Saudiya Arabistonining Afinadagi elchixonasiga hujum qilindi

Jahon 20:25 / 14.12.2017 7551

Afinada “Rubikon” guruhi anarxiyachilari Yamanning bombardimon qilinishiga norozilik sifatida 14 dekabr erta tongda Saudiya Arabistonining Gretsiyadagi elchixonasiga hujum qilishdi. Ular qo‘riqchilar o‘tiradigan budkani buzib, elchixona hududiga narsalar uloqtirishgan. 

Hujum videosi va guruhning bayonoti anarxiyachi tashkilotlar portallarida joylashtirilgan.

Ta'kidlanishicha, videodan hujumda voqea joyiga mototsikllarda kelgan va shlemlarda bo‘lgan, kamida 6 kishi ishtirok etganini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

“Rubikon” bayonotida aytilishicha, guruh Saudiya Arabistoni qirollik oilasi o‘rnatgan feodal qonunlar hamda uning bu qonunlarni butun Yaqin Sharqqa va qolgan davlatlarga yoyish istagiga qarshi norozilik bildirgan.

Bayonotda aytilishicha, IShID hozirda amalga oshirayotgan qabihliklar Saudiya Arabistonida o‘nlab yillardan beri, butun dunyo ko‘z o‘ngida yuz bermoqda. Anarxiyachilarning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistonida qullik 1962 yildagina bekor qilingan va u faqatgina qog‘ozda yo‘q qilingan. Amalda esa iqtisodiy muhojirlar haqiqiy qullik sharoitlarida yashamoqdalar.

“Saudiya Arabistoni neftdan olingan dollar bilan butun dunyoning sabrini sotib olmoqda”, deyilgan bayonotda. Anarxiyachilar Gretsiya hukumatining Saudiya Arabistoniga o‘q-dorilar sotish rejalarini tanqid qilishgan.

Bayonotda ta'kidlanishicha, Saudiya Arabistoni “Yamanda noma'lum urush olib bormoqda”, u yerda “o‘n minglab odamlar uchun haqiqiy jahannamni” yaratgan. “Yamanda ommaviy qirg‘in mavjud. G‘arb OAV bu haqda imkoni boricha sukut saqlaydi”, deyilgan bayonotda.

Joriy yilda “Rubikon” guruhi turli muassasalar va binolarga o‘nlab marotaba bostirib kirgan. 17 noyabrda anarxiyachilar Gretsiya mudofaa vazirligi hududiga kirib, bosh shtab binosiga kirishmoqchi bo‘lishgan, oktabrda esa Ispaniyaning Afinadagi elchixonasiga bostirib kirishgan.   

Gretsiyaning siyosiy partiyalari yetakchilari bunday holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytishgan va anarxiyachilarni to‘xtatish uchun choralar ko‘rishni talab qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: