqlash, dori vositalari bilan ta'minlash borasida ham ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Hozirgi kungacha dolzarb sanalgan yana bir soha — huquq-tartibot organlari faoliyati ham davlat rahbarining qat'iy nazoratida. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, odamlar o‘zini qiynagan muammosi bilan, eng avvalo, ichki ishlar organlariga, profilaktika inspektorlariga murojaat qiladigan va har bir xodimda o‘z himoyachisini ko‘ra oladigan bo‘lishi kerak. Xuddi shunday adolatli talab boshqa barcha sohaning har bir bo‘g‘inida ishlayotgan rahbar hamda mas'ul xodimga ham tegishlidir. Yangicha yondashuvlar asosida ishlash, oddiy odamlarning tashvishi bilan yashash, topshirilgan vazifani bajarishda javobgarlikni his qilib, fidoyilik namunasini ko‘rsatish bugungi kunda har qanday faoliyatning bosh mezonidir, deydi davlatimiz rahbari.

Prezident saylovidan keyin o‘tgan bir yil shu qadar boy va sermahsul bo‘ldiki, ro‘y bergan yangilanishlarni bir maqolada sanab o‘tishning imkoni yo‘q. Xayrli tashabbuslar xalqimizni ezgu maqsadlarga, bunyodkorlikka yetaklayapti. g‘ayratiga g‘ayrat, kuchiga kuch qo‘shmoqda. O‘tkazilgan tadqiqot hamda so‘rovlar ham Prezidentimizga bo‘lgan yuksak ishonchni tasdiqlayotgani ertangi kunga bo‘lgan qudratli ishonchning aniq ifodasidir. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tashkil etgan so‘rov qatnashchilari davlat rahbari orzu-umidlarini oqlaganini ta'kidlab, shu orqali katta obro‘-e'tibor topgani va xalq hurmatini qozonganini, mamlakatimizning chinakam Yo‘lboshchisi bo‘lganini e'tirof etishmoqda. Bu yil nihoyasiga yaqinlashmoqda. Muhimi, ko‘nglimiz tinch va xotirjam, ko‘zlarimizda qat'iyat, yuragimizda shiddat. Bu esa xalqiga hamda Vataniga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilayotgan Prezidentimiz bilan birga yorqin kelajak sari dadil qadam tashlashimizda muhim omil bo‘layapti.

O‘tkir RAHMAT.

Ko‘proq yangiliklar: