Toshkent va viloyatlar markazlarida harbiy marshlar tashkil etiladi

O‘zbekiston 20:40 / 14.12.2017 17032

O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni har qachongidan o‘zgacha ko‘rinishda, haqiqiy bayramona tarzda nishonlanadi. Bayram munosabati bilan Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida harbiy bo‘linmalar ishtirokida marshlar tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Azizbek Ikromov Milliy matbuot markazida tashkil etilgan anjumanda bayonot berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy bosh qo‘mondon, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 7 dekabrdagi farmoyishi bilan “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy, madaniy tadbirlar, harbiy ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etiladi. Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, endilikda harbiylar va xalq o‘rtasida shaffoflik hamda hamkorlikni kuchaytirish maqsadida vatanparvarlik ruhidagi anjumanlar yil davomida tashkil etiladi. 

“Joriy yilning dekabr oyi va 2018 yilning yanvar oyining birinchi o‘n kunligida Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida o‘quvchi yoshlarni jalb qilgan holda, ular uchun zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslaha namoyishi, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari bilan chiqishlari, shuningdek, “Vatanparvar” mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkilotining festivallarini tashkil etish rejalashtirilgan”, - deya bayramni keng nishonlash dasturi haqida ma'lum qildi vazir o‘rinbosari. 

Ikromovning qayd etishicha, avvallari Vatan himoyachilari kunini nishonlash bir oy davom etgan bo‘lsa, endi bu kabi harbiy-vatanparvarlik tadbirlari, davlat rahbari topshirig‘iga binoan, yil mobaynida tashkil etiladi. 

“Yana bir yangilik. Bu safar harbiy orkestr sadolari ostida Toshkent shahri va viloyatlar markazlarining katta ko‘chalarida harbiy marshlar uyushtiriladi. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi Xalqaro Press-klubda 14 yanvar arafasida shaffoflikni ta'minlash maqsadida muloqot o‘tkazadi”, - dedi Ikromov. 

Shu bilan birga, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida sport marafonlari, barcha o‘rta ta'lim va kasb-hunar maskanlarida harbiy-vatanparvarlik aksiyalari, tanlovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.  

Ko‘proq yangiliklar: