Toshkent – O‘sh. O‘zbekiston va Qirg‘iziston muhim kelishuvga erishdi

O‘zbekiston 09:58 / 14.12.2017 38041

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashuv chog‘ida transport qatnovi borasida kelishib olganliklarini ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, tomonlar avtobus yo‘nalishlarini ochish, nafaqat Bishkek-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviareyslarni, balki Toshkent-O‘sh yo‘nalishida ham parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar. «Juda katta ehtiyoj bor. Biz Bishkek va Toshkent o‘rtasida aviareyslar qatnovini ikki barobarga ko‘paytirishni istaymiz. Bunga ehtiyoj bor», - dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha kelishuvlar mavjudligini ham xabar qildi. «Qirg‘izistonda Issiq-Ko‘l noyob ko‘li bor. Xalqimiz biz aviareysni yo‘lga qo‘yishimizni xohladi, ammo biz shunga kelishib oldikki, Issiq-Ko‘lga qadar temir yo‘l yo‘nalishini ham ochamiz. Odamlar qo‘shnilarda shunday ajoyib joy bor bo‘lsa, nega ular uzoqqa borishlari kerak. Transport-logistik masalada biz katta yutuqlarga erishdik», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyevning, shuningdek, ta'kidlashicha, «biz chegara masalalari bo‘yicha ham oldinga siljidik». Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlarning xohish-irodasi kerak bo‘ladigan masalalar ham bor. «Menimcha, u bizda bor. Biz bir yil davomida chegaraning 85 foizini hujjatlarga tushirdik, tasavvur qilyapsizmi. Bu faqat yo‘lning boshidir. Asta-sekin hujjatlarga tushiramiz», - dedi u.

Sooronbay Jeenbekov 13 dekabr kuni Toshkentga keldi. Bu uning prezident sifatidagi birinchi rasmiy tashrifidir. Jeenbekov poytaxtdagi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. U shuningdek birinchi prezident Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasini ham ziyorat qildi va uning haykali poyiga gul qo‘ydi.

Ko‘proq yangiliklar: